663 18.04.2025
7-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tgan yilgi natijalar va joriy yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda 2024-yili turizm xizmatlari eksportidan 3,5 mlrd. dollar tushgani, lekin bu mavjud imkoniyatlarimizga mos emasligi ta’kidlangan edi.
Masalan, Malayziya va Indoneziyada Naqshbandiya tariqatining 7 millionga yaqin izdoshlari bor. Ular Umraga borishdan oldin ziyoratgohlarimizga sayohat qilishni istashadi. Bu sayyohlarni Kuala-Lumpur yoki Jakartadan Samarqand va Buxoroga kamida 2 kunga olib kelib, keyin o‘z samolyotlarimizda Umraga yuborish uchun barcha sharoitlar bor. Shundan kelib chiqib yig‘ilishda mutasaddilarga Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari uchun «Umra plyus» turpaketini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Qolaversa, Shahrisabzda «Oqsaroy» Xivada «Ichan qal’a», Buxoroda «Labi hovuz», Toshkentda «Yangi O‘zbekiston» maydonlari bo‘lsa-da, ularda na konsert, na ko‘rgazma va na forumlar o‘tkazish rejalashtirilmaganini qanday baholash mumkin? Agar o‘zimizdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi san’atkorlarning konsertlari tashkil etilsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlaridan sayyohlar foydalana boshlashadi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 mln. turistni olib keladigan konsert, biznes forum va ko‘rgazmalar o‘tkazish dasturini ishlab chiqish yuklatildiki, shubhasiz, bu ham sohani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Albatta, biron bir sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlamay turib, rivojlantirib bo‘lmaydi. Turizm yo‘nalishi ham bu talabdan mustasno emas. Shu ma’noda, Prezidentimizning 2016-yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, aynan shu hujjat bilan milliy iqtisodiyotda ilk marotaba turizm sohasiga strategik sektor maqomi berildi. Natijada yurtimizda turizmning xorijiy hamda ichki turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi yondosh sohalari va tarmoqlari ham rivojlana boshladi.
Yana bir fikr: ushbu sohaga strategik tarmoq maqomining berilishi bilan esa uni iqtisodiyotning yetakchi kuchiga aylantirish, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish hamda diversifikatsiyalash, ish bilan bandlikni ta’minlash, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Soha va tizimlar rivojida malakali kadrlarning roli beqiyos, albatta. Shu bois yurtimizda masalaning ushbu jihatlariga ham alohida e’tibor qaratilyapti.
Ta’kidlash joizki, turizm boshqa sohalardan farqli o‘laroq amaliyot bilan keng uyg‘unlikni talab etadi, tayyorlanayotgan mutaxassislar faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, amaliy ko‘nikmalarni ham o‘zlashtirishlari kerak bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 26-apreldagi «Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada dasturilamal vazifasini o‘tayapti, deyish mumkin. Unga binoan, amaliyotda ilmiylikni oshirish, amaliyotning nazariya bilan integratsiyasini yo'lga qo'yish maqsadida mamlakatimizdagi 11 ta oliy ta’lim muassasasi viloyatlar va 31 ta tuman hokimi bilan birgalikda ushbu tumanlar hamda ulardagi 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontentini yaratish, ular asosida 12 ta tilda turizm paketlarini ishlab chiqish, turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning esa kamida 2 oylik amaliyotini ushbu hududlarda tashkil qilish hamda servis obyektlari ishchilarini o‘qitib berishi belgilangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga biriktirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Ellikqal’a tumanlarida universitetning professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari va iqtidorli talabalari tomonidan turizm sohasini rivojlantirish maqsadida amaliyot vakillari bilan birgalikda keng qamrovli izlanishlarga kirishildi.
Shuningdek, universitetda iqtisodiyot, marketing, turizm, mehmonxona xo‘jaligini tashkil qilish va boshqarish yo‘nalishlarida talabalarning malakaviy amaliyotlarini ushbu tumanlardagi turizm hamda madaniy meros obyektlarida o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda. Qoraqalpog‘istondagi maktablar va kasb-hunar muassasalarida turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarga, ayniqsa, turizmning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ahamiyatini keng tushuntirish maqsadida davra suhbatlari hamda turli muloqotlar uyushtirilyapti.
Biriktirilgan tumanlardagi sayyohlik obyektlarining tizimli tahlili o‘tkazilib, yangi kontentlar yaratilyapti. Hududdagi turizm obyektlari, tarixiy-madaniy yodgorliklar, turistik marshrutlar, joylashtirish vositalari hamda umumiy ovqatlanish shaxobchalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar boyitilib, xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda, ular to‘g‘risida axborot beruvchi va turli xizmatlarni jamlagan mobil ilovalar hamda platformalar yaratilyapti. Ushbu tumanlarga sayyohlarni keng jalb etish va ularni hududda uzoqroq muddat qolishlariga sharoit yaratish maqsadida mahalliy turizm tashkilotlari bilan hamkorlikda jozibador hamda qiziqarli bo‘lgan turizm paketlari ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumki, Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyatini oshirish, xorijlik va mahalliy sayyohlarni hududga kengroq jalb qilish maqsadida 2023 yildan Ellikqal’a tumanida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan mahalliy hokimliklar va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!» shiori ostida «Sahro sadosi», Xo‘jaylida «Mizdakxon — mukaddas va sirli maskan», Taxtako‘pirda esa «Orol baliqlaridan 99 tur taomlar» kabi festivallar o‘tkazilmoqda. Ularda ko‘plab mahalliy va xorijlik sayyohlarning ishtiroki ta’minlanyapti.
Gid-tarjimon hamda ekskursiya yetakchilari uchun esa turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratib berilyapti. Bundan tashqari ularningturistlarning oldida o‘zlarini tutishi, nutqi va kiyinish madaniyati, turizm obyektlari to‘g‘risidagi yetarli ma’lumotlarni bilishi hamda ularni sayyohlarga yetkazishi, ziyorat odobi, tarixiy obyektlarda ekskursiya olib borishning uslubiy asoslari, diniy maskanlarda ekskursiya o‘tkazish texnikasi, uslublari va tarbiyaviy ahamiyati borasida batafsil ma’lumotlar beradigan qo‘llanmalar ham ishlab chiqildi.
Shuningdek, professor- o‘qituvchilarimiz tomonidan turizm va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarining o‘quv rejalari hamda dasturlari tayyorlandi. Bu asosda Taxtako‘pir, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlaridagi turizm va servis xodimlarining malakasini oshirish, mahalliy aholini turizm sohasiga jalb qilish hamda ularning bandligini ta’minlash maqsadida tizimli tarzda seminar-treninglar o‘tkazilyapti.
Eng asosiysi, yuqorida qayd etilgan tumanlarda marketing tadqiqotlari olib borilmoqda. Natijada soha rivojiga ta’sir qiluvchi bir qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, ushbu tumanlardagi 21 ta turistik obyekt mavjud sayyohlik yo‘nalishlariga kiritilmagani, Ellikqala tumanida ekologik, agro, ov hamda sohil turizmi, arxeologik turizm, Taxtako‘pirda sog‘lomlashtirish turizmi, Xo‘jaylida ziyorat turizmi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rinib qoldi. Eng yomoni, hududlarning sayyohlik salohiyati jahon axborot tarmoqlarida deyarli targ‘ibot qilinmagan.
Mazkur tumanlarda gid- ekskursovodlar yetishmasligi sabab sayohatchilarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati past darajada, mavjud turistik obyektlar atrofida turizm infratuzilmasi (sanitariya- gigiyena shaxobchalari, WI-FI zonalar, yo‘l ko‘rsatkichlar) qoniqarli darajada emasligi aniqlangach, mas’ullar bilan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rila boshlandi.
Bundan tashqari, sohaga ilmiy tadqiqotlarni keng jalb qilish maqsadida Turizm qo‘mitasi, uning tizim tashkilotlari bilan hamkorlikda Ellikqal’a, Xo‘jayli va Taxtako‘pir tumanlarida soha bo‘yicha eng muammoli bo‘lgan ilmiy tadqiqotlarning namunaviy mavzulari ro‘yxati shakllantirildi.
Professor-o‘qituvchilar hamda izlanuvchilar tomonidan ushbu mavzular bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilayotir. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm boshqarmasi, tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ilmiy loyihalar (grantlar) tanlovi o‘tkazila boshlandi. Milliy turizm sohasi va uning rivoji haqida gap ketganda, eng avvalo, Davlatimiz rahbarining 2024-yil 7-fevraldagi «Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2024-yil 18-iyuldagi «Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarini tilga olish lozim. Zero, ularda nazariya bilan amaliyot o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish, yirik xo‘jalik birlashmalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlovchi kafedralarning filiallarini tashkil etish hamda amaliy mashg‘ulotlar va malakaviy amaliyotlarga korxona hamda tashkilotlarning yetuk mutaxassislarini jalb qilish kabi o‘ta dolzarb vazifalargacha belgilab qo‘yilgan.
Ana shu talablardan kelib chiqib, Turizm qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bunga asosan Turizm qo‘mitasida universitetning Turizm va mehmonxona biznesi kafedrasi filiali tashkil qilindi, ma’ruzalar hamda amaliy darslar soha mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Doktorant hamda mustakil izlanuvchilarni ilmiy tadqiqot ishlarining muhokamalari va dissertatsiya ishlari himoyasi ushbu qo‘mitada ochilgan filialda o‘ta boshladi.
Shuningdek, Turizm va mehmonxona yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv rejalari hamda dasturlarni ish beruvchilar bilan kelishish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Dual ta’lim asosida Turizm hamda mehmonxona biznesi kafedrasida dars berish uchun amaliyot bo‘yicha 8 nafar professor- o‘qituvchi jalb etilib, darslar, asosan amaliyot bazalarida olib borilayotir. Sohadagi yangiliklar, me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar bilan tanishtirib borish maqsadida esa har oyda bir marta turizm va mehmonxona biznesidagi yetuk amaliyotchi mutaxassislar tomonidan professor- o‘qituvchilar, talabalar uchun seminar-treninglar hamda mahorat darslari o‘tila boshlandi.
Umuman, turizm sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, mijozlar talabini qanoatlantiradigan hamda xorijiy mamlakatlarning ta’lim muassasalari bilan raqobatlasha oladigan kadrlarni yetishtirish kelajakda sohani rivojlantirish, xorijiy sayyohlarning mamlakatimizga tashrifi oshishiga, eng asosiysi, Yangi O‘zbekistonning kelajagi yorqin bo‘lishiga xizmat qiladi.
To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati
“Xalq so‘zi” gazetasining 12-aprel sonidan olindi.