Metodika o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuniyu, muhit ham o‘zgarmaydi!


650     07.05.2025

Yodingizda bo‘lsa, 2020-yilning 30-oktyabrida ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda Prezidentimiz maktab direktorlari va muallimlarga ko‘p narsa bog‘liq ekanini, aynan ular qishloq va shaharlarda ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’naviyat tarqatadigan fidoyi kishilar ekanligini ta’kidlagan edilar. Shuningdek, o‘sha yig‘ilishda maktablar nafaqat ta’lim maskani, balki mahallaning madaniy, intellektual markazi bo‘lishi zarurligiga alohida urg‘u berilgan edi.

Bugunga kelib ham davlatimiz rahbari ta’kidlagan masalalar o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, uzluksiz ta’lim tizimida mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim sifatini baiholashning xalqaro standartlarini joriy etish, innovatsion ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish hamon muhim masala bo‘lib turibdi.

Bu borada eng katta mas'uliyat tabiiyki, pedagoglar zimmasiga tushadi. Shuningdek, ilm-fan sohasidagi har bir tadqiqot ishini o‘quv jarayonlariga tatbiq eta olishga qodir mutaxassislarga ham ehtiyoj nihoyatda katta. Ular nafaqat o‘quv jarayonini tashkil etishda, balki jamiyatda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishda ham katta rol o‘ynaydilar.

Shu o‘rinda xo‘sh, ertamiz egalarining dunyoqarishi, bilim va tafakkurini rivojlantiradigan kasb egalarining salohiyati qanday bo‘lishi kerak, bo‘lg‘usi pedagoglarni qanday metodologiya asosida tayyorlashimiz lozim, degan savollar nihoyatda dolzarb bo‘lib qolayotganini aytish joiz.

Tan olaylik, bugun pedagogika yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarni malaka talablari bo‘yicha zarur bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalar bilan qurollantirish hamda olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha kompleks va tizimli yondashish amaliyoti qoniqarli emas.

Vaholanki, millatimiz yetakchisi “Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim - yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, - deya bejiz ta’kidlamayaptilar.

Demak, “Ta’lim, ta’lim va faqat ta’lim” yondashuvi bilan bor kuch g‘ayratimizni ta’lim-tarbiyaga qaratish umummilliy masalaga aylanganini barchamiz his etishimiz darkor. Taniqli faylasuf, tarixchi va antropolog Valeriy Xan ta’biri bilan aytganda, innovatsion rivojlanishning drayverlari bo‘lishga qodir mutaxassislar paydo bo‘lishi uchun, hech bo‘lmaganda, xalqaro talablarga javob beruvchi universitet ta’limi bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, uzluksiz ta’lim tizimidagi bugungi islohotlar o‘zining ijobiy samaralarini beryapti. Xususan, pedagogika yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash maqsadida yangi universitetlar va filiallar ochilib, OTMlardagi pedagogika fakultetlari faoliyati kengaytirildi. Hududlardan talabalarni jalb qilish maqsadida davlat grantlari soni oshirildi. Shuningdek, o‘quvchilar uchun qator imtiyozlar yaratildi.

Asosiysi ta'limda maqsad aniq va to‘g‘ri belgilandi, sohadagi islohotlarni amalga oshiruvchi subyektlar, yani muallim-pedagoglar maqomi qonun bilan tartibga solindi. Bugungi o‘qituvchi-pedagoglar hamma topshiriq beradigan, yoki o‘zining professional faoliyati qolib, boshqa ishlar bilan shug'ullanadigan emas, balki ziyoli sifatida qaddini tik ko‘tarib yuradigan, qatlam vakillariga aylanyapti, kasb sifatida ularning huquqiy maqomi tiklanib, haq- huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasiga olindi.

Eng asosiysi, muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravarga oshdi. Jumladan, chet tili, axborot texnologiyalari, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etildi. Natijada 6 million so‘mdan 10 million so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetdi, 10 million so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi. Bular ham o‘z navbatida pedagogika, o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqish va intilishga rag‘bat beradi.

Keyingi bosqichdagi o‘ziga xos tadbir - maktablarda yangi ishga qabul qilingan o‘qituvchilarni sinovdan o‘tkazish, kasbiy, psixologik, intellektual testlar hamda sinov darslari orqali saralash, malakali ustozlarga biriktirish kabi choralarni kuchaytirish lozim. Zero, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezg‘u g‘oyani amalga oshirish, uni jamiyat mafkurasi darajasiga olib chiqish qanchalik dolzarblik kasb etar ekan, pedagoglar tayyorlash va ularning kasbiy mahoratini oshirish borasidagi ishlar izchil kuchaytirilishi kerak.

Ushbu masalaning yana bir jihati bu - pedagog kadrlar tayyorlashda global mehnat bozoridagi o‘zgarishlar va global ta’lim talablariga moslashish bilan bog‘liq masaladir. Bu borada prognozlar qanday, pedagogik ta’limning istiqboli, yangicha chaqiriqlarga munosib javoblari va kadrlar qo‘nimliligi qanday bo‘ladi, degan savollar ham kun tartibida turibdi. Tabiiyki, eng asosiy masala bu - ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasida ko‘tarish. Ammo bunga erishish u qadar oson kechmayapti...

Tib ilmining sultoni Ibn Sino 17-18 yoshgacha adabiyot, san’at, mantiq, falsafa, tarix singari ijtimoiy-gumanitar fanlardan ta’lim olgani uning kelgusida tibbiyot sohasini osonroq o‘zlashtirish va jarayonlarni teranroq anglashga yordam berganini ta’kidlagan. Beruniy ham o‘zining geografiya, geodeziya, astronomiya, kimyo va boshqa aniq fanlar, tabiat qonuniyatlarini o‘rganuvchi fanlarga bo‘lgan qiziqishi va iste’dodining yuzaga kelishida yoshligida tarixdan ko‘p saboq olishi, shu bilan birga, san’at, musiqa, falsafa fanlarining o‘rni beqiyos bo‘lganligini e’tirof etadi. Ayniqsa, tarix fani orqali geografik bilimlar, dunyoning geografik tuzilishi, qutblarga bo‘linishi borasidagi tasavvurlari shakllanishida muhim o‘rni tutganini yozgan. Demak, maktab bosqichidayoq bolaning shaxsiyatini o‘stirish, unda ijtimoiylik sifatlarini qaror toptirish orqali kelgusida zamonaviy kasblarga to‘g‘ri yo‘nalish berish nihoyatda muhim. Shundan kelib chiqib, maktablarda ijtimoiy-gumanitar fanlarning sifati va qamroviga qayta baho berishimiz lozim.

Ma’lumki, Yaponiyada o‘quvchilarga boshlang‘ich sinflarda xorijiy tillar o‘qitilmaydi. Asosan, milliy til, an’analar, axloq va kishilar bilan muloqot, jamoaviylik tuyg‘usi, milliy o‘ziga xoslik jihatlariga e’tibor qaratiladi. Milliy pedagogika va metodika asosiga milliy identitetlikning qo‘yilishi ayrim davlatlar misolida o‘zining yuqori natijadorligi bilan ajralib turadi. Ya’ni, o‘quvchi, talaba va o‘qituvchi ongu shuuurida bir millat vakili o‘laroq o‘zining Vatani, xalqi, ota-onasi va kelajagi uchun tinimsiz o‘qib o‘rganishi, intilishi va yuksak marralarni ko‘zlab harakat qilishi ta’lim samaradorligining muhim omili ekanligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi islohotlar fonida biz ta’limning har bir bosqichida ayni shu yondashuv bilan o‘z faoliyatimizga qayta baho berishimiz kerak. Xususan, maktab bitiruvchilarini ham teran fikrlar, ham o‘rganganlarini amaliy qo‘llash tajribasi bilan qurollantirishimiz darkor. Shuningdek, kasb-hunar egallagan yoshlarni professional kasbiy ko‘nikmaga ega ishchi-xodimga aylantirishga erishishimiz shart.

Xo‘sh, buning uchun nima qilmoq kerak? Bugungi kundagi asosiy mexanizm va texnologiyalarni o‘zgartirish kerakmi yoki o‘qituvchi va fanni o‘zgartirish kerakmi? Mulohazamiz avvalida ta’kidlanganidek, butun bir jarayonni tubdan o‘zgartirish, yana vaqtni yo‘qotish yoki biror bir rivojlangan davlat tajribalarini yangidan joriy qilish unchalik ham maqsadga muvofiq emas, nazarimizda. Yechim, umumiy yondashuvlarni o‘zgartirishdadir. Ya’ni, o‘quvchi va talabalarga nisbatan o‘qituvchining yondashuvini, o‘qituvchiga nisbatan maktab direktori yoki oliygoh rahbariyatining yondashuvini o‘zgartirish kerak. Bir so‘z bilan aytganda, avvalo, insonni o‘zgartirish, uning dunyoqarashini o‘zgartirishdir.

Furqat JO‘RAQULOV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘quv ishlari bo'yicha prorektori,
siyosiy fanlar doktori, professor
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 30-aprel sonidan olindi