“Avesto” izidan… yoxud Prezident tashrifidan so‘ng qayta tug‘ilgan muzey haqidagi haqiqatlar


606     08.05.2025

Insoniyat tarixida hech bir kitob «Avesto»chalik qarshilikka uchramagan. Ushbu kitob qo'lyozmaning ilk tadqiqotchisi Abu Rayhon Beruniy, keyin esa fransuz tadqiqotchisi Ankitel Dyu-Perron, va hindistonlik ingliz olimasi Merixonim Boys hisoblanadi. Ular bir-biridan bexabar holatda ming yillar keyin o‘z xohishlariga ko‘ra sirli, jumboqli kitob sirlarini ochib, insoniyatga buyuk ma’naviy meros qoldirib ketganlar.

2000-YILNING BAHORI EDI.

«Avesto» kitobining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan katta yig‘ilish o‘tkazilib, 20 gektarlik bog‘- majmua, 18 metrlik yodgorlik, 2500 kishi sig'adigan amfiteatr barpo etish haqida qizg'in reja- munozaralar boshlandi. Ammo negadir yig'ilishda «Avesto» tarixiga doir muzey masalasi tilga olinmadi... Kutilmaganda majlis oxirida o'lkashunoslardan biri so‘z olib bunday dedi: - Rahmat, rejalaringiz ajoyib, lekin nima uchun «Avesto» tarixi muzeyi barpo etish loyihada tilga olinmadi?

- Hurmatli domla, biz bu haqda ko‘p o‘ylandik, ma’lum bo‘ldiki, qo‘limizda bitta ham eksponat yo‘q ekan. Bunday sharoitda qanday qilib muzey tashkil etish mumkin?

- Uzr-ku, yo‘q bo'lsa topish kerak, qadimgi Xorazm asori-atiqalari, ko‘hna qal’alar, toponomik nomlar, el-yurt orasida saqlanib kelayotgan udum va ananalarni biz yaxshi bilamiz... Albatta, tarix muzeyi bo‘lishi kerak, - dedi mezbon.

- Durust, izlang, toping, so‘ngra muzey masalasi hal bo‘ladi, - suhbatga yakun yasadi mutasaddi. Yig‘ilganlar sukut saqlab jimgina tarqalishdi...

Shu yili tinib-tinchimas havaskorlar - elshunoslar belni mahkam bog‘lab, voha bo‘ylab turli ekspeditsiyalar o‘tkazishga kirishib ketdilar. Ular orasida arxeolog Qurbonboy Sobirov, teleoperator Hamid Matkarimov, rejissor Muqaddas Masharipova, qozoq yigiti Jo‘ldosboy Yo‘lliyev, Ogahiy nomli teatr artisti Komiljon Tojiyev, Anaxita rolini o‘ynagan Zulfiya Qariyeva va boshqalar bor edi... Xullas «Avesto izidan» nomi bilan boshlangan ekspeditsiya 2001-yilning avgust oyigacha ishladi. Bir vaqtning o'zida ikki qismli telefilm ham suratga olindi va u Xorazm TV hamda Nukus telekanallarida namoyish etildi...

CHILPIQQALA YODGORLIGIDAGI ILONLAR HAMLASI...

Chilpiqqala qadimgi Xorazmning ikki-uch ming yillik tarixiy yodgorligi. U dastlab otashparastlik qabristoni, Jayhun daryosi harakatini kuzatib turish minorasi va bugunga kelib Qoraqalpog'iston Respublikasi davlat gerbida aks ettirilgan tarixiy-madaniy obida tarzida olamga mashhur.

Yerdan balandligi taxminan 40 metr, tepalikning paxsa devor qismi esa 15 metr bo'lib, o‘z davrida unga chiqish amri mahol sanalgan. Ya'ni, zinasi qadimgi Xorazmiylar tilida «Chil» - qirq, «piq» esa vosita - zina, demak qirq zinali qala degan manoni anglatgan.

Ekspeditsiya azolari bilan ushbu qal’ani kuzata boshladik... Operator Hamidjon Matkarimov qo‘qqisdan ilonlar uyasi iniga oyoq bosgan ekan birdan bir ilon otilib chiqdi va uning izidan 5-6 tacha ilonchalar g‘ujanak bo‘lib operatorga hamla qildilar, u qochdi, biz nima bo‘lganini bilolmay angrayib qarab turardik. Rejissyorimiz Muhabbatning ham rangi bo‘zdek oqarib ketgan. Operator bir necha soniyada yuz bergan «ilon hamlasi» syujetini suratga ololmay armonda edi. Ilon hamon yarim tik holda tik turardi. Faqat birmuncha vaqt o‘tib, o‘z uyasiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi... Biz ekspeditsiya azolari bunday tasodifiy xavf-xatar bo‘lishini hech kutmagan edik...

Toshqotgan daraxt topilmasi Oradan besh yil vaqt o‘tgach, Xorazm Ma’mun akademiyasi yubileyi oldidan sulolaviy kulol Sultonboy Abdurahimov ishtirokida yana o‘sha tarixiy yodgorlik Chilpiqqala va qizil qum etaklarini o‘rganishga jazm etdik. Niyatimiz Qizil va Qoraqumlarda moziydan qolgan tenis (tanans) okean qoldiqlari, dinozavr suyaklari va Sulton Uvays tog‘laridagi noyob qazilmalar, to‘g‘rirog‘i, kulolchilik xomashyo bazasini izlab topish edi. Ekspeditsiya jarayonida favqulodda oyog‘imiz qum ostida uch qismi ko‘rinib turgan daraxt parchasiga tegib qoldi. Uni omonatgina o'rganib yuk mashinasiga arang yukladik va «Avesto» muzeyiga olib keldik...

Bundan xabar topgan jurnalist do‘stlarimiz noyob «toshga aylangan daraxt» eksponati haqida OAVda bong urdilar. Bu g‘ayrioddiy topilmadan xabar topib Toshkent tog‘-sanoat, mineralogiya muzeyi olimlari ham bu xabarni Internetga yoyishdi. Ayni kunlarda Xorazm Ma’mun akademiyasi 1000 yillik yubileyi munosabati bilan Xivaga kelgan xorijiy olimlar eksponatning yoshi YURA davriga oid 85-90 million yilga teng degan xulosaga keldilar. Yubiley tantanalariga tashrif buyurgan Birinchi Prezident Islom Karimov ham o‘sha eksponatni tomosha qilib bizni duo qilgani hamon yodimizda... Bo‘ldi ajab hangomalar deganidek, viloyatimizning nomdor olimlari esa ushbu noyob eksponatlarni izlab topishda biz ham ishtirok etdik, deb matbuotda maqola e’lon qildilar... biz esa aslo ko‘rmagan ekspeditsiyadoshimizning bu da’vosidan hayron qolgandik, o‘shanda.

OTANGGA BOR - ONANGGA BOR

2008-yilning noyabr oyida senator Erkin Vohidov boshchiligida maxsus delegatsiya kelib, Oliy Majlis tomonidan imzolangan «Sayyohlik tizimini yanada keng rivojlantirish» bo‘yicha Xorazm viloyati xokimligining hisobotini eshitdilar. O‘shanda yutuqlar va kamchiliklar ro‘yi-rost aytilgandi...

Va, yana avvalgidek oradan 5-10 yillar o‘tganidan keyin ham Xorazmda sayyohlik tizimi eng oxirgi o‘rinlarda qolaverdi. Jamoatchilik asoslarida arang ishlatilayotgan «Avesto» xayriya muzeyi hodimlari bir necha marta yuqori tashkilotlarga yozma va og‘zaki murojaatlaridan so‘ng kazo-kazo «ishbilarmon» rahbarlar qog‘ozbozlikni avj oldirib, «Avesto» majmuasini kimoshdi savdosiga qo‘yish va 236 mln. so‘mga sotish haqida respublika markaziy matbuotida e’lon ham chiqardilar. («Xalq so‘zi», 2008-yil, 6-avgust»). Shundan so‘ng kutilmagan «dahanaki janglar» boshlandi. -Hay baraka topgurlar, «Avesto» majmuasi YUNESKO ro'yxatiga olingan, uni sotish yoki muzeyni Xivaga ko‘chirish mumkin emas, dedik biz. Markazdan kelgan bir «daho» esa: «Avesto» majmuasi ham, muzey ham xalqniki, uni Xivada turgani bizga ma’qul...

Xiva sayyohlik markazi, hamma uni tomosha qiladi dedi, ko‘zini olaytirib...

- To‘g‘riku-ya, lekin 20 gektarlik bog‘-majmuani «Avesto» yodgorligining taqdiri nima bo‘ladi?

- Bu Sizning ishingiz emas, dedi o‘sha amaldor...

 

- Bog‘ maydonida zamonaviy «City»lar quramiz. Urganch shahri yanada obod va go‘zal bo‘ladi... Xayriyatki, oz fursat o‘tib, haqiqat yengdi. U qatiy pirovard natijada ko‘pchilikning talab va takliflari inobatga olinib, memorial bog‘ va muzey o‘z o‘rnida qoldi... Va lekin pinhona qarshiliklar, bosimlar davom etaverdi.

Omadni qarangki, 2024-yilning 1-martida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifidan so‘ng, Urganchda «Avesto va Lazgi» qo‘shaloq muzeyi barpo etishga kirishildi.

Aytish kerakki, ikki qavatli ushbu muhtasham saroy dunyoda yagona zamonaviy «Avesto va Lazgi» raqsi tarixi, ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amallarni madh etuvchi o‘ziga xos benazir, risoladagi kabi targ‘ibot va tarbiya o‘chog‘i bo‘lib qolaveradi...

Aziz o‘quvchi, qissadan hissa chiqarish o‘zingizdan. O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligi bizga «Avesto»ni in’om qildi. «Avesto»ning 2700 yilligi esa «Lazgi» raqsini umumjahon madaniy merosiga aylantirdi. Natijada qariyb chorak asrlik xayriya muzeyi Lazgi raqsi sharofatidan dunyoviy muhtasham saroy, qo‘shaloq muzeyga aylantirildi.

 

Komil NURJONOV,
“Avesto” muzeyi direktori
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 30-aprel sonidan olindi