965 08.05.2025
Qo‘limdagi g‘alati taklifnomaga qarab... ustod adib Shukur Xolmirzayevning «Biz- ku u kunlarni ko‘rmasmiz, agar shu tariqa ketaversak, bora-bora kitobni varaqlash tugul uni tanimaydiganlar ham kitob yozadigan bo‘lib ketadi» degan gaplari yodimga tushdi...
Ertalab ishxonaga kelsam hamxonam qo‘limga to‘yxat tutqazdi.
Hurmatli falonchi!
Sizni 2025-yilning ... may sanasi soat 19:00 da Salim otamizning vafotiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan yoziladigan dasturxonimizga va «Kitob oshi» bazmiga lutfan taklif etamiz.
Hurmat bilan Asqarovlar oilasi.
Manzil: «Laylo» restorani.
Qishloqdoshlarim - to‘yxona sohiblarini yaxshi taniganim uchun aniqlashtirmoqchi bo‘ldim. Yer borib yetqizmasinu, Salim otani ham yaxshi eslayman. Sobiq ittifoq davrida savdo sohasida ishlagan, xaridor haqiga xiyonat qilganmi, harqalay «kesilib» ketgan, so‘ngra davlat xo‘jaligiga qarashli bir vagon ma’danli o‘g‘itni pullayotganida qo‘lga tushib, yana qamalgan, «U yoqdan» qaytgach, bolalarinikiga sig‘may, «Qariyalar uyi»da yashab xastalikda vafot etgan edi. Aytishlaricha, bugun elga dovrug‘ solib osh berayotgan 3 o‘g‘ilning birontasi ham uni uyidan «chiqarish»ga rozi bo‘lmagach, so‘nggi manzilga o‘sha qariyalar uyidan kuzatishgan ekan.
Yana taklifnomaga qarayman: «Kitob oshi» bazmi...
Xullas, qiziqishim ortib aytilgan sanada to‘yga bordim. Salobatli to‘yxonada birov birovni tanimaydi. Sanatkoru, raqqosalarning sanog‘i yo‘q. Noz-ne’matning mo‘lligidan stol ham munkib ketadigandek. Boshlovchi yigit esa marhum bir chetda qolib, uchala o‘g‘ilni hamdu sanolarga ko‘mish bilan ovora.
Bir mahal boshlovchi qo‘lidagi muqovasi chiroyli kitobni hammaga ko‘z-ko‘z qilib, uning mualliflari – marhumning 3 o‘g‘li ekanini aytib, kitobdan ota-onani madh etuvchi she’r larni o‘qiy boshladi.
Tanamga chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi. Shu sohaning odami bo‘lganligim bois boshlovchi o‘qiyotgan «she’r»da biron maza-matra sezmay g‘ashim kela boshladi. Xayolda esa Shukur Xolmirzayevning o‘sha bashorati: Vaqti kelib, kitob ko‘rmaganlar kitob yozadigan bo‘lib ketishadi. Aniq sezdim, bu almoyi-jalmoyi, shig‘ir deb atalmish mag‘zava bitiklarga to‘la «qog‘ozlar to‘plami»ni qaysidir bergan. Bu «uch og‘ayni botirlar» esa elga o‘zlarini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida uni falon so‘m mablag‘ sarflab, chop ettirishgan. Xullas, bu sarkash, telbanamo davradan ko‘nglim bezib, uyga qaytdim.
Xayolda esa har xil azobli o‘y savollar, mulohazalar…
Og‘riqli xulosa: biz keyingi paytlarda to‘ylar masalasida buyuk innovatsion yo‘ldan bordik, to‘y atalmishning turfa xillarini kashf qildik. Endi esa navbat kitobdek muqaddas ne’mat nomi bilan bog‘lanuvchi to‘yga kelibdi.
O‘zbekning buyuk adibi Abdulla Qodiriy to‘ylar haqida gapira turib, «Bu millat odam bo‘lmaydi» deya yozgan ekan. Balki buyuk yozuvchimiz ushbu gapida ota onani xo‘rlab, keyin uning o‘limini yubileysifat qilib nishonlayotgan noqobil farzandlariyu, yo‘q joydan «kitob oshi» uyushtirayotgan hozirgi «yangi o‘zbeklar»ni nazarda tutgan bo‘lsa ne ajab…
Abdug‘affor OMONBOYEV,
”Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 7-may sonidan olindi