723 08.05.2025
Xorazmliklar Prezdentimizning tashrifini hamisha intiqlik bilan kutadilar. Negaki, Davlatimiz rahbari tomonidan har gal yangi taklif, xayrili tashabbuslar ilgari suriladi va albatta, ular tez orada viloyat ahli hayotida o‘z aks sadosini beradi. Jumladan, keyingi yillarda viloyatimiz sanoat salohiyati tobora yuksalmoqda. Ishlab chiqarish ko‘lami kengayib, tadbirkorlar safi ortmoqda, yangidan yangi majmualar qad rostlab, ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Prezidentimiz bu galgi tashrifida Xiva shahrida bunyod etilgan “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etib nutq so‘zlagani xorazmliklarga yanada katta kuch bag‘ishladi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Nutqda “Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir”, deya taʼkidlandi va zamonaviylik hamda tarixni o‘zida uyg‘unlashtirgan “Arda Xiva” viloyatimiz turizm salohiyatini yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shishi eʼtirof etildi.
Yurtboshimiz Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida erishilgan natijalar haqida gapirar ekan, hali bajarish lozim bo‘lgan vazifalar ko‘pligini taʼkidladi. Ularni bajarish imkoniyatlari, amalga oshirishda zarur choralarni ko‘rsatib o‘tdilar.
Yig‘ilishda viloyatimizni yanada yuksaltirish, tumanlar taraqqiyotini jadallashtirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Qo‘shko‘pirda “175 gektarda “O‘zbekiston-Xitoy texnoparki” tashkil qilinayotgani, u yerda 1 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyiha bo‘lishi”ni eshitib biz – qo‘shko‘pirliklar qanchalik quvonganimizni so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydi. Bu chekka va bir paytlari agrar hudud deb hisoblangan tumanimizda sanoat rivojlanadi, ish o‘rinlari ko‘payadi, deganidir.
Yurtboshimiz turizmni rivojlantirish xususida ham bir qancha takliflarni berdilar. Chunki haqiqatan ham viloyatimizda bu yo‘nalishda imkoniyatlar katta. Xorazmda bugun 260 ta madaniy meros obyekti mavjud. Ulardan biri Qo‘shko‘pirda joylashgan “Imoratbobo” majmuasidir. Bu yerda ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish uchun katta imkoniyatlar bor. Demak, mavjud salohiyatdan unumli foydalanib, har birimiz o‘z vazifamizni vijdonan bajarsak, albatta, Yangi O‘zbekiston islohotlari samaradorligiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Mehribon TILLAYEVA,
Xalq deputatlari Ko‘shko‘pir tuman Kengashi deputati