204 26.06.2024
Qayd etish joiz, ushbu qonun loyihasi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifa va turlari, huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari belgilanyapti. Shuningdek, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilmoqda.
Fraksiya a’zosi Zumrad Bekatovaning ta’kidlashicha, qonun loyihasi bilan psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilanmoqda. Shu bilan birga, psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi taklif etilyapti.
Qayd etilganidek, taklif etilayotgan qonun loyihasi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy poydevori yaratilishi, fuqarolarning psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, mamlakatimizda xususiy amaliyot olib borayotgan psixologlarning qonuniy faoliyat olib borishi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari bola huquqlarini yanada mustahkamlash bilan bog‘liq qonun loyihasini ham batafsil muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda fuqarolar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’lim olganidan keyingina, soddaroq aytganda, maktab va litseyni tugatganidan keyin diniy ta’lim muassasalarida o‘qishi mumkinligi belgilangan. Shuningdek, qonunda xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan. Shundan kelib chiqib, qonunchilikda javobgarlik belgilangan.
Ammo keyingi paytlarda ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar qonunchilikda belgilangan normalarga amal qilmay, o‘z farzandlarini hujra yoki ta’lim berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga biriktirib qo‘yayotgani bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-2024 yillarda noqonuniy diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq 2943 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan. Ularning 57 foizi hujra sharoitida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilarning 66 foizini voyaga yetmaganlar tashkil qilgan. Natijada dunyoviy bilim va din tarixini bilmagan bunday bolalar ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikka aralashib qolib, vayronkor g‘oyalar qurboniga ham aylanishyapti. Jumladan, 2021-2024 yillarda 151 nafar voyaga yetmagan bola ana shunday jinoyatlar bilan javobgarlikka tortilgan.
Ushbu qonun loyihasi bilan bunday holatlarning oldini olish maqsadida ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarni qonunga xilof ravishda diniy ta’limga jalb etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.
Fraksiya a’zosi Umid Jabborov ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, uning juda ham muhim ekanini ta’kidladi.
- Yerlarni o'zboshimchalik bilan egallab olganlardan yerni qaytarib olish bilan muammoni hal qilish mumkin, lekin farzandlarimizning ongi, mafkurasi buzilsa, uni joyiga qo‘yish juda mushkul, - dedi deputat.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov ham ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, ushbu qonun bilan farzandlarimizga diniy ta’lim berish taqiqlanmayotganini ta’kidladi. Aksincha, bolalarimizga dinni noto‘g‘ri o‘rgatayotganlar faoliyati cheklanyapti. Dinni o‘rganish uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit yaratilgan. Masalan, farzandlarimiz diniy idora ruxsati bilan chop etilgan kitoblarni bemalol o‘qishlari mumkin. Yoki bo‘lmasa, ota-onalar yosh farzandlariga bugun Qur’oni karim oyatlarini yod oldiryapti. Kattalarni hurmat qilish, halol va harom nima ekanini ham o‘rgatishyapti. Aslida bu tushunchalar din bilan uzviy bog‘liq va bunday harakatlar taqiqlanmagan.
- Davlatning o‘zi maktablarda diniy bilimlarni o‘qitish bilan shug‘ullanishi lozim. Agar bu masalani davlatning o‘zi maktabda nazorat qilmasa, ko‘rib turganimizdek, boshqalar bolalarimizga hujralarda o‘rgatyapti. Shundan kelib chiqib, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi qadriyatlar himoyachisi sifatida yangi Saylovoldi dasturida ota-onalarning tanlovi asosida maktablarda shunday ehtiyojni davlatning o‘zi qondirish masalasini kiritmoqchi. Chunki hech bir din odamlarga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, - dedi Alisher Qodirov.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Yig‘ilishida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, yerlarni noqonuniy egallab olishning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash hamda sohada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish zaruriyati yuzaga kelyapti.
Bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yengil bo‘lgani bois yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va u yerda noqonuniy qurilishlar qilish holatlari yildan yilga ko‘paymoqda. Joriy yilning o‘zida 14 mingdan ortiq shunday holat aniqlangan. Ayniqsa, sug‘oriladigan yer uchastkalarini egallash holatlari ko‘paymoqda va bu unumdor yerlarning qishloq xo‘jaligi obarotidan chiqib ketishiga sabab bo‘lyapti.
Ushbu qonun loyihasi bunday jinoyatlarga chek qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda yerdan foydalanishga oid qonunchilikni buzganlarga nisbatan javobgarlikni yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Noqonuniy egallangan yerlarni qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash ishlarini qisqa muddatlarda tashkil etish bo‘yicha yangi normalar belgilanyapti.
Ma’lumki, yaqinda Senat tomonidan «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida» qonun loyihasi qabul qilingan edi. Unda 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlar e’tirof etishi belgilangan. Ya’ni, bu qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab berilgan edi. Ammo shunday qaramay, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari davom etmoqda.
Endi 2018 yil 1 may kunidan keyin yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 400 baravari (136 mln so‘m)gacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish BHMning 600 baravari (204 mln so‘m)gacha miqdorda jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Fraksiya a’zolari ushbu qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullab, shunday jinoyatlarni sodir etishda ishtirok etgan mansabdorlarga nisabatan ham jazo choralarini keskinlashtirish lozimligi ta’kidladilar.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda haydaladigan yer AQSHda kishi boshiga 0,60 gektar, G‘arbiy Yevropada 0,25 gektar, Osiyoda 0,13 gektar, Janubiy Amerikada 0,35 gektar, Afrikada esa 0,22 gektarni tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa kishi boshiga 0,06 gektardan ekin yeri to‘g‘ri keladi, xolos.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ham ushbu qonun loyihalari muhokama qilinib, deputatlar tomonidan birinchi va ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.