Salohiyatimiz va obro‘-e’tiborimiz namoyish etilgan oy


756     08.05.2025

Dunyo siyosiy lug‘atiga Yangi O‘zbekiston islohotlari iborasi kiritilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Ammo qariyb sakkiz yillik davr “Yangi O'zbekiston” va «Yangi O‘zbekiston islohotlari» iboralari mavsumiy e’tibor tortish uchun o‘ylab topilmaganini isbotladi.

Qisqa, ammo ulkan o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z ichiga olgan davr eng avvalo, xalqimizni rozi qilishga, jondek aziz qo‘shnilarimiz bilan deyarli uzilib bo‘lgan aloqalarni tiklash, qog‘ozda boshqayu, amalda yildan-yilga cho‘kib borayotgan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, oyoqqa turg‘azish va, eng asosiysi, dunyo hamjamiyati degan ulkan oila bag‘riga O‘zbekiston va o‘zbek millatining qaytishi davri bo‘ldi.

Bugun faxr bilan ayta olamizki, O‘zbekiston va O‘zbekiston yetakchisining g‘oya va tashabbuslari dunyoning eng baland minbarlaridan ham yangrayapti. Zotan, millat yetakchisining qat’iyati, siyosiy irodasi va fidoiyligi bilan O‘zbekistonda barcha soha va tizimlar barqaror rivojlanyapti. Bundan maqsad esa yurt tinchligi va xalq farovonligidir.

2025-yilning aprel oyi esa yuqoridagi fikrlarni yana bir karra isbotladi. Chunki, oy boshidan yakuniga qadar mamlakatimiz mezbonlik qilgan xalqaro yirik tadbirlar dunyo hamjamiyati e’tiborini tortibgina qolmay, e’tirofu, ta’kidlarga ham boy bo‘ldi.

Xususan, 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ilk marotaba Markaziy Osiyoning 5ta yetakchisi va Yevropa ittifoqi yetakchilarini bir joyga jamladi. Davlatimiz rahbari nutq so‘zlar ekan, ushbu sammit siyosiy muloqot yanada chuqurlashishi, hamkorlikka yanada tizimli tus beradigan, uni uzoq muddatli maqsadlarga yo‘naltiradigan yangi mexanizmlar ishlab chiqilishiga poydevor bo‘lib xizmat qilishi, mintaqalararo hamkorlik, ayniqsa, iqtisodiyot, savdo, energetika va transport sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilish sammit kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘lishiga umid bildirgani ham bejiz emas albatta.

Chindan ham ona zaminimiz, xususan, qadim va navqiron Samarqand asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi diplomatiya, savdo va madaniy almashuvlarning muhim markazi bo‘lib kelgan. Va, ayni davrda ham bu mavqeini ushlab turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Millatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning Samarqand xalqaro Iqlim forumi ishtirokchilariga yuzlanib aytgan mana bu so‘zlari barchamizni to‘lqinlantirib yuborgandi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Samarqand sammiti Prezidentimizning siyosiy irodasi, jasorati tufayli, birinchi bo‘lib, o‘tkazilgani bilan tarixda qoldi.

Samarqand sammiti tufayli Markaziy Osiyo tashqi siyosatining Yevropa yo‘nalishi yangi mazmun bilan boyimoqda. Aytish joizki, bu diplomatiya taqvimidagi odatiy forum emas, balki 30 yillik munosabatning eng yuqori darajasi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqalararo sheriklik muvaffaqiyati kalitidir. Eng muhimi, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘taruvchi Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi ham mamlakatimiz tarixidagi muhim natija deyish mumkin.

Aprelda bo‘lib o‘tgan ikkinchi yirik xalqaro anjuman bu - Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi mamlakat imiji jozibadorligini oshirish barobarida dunyoga ochiq ekanimizni ham yana bir karra namoyon etdi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, marosimda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatning natijalarini yuqori baholadi. Xususan, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong Toshkent parlament diplomatiyasining poytaxtiga, bu yig‘ilish esa global hamjamiyat duch kelayotgan muammolar, ziddiyatlar va nizolarni muloqot orqali hal qilish mumkinligini ko‘rsatuvchi namunaga aylanishini bildirdi.

Qisqacha aytganda, 200 ga yaqin mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat, 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirga mezbonlik esa mintaqaviy yetakchilikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Shu orqali Toshkent Markaziy Osiyoning diplomatiya markazi sifatida ilk qadamlarini tashladi.

Ta’kidlanishicha, imzolangan kelishuv va bitimlar Markaziy Osiyo va Yevropaning ko‘p qirrali hamkorligini aniq kun tartibi bilan to‘ldiradi, mavjud poydevorni mustahkamlaydi. Barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi va energetika xavfsizligi kabi dolzarb global tahdidlarni kamaytirishga qaratilgan sheriklikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Chindan ham Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Yana bir e’tiborli jihati, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi hamkorligi YEIning 27 davlati, jumladan, “Katta yettilik”ning uch davlati bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan noyob platforma ekani butun dunyo ko‘z o‘ngida yana bir karra namoyon bo‘ldi.

Darvoqe, ishonamizki, joriy yilning 10-12 iyun kunlari poytaxtimiz mezbonligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi Yangi O‘zbekistonimizning xalqaro maydonda bugungacha erishgan muvaffaqiyatli odimlarining mantiqiy davomi bo‘ladi.

Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 7-may sonidan olindi