229 24.04.2025
Chunki keyingi yillarda iqtisodiy murakkablik indeksida mamlakatimizning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilanib, 105-o‘rindan 80-o‘ringa ko‘tarildi. Bugun 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz “dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega”. Shuningdek, so‘nggi yillarda eksport hajmi 2,2 barobarga oshdi. Tashqi savdo aylanmamiz esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi. Bu milliy iqtisodiyotimizning tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda xalqaro salbiy ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan zarur huquqiy, tashkiliy va amaliy choralar ko‘rilayotgani, 3 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashilib, muammolar o‘rganilganda eng ko‘p masala standart va sertifikatsiya tizimiga oid ekani ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, mamlakatimizdagi 25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Bu eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layapti” va korrupsiyani keltirib chiqaryapti. Ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani sababli ishbilarmonlar sarson bo‘lyapti. Investorlar esa ko‘pgina laboratoriyalarimizning talabga javob bermasligini, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini bejiz ta’kidlashmayapti. Bizdagi laboratoriyalar xulosasi chet ellarda tan olinmayotgani ham tanqid qilinyapti.
Yig‘ilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, ishbilarmonlarning takliflari asosida tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolangani e’lon qilindi va unda texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, karantin idoralarining mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilanishi ko‘rsatilgani ta’kidlandi.
Takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar esa bosqichma-bosqich bekor qilinadigan bo‘ldi.
Ma’lumki, shu paytgacha qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgan edi. Endi - 1 iyuldan boshlab, birorta tovarning eksportiga cheklov bo‘lmaydi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kiruvchi xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi, xolos. Yig‘ilishda soliq, bojxona bo‘yicha ham tadbirkorlar manfaatiga xizmat qiluvchi muhim qarorlar qabul qilinib, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan tortib, hokimlargacha ishlab chiqaruvchi va eksportyorlar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, mavjud muammo va kamchiliklarni tezroq hal qilish zarurligi ta’kidlandi. Bunday sharoitda esa faqat o‘z kuchimizga tayanib, ichki imkoniyatlardan samarali foydalangan holda hamjihat, bir kuch bo‘lib dadil qadam tashlasakkina, kutilgan natijalarga erishamiz. Zero, maqsadimiz ezgu: inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyat - Yangi O‘zbekistonni barpo etishdir.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 23-aprel sonidan olindi