86 11.07.2024
Fraksiya yig‘ilishida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Maʼlumki, yaqinda Senat tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilingan edi.
Ammo ayrim joylarda hamon yerlarni noqonuniy egallash holatlari davom etmoqda. Yaʼni, bu toifadagi jinoyatlar uchun jazo choralari yengil bo‘lgani bois yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va u yerda noqonuniy qurilishlar qilish holatlari yildan yilga ko‘paymoqda. Joriy yilning o‘zida 5968 ta shunday holat aniqlangan. Ayniqsa, sug‘oriladigan yer uchastkalarini egallash holatlari ko‘paymoqda va bu oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirishga jiddiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda haydaladigan yer AQSHda kishi boshiga 0,60 gektar, G‘arbiy Yevropada 0,25 gektar, Osiyoda 0,13 gektar, Janubiy Amerikada 0,35 gektar, Afrikada esa 0,22 gektarni tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa kishi boshiga 0,06 gektardan ekin yeri to‘g‘ri keladi.