860 01.05.2025
Ayol kim o‘zi? U qay bir xatosi uchun tahqirlanyapti? Bir umr suyanib yashayman degan insonidan musht yeyish uning uchun og‘ir musibat emasmi? Nahotki, boshqalar kabi u ham baxtli yashashga haqli bo‘lmasa? Guldek umrini kimdandir qo‘rqib, kimdandir himoyalanib yashash faqat ayolning emas, barchamizning og‘riqli nuqtamiz, aslida.
Afsuski, hali ham oramizda shunday taqdirlar bor.
Shuni inobatga olgan holda yaqinlaridan qadr topmay, bir nechta farzandini bag‘riga bosib, hadik va qo‘rquv bilan kunni tunga ulayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etyapti.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda ularni tazyiq va zo‘ravonliklardan ishonchli himoya qilish imkonini beryapti. Yanada aniqroq aytsak, zo‘ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning uch bosqichli «oila — mahalla — tuman va hudud» tamoyili asosida yangi tizim joriy etildi. Boshqacha aytganda, endi har bir mahallada ijtimoiy xodim profilaktika inspektori bilan birgalikda tazyiq holati mavjud bo‘lgan xonadonni o‘rganadi va doimiy kuzatib boradi.
Tuman darajasidagi shifoxonalarning shoshilinch bo‘limlarida «Birlamchi ko‘mak xonalari» tashkil etilib, bu yerga tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki shunga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uch kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladigan bo‘ldi. Ularga aynan shu yerning o‘zida shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan, ruhiy va psixoterapevtik ko‘mak beriladi va hatto yuqumli kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida tahlillar o‘tkaziladi. Eng asosiysi, barcha xarajatlar davlat hisobidan qoplanadigan bo‘ldi. Viloyatlardagi reabilitatsiya markazlarida esa ularga 6 oygacha boshpana berilib, chuqur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Jumladan, jarohatlar aniqlangan yoki xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari shikoyatiga ko‘ra, shifokor zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatadi. Ular ovqat hamda shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi hamda ruhiy holatini tekshirish uchun psixiatr ko‘rigidan o‘tkaziladi. Yana bir muhim holat: bunday ayollar bilan «Inson» markazi ijtimoiy xodimlari suhbatlashadi hamda ularning xohishiga ko‘ra, psixologik xizmat, qonunchilikka muvofiq huquqiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Himoya orderini olishga ham amaliy ko‘mak berishadi. Yo‘qotilgan hujjatlar qayta tiklanib, kasb-hunar o‘rganish istagini bildirgan ayollarga monomarkaz va kasb-hunarga o‘qitish markazlariga yo‘llanma beriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning bugungi tamoyillari har birimizdan «Jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishning murosasiz muhitini yaratish kerak,»ligini talab etmoqda.
Shu o‘rinda respublika bo‘ylab 192 ta tuman va shaharda tazyiq hamda zo‘ravonliklardan jabr- langan shaxslar uchun tunu kun ishlaydigan «Birlamchi ko‘mak xonalari» tashkil etilganini aytish joiz. To‘g‘ri, bunday qulayliklarning yaratilishi muammo to‘liq bartaraf bo‘ldi, degani emas. Bu faqat og‘riqli asoratlarni tezkor davolash bilan birga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning ham oldini olishga xizmat qiladi. Bas shunday ekan, ayni shu masalada davlat idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini yanada mustahkamlash zarur. Toki, bu hamkorlik jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishning murosasiz muhitini yaratsin.
Zulayho KAMOLXO‘JAYEVA,
partiyaning O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi eksperti