Kamchiliklar ustida ko‘proq ishlashimiz lozim


601     18.04.2025

Turizm haqiqatan ham milliy iqtisodiyotimizning drayveriga aylanmoqda. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 1,4 milliard kishi xorijga sayohatga chiqqan va bu xalqaro turizm sanoatining rekord ko‘rsatkichi sifatida baholangan.

Tahlilchilarning fikricha, jahon turizm sanoati 2030-yilga borib, besh yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 50 foizga o‘sishi kutilayotgani ham bejiz emas. Ayniqsa, turizmning aholini ish bilan ta’minlashdagi o‘rni oshib borayotgani e’tiborga molik. O‘tgan yili ushbu tarmoqda dunyo bo‘ylab 360 millionta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu esa jami ish o‘rinlarining o‘ndan birini tashkil qiladi.

Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekistonimizning ham yuqoridagi raqamlarda o‘ziga xos ulushi bor desak xato bo‘lmaydi. Buning isbotini yurtimizga kelayotgan xorij sayyohlari sonidan ham bilsa bo‘ladi. 2023-yili qariyb 7 million xorijlik sayyoh mamlakatimizga kelgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich ilk bor 10 milliondan oshdi. Turizm eksporti 1,6 karraga ko‘payib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Eng asosiysi, o‘tgan 8 yilda sohaga 6,5 milliard dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni tashkil etildi.

Lekin yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiati imkoniyatlarini chamalasak, bu ko‘rsatkichlarni ikki- uch barobarga oshirish mumkinligi ko‘rinadi. 9 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham milliy turizm salohiyatidan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilinib, to‘siqlarni tezroq bartaraf etish, joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga shart-sharoitlarni yaxshilash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

To‘g‘ri, mamlakatimiz turizm salohiyati “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallar, xalqaro ko‘rgazmalarda keng targ‘ib qilinyapti.

Yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Yuzdan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz kirish, yana 60 ga yaqin davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron

viza tartibi joriy etildi. Turizm kompaniyalariga yengilliklar berilyapti.

Lekin tan olishimiz lozim, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar yetarli.

Turizm manzillariga olib boruvchi ko‘plab yo‘llarimiz ta’mirtalab, joylarda transport, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari talab darajasida emas. Ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmaydi. Imkoniyatlarimizni targ‘ibot- tashviqot qilish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Videoselektorda ana shu kamchiliklardan kelib chiqib, mutasaddilarga 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Har oyning bir shanba- yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni”, deb e’lon qilindi. Bunday imkoniyatlarni yaratish evaziga bu yil 15 million turistni jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Yig‘ilishda madaniy meros obyektlari bilan bog‘liq masala ham muhokama qilindi. So‘nggi 4 yilda 327 ta shunday majmua restavratsiya va konservatsiya qilindi. Ammo yana 485 ta obyekt ta’mirtalabligicha qolyapti. Bu ishlarga xususiy sektorni jalb etib, biznes loyiha qilish mumkinligi, madaniy meros obyektlarini ijaraga

berishni takomillashtirish, ularga tushumlarni raqamlashtirish, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Bunday vazifalar shubhasiz “Milliy tiklanish” vakillari, ayniqsa, deputatlarga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, turizm maskanlari - mehmonxonalar, madaniy meros, transport obyektlari, ko‘ngilochar maskanlarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha qonunchilik doirasida deputatlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytiryapmiz. Yaqinda partiyamizning dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, fraksiyamiz a’zolari, poytaxtlik mahalliy deputatlar hamrohligida bir nechta soha va tizimlar faoliyatini o‘rgandik.

Xususan, Markaziy temiryo‘l vokzalida bo‘lib, bugungi ishlar bilan tanishdik. Sohada erishilayotgan ijobiy ishlar, qo‘lga kiritilgan natijalarni har qancha e’tirof etsak arziydi. Ayni paytda turizm rivojiga xizmat qiladigan ishlar oz emasligini ham ta’kidlash joiz. Demak, videoselektorda ta’kidlanganidek, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Bas shunday ekan, yutuqlarni unutib, kamchiliklar ustida ko‘proq ishlashimiz kerak.

 

Otabek JIYANBAYEV,
Toshkent shahar Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati