24 milliondan oshdik! Endi bu masalada jiddiy o‘ylashga majburmiz...


810     02.05.2025

O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 24 millionga yetgani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, foydalanuvchilarning 85 foizidan ortig‘i ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi.

Ha, chindan ham ijtimoiy tarmoq deyarli hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Bu makonda bizni ohanrabodek tortadigan ma’lumotlar shu qadar ko‘pki, ba’zan adog‘iga yetolmay qiynalamiz. Ko‘cha-ko‘yda ham maktab, oliygoh, bozor, do‘konlar, hatto uyda ham hammaning ermagi telefon. Kimdir shunchaki, rels ko‘rsa, boshqa birov serialni serialga ulaydi. Yana biri garchi, bema'ni, behayo bo‘lsada, jonli batllarning ashaddiy ishqibozi. Ammo achchiq haqiqat shundaki, undan to‘g‘ri foydalanish madaniyati na kattalarda, na yoshlarda shakllanmagan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugun ijtimoiy tarmoqlarda milliy madaniyat va an’analarni aks ettiruvchi sifatli va ta’sirchan ma’lumotlar yetarli emas. Natijada, aholi va ayniqsa, yoshlar milliy madaniyatdan uzoqlashib, global madaniyat ta’siriga tushib qolishyapti.

Mana oddiy bir misol: e’tibor bering, keyingi paytlarda turli dinlar mohiyatini noto‘g‘ri yoki atayin buzib talqin qiluvchi ayrim izohlar yoki ma’lum bir qatlam kishilarini obro‘sizlantirishga qaratilgan turli chaqiriqlar ko‘payib borayotir. Shuning uchun ham yoshlarni millatchilik va mahalliychilik ruhidagi, axloqsizlik, fahsh va buzuqlikni targ‘ib qiluvchi yolg‘on ma’lumotlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish nafaqat bizda, butun dunyoda ham kun tartibidagi dolzarb masalaga aylandi.

Bugun dunyoda siyosiy va diniy radikalizm, ekstremizm, qurol va odam savdosi, terrorizm, og‘ufurushlik, etnik hamda millatlararo ziddiyatlar ham asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali vujudga kelayotgani hech kimga sir emas.

Hatto siyosatchilar Liviya, Misr, Ukraina va Suriya kabi mamlakatlarda ro‘y bergan voqealarning boshlang‘ich qo‘zg‘atuvchi nuqtasi ijtimoiy tarmoqlar ekanini xavotir bilan ta’kidlashmoqda. Ushbu mamlakatlar yoshlariga Internet orqali avvaliga chetdan turib “demokratiya” qurishga ko‘maklashuvchi “xolislar” yoshlarning ongida amaldagi tuzumga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otgan...

Ammo alohida ta’kidlash joizki, endi bu o‘rgimchak to‘rini to‘xtatishning imkoni yo‘q. Undan faqat to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun vaqt ham imkoniyat ham yetarli.

Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida filtrlarni qo'llash va Internetdan foydalanishni cheklash doim ham ko‘zlangan maqsadga olib kelmaydi. Bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat, avvalo, axborot tarqatishga mo‘ljallangan saytlar faoliyatini takomillashtirish, milliy elektron axborot resurslarini boyitish va milliy ijtimoiy tarmoqlar, sifatli milliy kontentlarni rivojlantirish zarur.

Hozirda g‘oyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, badiiy, sport, harbiy-vatanparvarlik va boshqa yo‘nalishlarda milliy axborot resurslarini rivojlantirish asosiy talabga aylangan. Chunki axborot maydonida asosiy obyekt inson ongi hisoblanadi. Agar fuqarolarning axborot ehtiyoji qondirilmasa, u boshqa manba qidiradi va undagi rost-yolg‘on ma’lumotni “hazm” qiladi. Natija esa o‘zingizga malum - ma'naviy qaramlik, o'zlikdan uzoqlashish boshlanadi.

Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida milliy kontentlarni ko‘paytirish kerak. Xususan milliy kino, musiqa, adabiyot va san’at asarlari, xalqimizning Ibn Sino, Abu Nosir Forobiy, Mahmud az-Zamaxshariy, Mirzo Ulugbek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz haqidagi ma’lumotlarni Internetda tarqatish, yoshlarni milliy madaniyat bilan uyg‘unlashtirish zarur.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni nazorat qilibgina qolmay, yoshlarni Internetdagi zararli ma’lumotlardan himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarning sifatini oshirish kerak.

Zotan, axborot xavfsizligi, bugungi kunda milliy xavfsizlikning asosiy bo‘g‘inidir.

Shahlo KO‘CHIMOVA,
Ohangaron tuman Kengashi deputati,
Angren shahar Davlat xizmatlari markazi direktori

“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 30-aprel sonidan olindi