485 19.04.2025
Keyingi 5 yilda ishbilarmon ayollar safi ikki barobarga kengayib, mustaqil faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin- qizlar soni 205 mingdan oshibdi. E’tibor bering, birgina 2023-yilda 279 mingdan ziyod tadbirkorlik loyihalariga 13 trillion so‘mdan ortiq kredit, qariyb 57 ming nafar xotin-qizga esa salkam 300 milliard so‘m subsidiya ajratilgan ekan. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, 400 mingdan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan...
Bundan ko‘rinadiki, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki yil sayin ortib, 2017-yildagi 27 foizdan 2024-yilda 35 foizga yetgan. Aytish kerakki, amaldagi qonunchiligimiz takomillashtirilganidan keyin bu boradagi imkoniyatlar yanada kengaydi. Masalan, Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi belgilangan.
Joylarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida «Ayollar daftari» bo‘yicha 1 trillion 234 milliard so‘m hisobidan qariyb 994 ming xotin-qizning muammosi hal etilibdi.
Bu ishlarni «Milliy tiklanish» partiyasining viloyat kengashi misolida olib qarasak, 2025 yilning birinchi choragida «Xizmat- beminnat» loyihasi doirasida 100ga yaqin ayollar kasb-hunarga bepul o‘qitilganini, ularning 48 nafari ayni paytda mustaqil faoliyat yuritayotganida ko‘rinadi. Shu o‘rinda viloyatimizdagi partiya a’zolari soni 45 230 nafar bo‘lgani holda, uning 21 ming nafari xotin-qizlar ekanini ta’kidlash joiz. «Siyosatchi ayollar klubi»ga viloyatdagi barcha korxona, tashkilotlarda xizmat qilayotgan siyosatga qiziquvchi opa- singillarimiz ham jalb etilyapti. Shu o‘rinda yana bir ma’lumot: 2024 yilda mahalliy kengashlarga saylangan 46 nafar deputatning 17 nafari ham ayollardir.
Ta’kidlash joizki, «Milliy tiklanish»ning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hozirgacha 91 ta sayyor qabul o‘tkazildi. Bunda asosiy e’tibor deputatlarimiz tomonidan aholining hayotiy muammolarini bosqichma-bosqich hal etishga qaratilyapti.
Nazokat SAPAROVA,
partiyaning Sirdaryo viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish”gazetasining 2025-yil 16-aprel sonidan olindi