Sog‘lom turmush tarzi — salomatligimiz garovi


765     14.05.2025

Yangi O‘zbekiston siyosatining bosh maqsadi xalqni rozi qilish ekan, bu avvalo, so‘nggi yillarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xalqimiz salomatligini asrash, mustahkamlash uchun har qancha mablag‘, cheksiz imkoniyatlar safarbar qilinmoqda.

Buning isboti quyidagi raqam va ma’lumotlarda ham o‘z aksini topgan: so‘nggi 7 yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshib, joriy yilda 42 trillion so‘mga yetdi. Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan kompleks tizim yaratildi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda. Birgina buyrak ko‘chirish amaliyoti kuniga ikkitadan bajarilmoqda.

Mamlakatimizda har 10 ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya bilan bir xil ko‘rsatkich. Turkiya va Kanadada esa bu raqamlar 1,5 baravar kam. Lekin samaradorlik, davolash sifati haqida maqtana olmaymiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-may kuni tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham davlat rahbari tomonidan bizda tibbiyot xodimlari sonida, moliyalashtirishda muammo yo‘qligi, lekin samaradorlik kamligi, sifatda e’tirozlar ko‘pligi alohida ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar iqtisodiyotimizga har yili 1 milliard dollar zarar keltirar ekan. Tez yordamdagi jami chaqiruvlarning to‘rtdan biri surunkali kasalliklari bor bemorlarga to‘g‘ri kelmoqda. Ba’zi joylarda tez yordam xuddi poliklinikadek bo‘lib qolgan. Viloyat va tuman shifoxonalarida xodimlar soni, o‘rinlar, mablag‘lar to‘g‘ri taqsimlanmagan. “Tibbiy sug‘urta” tizimini joriy qilish yildan-yilga surilib kelayapti. Navbat va xizmatlarni raqamlashtirish ham to‘liq ishga tushgani yo‘q. Soha xodimlari bilimi va davolash sifati ham talab darajasida emas.

Yurtimizda samaradorligi isbotlanmagan dorilar importi ulushi 42 foizga yetganini e’tiborga olsak, dori iste’molini tartibga solish ham hamon dolzarbligicha qolmoqda. So‘nggi yetti yilda tibbiyot yo‘nalishlariga qabul ko‘payib, yiliga 25 ming talaba o‘qishga kiryapti. Ularning 40 foizi xususiy oliygohlarda o‘qimoqda. Lekin sohada bilim va ko‘nikmalarni baholovchi shaffof tizim yo‘q.

Videoselektor yig‘ilishida aynan yuqoridagi kabi masalalar muhokama qilinib, inkor etib bo‘lmaydigan misollar asosida tanqidiy tahlil qilindi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar ishdan olindi, ogohlantirildi. Davlat rahbari tomonidan tizim uchun ajatilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri ishlatish, raqamlashtirish va sug‘urtani joriy etish, tartib-intizom o‘rnatib, odamlarni rozi qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi, taklif va tashubbuslar ilgari surildi.

Darhaqiqat, dono xalqimiz bejiz “Sog‘lik — tuman boylik” deb ta’kidlamagan. Inson yaralibdiki, doim sog‘ligiga e’tibor qaratgan, kasal bo‘lmaslikka, salomat yurishga harakat qilgan. Chunki dunyoda salomatlikdan ulug‘ ne’mat yo‘q. Bebaho boylik — sog‘ligingiz bo‘lmasa, na farog‘at, na hashamat tatiydi. Baxtimiz to‘kisligi ham salomatligimiz bilan bog‘liq. Lekin o‘z sog‘ligimizga o‘zimiz mas’ul bo‘lolmayapmiz. Sog‘lom yurish uchun oddiy talablar — ko‘proq harakatda bo‘lish, badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish me’yorlariga amal qilishimiz lozim. Lekin biz har kuni, har daqiqada buning aksini qilamiz, go‘yoki sog‘ligimiz o‘zimizga emas, boshqalarga kerakdek.

Tibbiyot asoschisi bo‘lgan buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sino bejiz ta’kidlamagan: badantarbiyani tark etgan odam aksari xarob bo‘ladi, zero, harakatsiz qolgan a’zolarning quvvati zaiflashadi.

 

Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi