Turistik imkoniyatlar — voha ravnaqida muhim bosqich


600     06.05.2025

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifini bugungi kunda soatiga atigi 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olishi mumkin bo‘lgan Urganch xalqaro aeroportini Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi bilan birgalikda modernizatsiya qilish va boshqarish borasidagi loyihalar bilan tanishishdan boshladi. Bu bejiz emas.

Koreyadagi Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda tursa, servis bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Xorazmga keladigan sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazish borasidagi maqsadga erishish uchun transport infratuzilmasining, ayniqsa, aeroportning o‘rni katta.

Ushbu loyihaning borishi bilan tanishish davomida xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelish, tashuvlarni ko‘paytirish, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi urg‘ulandi.

Bugungi kunda viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud bo‘lib, ularning tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. Shubhasiz, ular o‘zining noyob va go‘zal me’moriy qiyofasi bilan nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror o‘rnini belgilab beradigan tirik tarixdir.

Havas qilsa arziydigan bebaho boyliklarimizdan biri, ochiq osmon ostidagi shahar-muzey — “Ichan qal’a” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgani fikrimiz dalilidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunday maskanlar qatori yildan yilga ko‘payib bormoqda. Davlatimiz rahbari ochib bergan “Arda Xiva” majmuasi qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.

Shu bilan birga, viloyatning hali ishga solinmagan turistik salohiyati juda katta. Masalan, Xiva tumanidagi 2 ming 400 gektar yerni Xiva shahriga o‘tkazib, u yerda “Sahro yulduzi” turistik kompleksini bunyod etish, hududda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm obyektlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Tuproqqal’ada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmini rivojlantirish, Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tuvchi G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar obyektlarni ishga tushirish, Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlarini tashkil etish ko‘zlanmoqda.

Ajdodlarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash, boyitish va dunyoga keng targ‘ib etish maqsadida Ma’mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ni “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantirish va Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosini interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etish mo‘ljallangan.

Prezidentimiz Xorazmda turizmni rivojlantirish Qoraqalpog‘iston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshirilishini, buning uchun “Xorazm — Qoraqalpog‘iston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqilishini ta’kidladi.

Hududdagi yo‘l, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, “Urganch – Gurlan – Mang‘it” avtomobil yo‘lini to‘liq rekonstruksiya qilish, Xiva shahriga Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish hamda yaqin kelajakda tezyurar poyezdlar qatnovini Nukusgacha olib borish yoki yuqorida qayd etilgan, aeroportdagi modernizatsiya ishlari ushbu hududni yanada rivojlantirishda muhim katalizator vazifasini bajaradi.

Bu birgina turizm yo‘nalishidagi qisqacha tahlildir. Agar bunday tahlillarni yanada chuqurroq tarzda hamda boshqa yo‘nalishlarni ham qamrab olgan holda amalga oshiradigan bo‘lsak, ushbu go‘shaning qanday salohiyatga ega ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Davlatimiz rahbarining hududga tashrifi mavjud salohiyatni ishga solish, odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi