105 27.06.2024
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan “Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda milliy va xalqaro tajriba” mavzusida I Xalqaro onlayn forumi o‘tkazildi.
Forumda partiyaning “Yoshlar qanoti” va Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, 10 dan ortiq davlatlardagi siyosiy partiyalar “Yoshlar qanoti” vakillari hamda parlament aʼzolari, Yoshlar ishlari agentligi, SHHT xalq diplomatiyasi markazi, “Bilim karvoni” tashkiloti, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stependiantlari hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hududiy Kengash rahbar va masʼul xodimlari, deputatlar ishtirok etdi.
Forum joriy yilning boshida Osiyo siyosiy partiyalarining xalqaro konferensiyasi boshchiligida hamda Mo‘g‘uliston Xalq partiyasi mezbonligida “Biz, parlamentda yoshlarga ha deymiz” shiori ostida o‘tkazilgan anjuman doirasida siyosiy partiyalarning Yoshlar qanotlari bilan olib borilgan muzokaralarning amaliy natijasidir.
Maʼlumki, O‘zbekiston aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Shu bois, bu masalaga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti. Mamlakatda yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilyapti.
Kuchli va faol yoshlar farovon jamiyat va davlat asosi ekanini teran anglagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z saʼy-harakatlarini yoshlarga oid siyosatni qo‘lab-quvvatlashga, yoshlarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini, salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishlari uchuni teng imkoniyatlar yaratishga qaratmoqda. Partiya elektorati bo‘lgan yoshlarning huquq va manfaatlariga taalluqli ellikka yaqin maqsad va vazifalar Saylovoldi dasturidan ham joy olgan.
Forumda “Yoshlar qanoti” faoliyati haqida maʼlumot berilib, partiya aʼzolari tarkibida yoshlarning ulushi 51 foizni, partiya boshqaruvida bu ko‘rsatkich 48 foizni tashkil etgani taʼkidlandi. Shu davrga qadar yuzdan ziyod yoshlar Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamentida qonun ijodkorligi jarayonlarida o‘z bilim va salohiyatlarini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdilar va bu jarayon bugun ham qizg‘in davom etmoqda.
Onlayn tarzda o‘tgan Forumda ishtirokchilar yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar, yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini tahlil qildilar. Yoshlar orasida siyosiy munozara va muloqot madaniyatini shakllantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, siyosiy tahlil va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yosh siyosatchilarning yangi avlodini tarbiyalash va bunday yoshlarni rag‘batlantirish, yakunda bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.