784 23.04.2025
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-16 aprel kunlari Andijonga tashriflari hududning yangi taraqqiyot yo‘li hamda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi yangi shaharning paydo bo‘lishi va shaharning barqaror rivojlanishiga yo‘l ochib berdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Davlatimiz rahbari Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olamga mashhur ajdodlarimiz borligini, ular O‘zbekiston farzandi ekanini hech qachon unutmasligimiz kerakligini va o‘zligimizni anglab, shonli tariximizni yosh avlodga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, ulug‘ bobolarimizga munosib bo‘lib yashasak, Yangi O‘zbekistonni ham, Uchinchi Renessansni ham albatta qurajagimizni ta’kidladi. Bobur shahrining umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lib, hududining eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning yangi, muhtasham haykali o‘rnatiladi. Bu yerda 500 ming aholi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, shahar milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etadigan ma’naviy maskanga, ta’lim va ilm-fan shahriga, yoshlarimiz uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, nafaqat vodiy, balki mamlakatimizning turizm va madaniyat markaziga, “yashil infratuzilma” asosida qurilgan zamonaviy “smart-siti”, ya’ni, aqlli shaharga aylanadi. Zero, Bobur shahri milliy madaniyat va san’atimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgu ham bo‘lishi zarur.
Shu o‘rinda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili Bobur shahrida rassomlar festivali o‘tkazilishi belgilanganini aytish joiz. Eng quvonarlisi, g‘oliblarga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil berilishi ma’lum qilindi.
Yana bir gap: bilamizki, mamlakatimizda salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan maktab direktorlari rag‘batlantirilyapti. Prezidentimiz tomonidan ushbu tizim texnikumlarda ham joriy qilinishi e’lon qilindi.
“Bugun Andijon rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim vazifalarni belgilab oldik, barcha masalalarga to‘xtalib, viloyat uchun zarur mablag‘larni ham hal etdik. Agar barchamiz bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ish olib borsak, yutuqlarimiz yanada ko‘payadi, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi bo‘lmaydi, Andijon yanada obod bo‘ladi”, -dedi Yurtboshimiz.
Shu o‘rinda Davlatimiz rahbari tomonidan partiyamizning saylovoldi dasturida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiluvchi bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilganini alohida ta’kidlashni istardim.
Xususan, Xonoboddagi Kampirovot, Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallalarida turizm maskanlari tashkil etilib, sayyohlar uchun o‘ziga xos sharoitlar yaratiladi. Umuman, bu yil 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakunlash, 3,5 million nafar xorijiy va mahalliy sayyohni jalb etib, turizm eksportini 200 million dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi.
Bu esa nafaqat mahalliy hokimliklar, balki barcha bo‘g‘indagi deputatlarimiz zimmasiga ham katta ma’suliyat yuklaydi.
Hamidjon OMONOV, Andijon viloyat Kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 23-aprel sonidan olindi