586 02.05.2025
Iqlimshunoslar yil boshidanoq issiq ob-havo kuzatilishini bashorat qilishgandi. Darvoqe, bu ham 2023-2024 yillardagi kabi El-Nino ob-havo fenomeni bilan bog'liq degan taxminlar ham yo‘q emas.
Xo‘sh, iqlimshunosu, tadqiqotchilar boshini qotirayotgan El-Nino ob-havo fenomeni nima o‘zi? Nega eng so'nggi texnologiyalar bilan ham ushbu fenomen kuzatilishini aniqlashning imkoni bo'lmayapti?
Qayd etilishicha, El-Nino Tinch okeanining ekvator qismi suvi yuza qatlami harorati tebranishini bilan bog‘liq hodisa. Olimlar halokatli yomg‘irlar, dovullar mavsumi boshlanishi yoki kuchli tropik siklon kelishini aniq bashorat qilishlari mumkin. Ammo shu kungacha keng qamrovli tadqiqotlar, uzoq muddatli kuzatuvlarga qaramay, El Nino qachon kuzatilishini hech kim aniq ayta olmaydi.
Shunga qaramay, bundan ikki yilcha avval Jahon meteorologiya tashkiloti mutaxassislari Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta El-Nino sharoiti yuzaga chiqib, bu yuqori harorat, noqulay ob-havo va iqlim uchun zamin yaratganini yozgan edilar.
Boshqacha aytganda, iqlim kuzatuvlari boshlangan 1850-yildan hisoblaganda, 2025-yil jahondagi o‘rtacha havo harorati bo‘yicha «uchinchi eng issiq yil» bo‘lishi mumkin. Kaliforniya universiteti professori Jeremiy Mondey, global isishning oldini olish uchun dunyoning yuzdan ikki qismini oqqa bo‘yash kerak, degan taklifni o‘rtaga tashladi. Purduye universiteti tadqiqotchilari esa dunyodagi eng oppoq bo‘yoqni ishlab chiqqanlarini, u bemalol yorug‘likning 98 foizini qaytara olishini ma’lum qilishdi. Jeremiyga ko‘ra, xuddi shunga o‘xshash oq rangli bo‘yoq bilan dunyoning 1-2 foizi bo‘yalsa, global isishni muvozanatga keltirish mumkin bo‘ladi. Darvoqe, olim kosmosga qaytarilgan issiqlik unga hech qanday zarar bermasligini, balki bu okeanga bir stakan suv to‘kishdek ekanini aytgan. Yana bir guruh tadqiqotchilarning hisob- kitoblaricha, buni amalda tatbiq qilish uchun taxminan, 139 mlrd quti oq bo‘yoq kerak. Bu Yerning 2 foizi (cho‘llar va daraxtlarni hisobga olmaganda) uchun ikki baravar ko‘p bo‘yoq kerak, deganidir.
Boshqa bir ma’lumotda esa global isish asosan qazilma yoqilg‘ilar yonishi oqibatida hosil bo‘luvchi issiqqxona gazlarining atmosferada to‘planishi bilan sayyoraning qizishi kuzatilishi aytiladi. Mana shu o‘rinda eng asosiy savol tug‘iladi: xo‘sh, bugungacha sayyoramizdagi o‘rtacha harorat qanchaga ko‘tarilgan?
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1980-yildan (ya’ni, ma’lumotlarni global darajada qayd etish boshlangandan buyon) 2017-yilgacha bo‘lgan davrda harorat 1 °C ga oshgan. Bu raqam bir qarashda arzimasdek ko‘rinishi mumkin, ammo unga sayyora yuzasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich sifatida qaraladagan bo‘lsa, o‘zgarish katta ekanligi, oqibatda muzliklar erib, dengizlar darajasining keskin ko‘tarilayotgani ayon bo‘ladi. Agar issiqxona gazlarining tarqalishi to‘xtamasa, olimlar Yer sayyorasi o‘rtacha haroratining 4 °C ga oshishini taxmin qilishmoqda. Bu esa quruqlikning katta qismini inson hayoti uchun yaroqsiz holga keltirib qo‘yishi mumkin.
Yuqorida global isish sabablaridan biri bo‘lgan El-Nino ob-havo fenomeniga to‘xtaldik. Xo‘sh, global isishning asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatilayotgan issiqxona effektining o‘zi nima?
Qayd etilishicha, issiqxona effekti bugun yo kecha paydo bo‘lgani yo‘q. XIX asrdayoq olimlar ayrim gazlarning Yerdan chiqadigan issiqlikni ushlab turishini va ularning yordamisiz bu issiqlik koinotga chiqib ketishini aniqlashgan.
Shuningdek, 1896-yili ilk marotaba issiqxona gazlari konsentratsiyasining oshishi sababli sayyoradagi haroratning oshishi bashorat qilingan. Bugungi kunda ularning atmosferadagi soni sanoat inqilobidan oldingi davrga nisbatan 43 foizga oshgan. Ayni shu mavzudagi xalqaro anjumanlarda iqlimshunoslar atmosferadagi karbonat angidrid konsentratsiyasining oshayotganiga inson omili sabab degan fikrni ilgari surishdi.
Tadqiqot natijalari ham ortiqcha gaz inson faoliyatining natijasi ekanini ko‘rsatgan: Karbonat angidrid darajasi har doim tabiiy ravishda ko‘tarilgan va tushib ketgan, ammo bu o‘zgarishlar minglab yillar davom etgan. Geologlarning ta’kidlashlaricha, tabiatdan ko‘ra odamlar iqtisodiy faoliyat davomida karbonat angidridni atmosferaga ko‘proq chiqaradilar.
Afsuski, boshqa bir olimlar yaqin 25-30 yil ichida iqlim yanada isishini, ob-havo sharoiti keskinlashib, marjon qoyalari va boshqa zaif yashash joylari yo‘q bo‘lib ketishini bashorat qila boshladilar. Ularning fikricha, issiqxona gazlari chiqindilari atmosferaga nazoratsiz ravishda tarqatilaversa, uzoq muddatli jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Ya’ni, insoniyat nafaqat global isishdan, balki, dunyo tartibining buzilishi, keng ko‘lamli migratsiya, o‘simliklar va hayvonlarning oltinchi ommaviy yo‘q bo‘lib ketishining tezlashishi, muzliklar erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va qirg‘oqbo‘yi shaharlarini suv bosishi kabilar bilan yuzma-yuz keladi. Yodingizdami, «Sendi» to‘foni tufayli AQSHning ikki yirik shtatida 83 mingga yaqin aholi jiddiy talofat ko‘rdi. Olimlar barqaror iqlim sharoiti bo‘lganida bu holat sodir bo‘lmasligini ta’kidlashdi. Bundan tashqari, keyingi 5 yillikda 10 minglab odamlar global isish tufayli kuchaygan issiqlik to‘lqinlaridan nobud bo‘layotirlar. Siyosatchilar ham iqlimshunoslarni fikriga qo‘shimcha sifatida dunyo bo‘ylab siyosiy vaziyatni beqarorlashtirgan qochqinlar oqimi qisman iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liqligini aytishyapti.
Yer tarixini o‘rganuvchi olimlar esa yana bir holatga e’tibor qaratishyapti: keyingi o‘n yil ichida suv yarim metrga ko‘tarildi. Mabodo issiqxona gazlari chiqindilari to‘xtagan taqdirda ham, dengiz sathi muqarrar ravishda 4-6 metrga ko‘tariladi va bu ko‘plab shaharlarning suv bosishi uchun yetarlidir. Tabiiyki, bunday vaziyatlarda shaharlarni himoya qilish uchun aksariyat davlatlar trillionlab dollar sarflashga majbur. Eng yomoni, dengiz sathining ko‘tarilishi yana qancha davom etadi, degan savolga javob yo‘q. Ammo agar bu holat shunday davom etaversa, olimlar 24-30 metrgacha ko‘tarilishi mumkinligini ta’kidlashyapti. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, iqlim o‘zgarishlari jarayonida katta yoki kichik sabablar bo‘lmaydi: insoniyat tomonidan ochiq suv havzalari, orol va dengizlarga tashlanayotgan chiqindilar ham iqlim o‘zgarishiga ta’sir qiladi. Qayd etilishicha, chiqindilar hajmi oshgani sari dengiz sathi ham ko‘tarilib, tropik yomg‘irlar va toshqinlar kuchayadi. Bu ham qurg‘oqchilikni keltirib chiqaradi.
Iqlimshunoslar bularning oldini olish mumkinmi degan savolga: “Ha, ammo juda kechikkanimizni, ammo bu borada tezroq qarorlar qabul qilish va amaliy harakatni boshlash orqali jarayonni sekinlashtirish mumkin”, - deya javob bermoqdalar.
Ularning xulosalariga ko‘ra, yer yuzida qazib olinadigan yoqilg‘i bor ekan, harakat qilish uchun hali ham kech emas. Atmosferaning qizishi faqat issiqxona gazlari chiqindilari nolga tushirilganidagina potensial boshqarilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichga keladi. Eng muhimi, mutaxassislar iqlim o‘zgarishining yomon oqibatlarini oldini olish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish jarayonini tezlashtirish kerakligini qayta- qayta takrorlashyapti.
Ammo ushbu taklif o‘rtaga tashlanganda boshqa bir bahsli savol tug‘iladi: ekologik toza energiya iqtisodiyotga zarar keltiradimi?
Bu borada esa keyingi mulohazalarimizda...
Mahbuba KARIMOVA tayyorladi.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 30-aprel sonidan olindi