Yangiliklar

319 03-08-2022
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz”
Inson hamisha ozodlik va hurriyatga intilgan, tinch va osoyishta yashashga, tahlikalardan uzoqroq bo‘lishga harakat qilgan. Tarixdan maʼlumki, bu tabiiy ehtiyojga osonlikcha erishilmagan. Shu bois, odamlar Mustaqillik, Istiqlol, Hurriyat degan ulug‘ neʼmatning qadr-qimmatini asrashni, himoya qilishni vatanparvarlik burch sifatida bilganlar. Kerak bo‘lsa bu yo‘lga jon berib, jon olganlar.
Ayniqsa, bugungi globallashayotgan, tezkor o‘zgaruvchan zamonda ayrim mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar, yirik davlatlar tahdidi, natijasini oldindan bilib bo‘lmaydigan voqea-hodisalar har doim Mustaqillikning qadrini yanada chuqur his qilishimiz, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Tinchlik va osoyishtalik har narsadan bebaho, har narsadan qadrli ekanini yanada ko‘proq anglayapmiz. Doimo xushyor va sergak bo‘lishimiz lozimligini his qilyapmiz.
Xudoga shukr, jannatmakon o‘lkamiz – O‘zbekistonda shunday murakkab va tahlikali vaziyatlarga qaramay so‘nggi yillarda ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Har qanday vaziyatda ham bir yoqadan bosh chiqarib, muammolarni muzokaralar, bamaslahat hal qilishni qadriyat darajasida bilgan xalqimiz yurt taqdiri va kelajagiga befarq emasligini ko‘rsatib, huquqiy, erkin, demokratik, xalq manfaatiga asoslangan jamiyatini barpo qilish yo‘lida islohotlarda faol ishtirok etmoqda.
“Inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosiga qurilgan 2022-2026- yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar hayotiyligini taʼminlashda fidokorlik ko‘rsatmoqda. Bunday xalqqa, albatta, to‘yu tomoshalar, xursandchilik yarashadi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ham shu maqsadda qabul qilingan bo‘lib, unda xalqimizning milliy bayrami – Istiqlol shodiyonalariga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuksak darajada va munosib nishonlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bu yilgi istiqlol bayrami “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oya ostida o‘tkaziladi. Davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan respublika Komissiyasi tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi asosida mamlakatimizning barcha hududlarida, eng chekka qishloq va ovullarida ham bayram tantanalarini keng nishonlash choralarini ko‘radi.
Aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab maʼrifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Ularda so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, yurtimizda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar targ‘ib qilinadi.
Bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan dasturlarimizning ijobiy natijalari ko‘rsatiladi. “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi anʼanaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.
Umuman, Qarorda bayram bayramdek o‘tishi uchun zarur bo‘lgan barcha vazifalar belgilanib, bu borada tegishli idoralarga topshiriq va tavsiyalar berildi.
Laziz HASANOV,
xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashi deputati