Kiberjinoyat: undan kim? qanday himoyalanishi mumkin?


95     13.06.2024

   Keyingi o‘n yilda butunjahon axborot tarmog‘idan foydalanuvchilar soni qariyb ikki barobarga oshgani va 5 milliard fuqaroning Internetdan foydalanayotgani aytilmoqda. Ammo bir yaxshining bir yomoni bor deganlaridek, raqamli texnologiyalar rivojlangani sari kiberxavfsizlik masalasi ham kun tartibiga chiqdi.

     Ya’ni, shaxsiy ma’lumotlardan tortib, moliyaviy tranzaksiyalar va hatto davlat sirlarigacha kiberhujumlar nishoniga aylandi.

     Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda har 40 soniyada bitta kiberjinoyat sodir etiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020-yili dunyo iqtisodiyoti kiber jinoyatdan 1 trillion dollar zarar ko‘rgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6 trillion dollarga yetgan. Bu esa kiberjinoyatning allaqachon global muammoga aylanganini ko‘rsatadi. Unga qarshi kurashish uchun esa axborot xavfsizligini yanada kuchaytirish, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish, shuningdek qonunchilikni kuchaytirish lozim bo‘ladi.

     Global axbort tarmog‘ining bir bo‘lagi hisoblangan O‘zbekiston ham bunday muammolardan holi emas.

     Mamlakatimizda 2023-yilning 11 oyida 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan va uning 70 foizi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari ekani xabar qilinyapti. Birgina Toshkent shahrining o‘zida keyingi ikki yilda kiberjinoyatlar soni 40 barobarga oshgan.

     Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019-2022 yillarda kiberjinoyatlar 8,3 baravarga ko‘payib, umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foizini tashkil qilgan. Bular asosan noqonuniy bank-moliya operatsiyalari orqali plastik kartadagi mablag‘larni o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, onlayn savdo maydonidagi firibgarliklardir.

     Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 50 dan ortiq to‘lov tizimining barchasi ham kiberxavfsizlik talablariga javob bermaydi.

     Xo‘sh, kiberjinoyatdan qanday himoyalanish mumkin? Bu borada davlat tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda, sohaga doir qonunchilikda qanday o‘zgarishlar yuz beryapti?

     Alohida ta’kidlash joizki, 2022 yilning 15 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun nihoyatda muhim hujjat bo‘lib, aynan ana shu qonun kiberxavfsizlik bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solyapti.

     Ana shu hujjatda IT texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik uchun jarimalar miqdori keskin oshirildi.

     Plastik kartalar hamda bank hisob raqamlaridan pul o‘g‘irlash og‘irlashtiruvchi holatga tenglashtirilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bunday jinoyatlar sodir etganlarni esa ozodlikdan mahrum qilish muddati yanada kuchaytirildi.

     Ammo shunga qaramay, bunday jinoyatlardan himoyalanish eng avvalo o‘zimizga bog‘liqligini ta’kidlash joiz. Bugun plastik kartalardan pul o‘g‘irlash asosan SMS xabar va qo‘ng‘iroqlar orqali amalga oshirilayotgan ekan, hech qachon telefoningizga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik yuborilgan SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni begonalarga bermang. Aks holda firibgarlar bank kartangizdagi pul mablag‘lariga osongina ega chiqadilar yoki ularni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Agar firibgarlik holatlaridan gumoningiz bo‘lsa, darhol sizga xizmat ko‘rsatuvchi bankka xabar bering. Xullas, avvalo o‘zimiz hushyor bo‘lmas ekanmiz, bizni bunday jinoyatlardan hech kim asrab qololmaydi.

     Alisher QOSIMOV,
     partiya Markaziy kengashi bosh mutaxassisi
     “Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 3-iyul sonidan olindi