501 15.05.2025
Bugun mamlakatimizning qay bir go‘shasiga bormang ulkan bunyodkorlik ishlari, katta-katta qurilishlarga guvoh bo‘lasiz. Aholini turar joy bilan ta’minlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan uy-joylar qurilishi keng ko‘lamda olib borilmoqda.
O‘tgan qisqa davrda har bir fuqaro o‘z uyiga ega bo‘lsin, degan maqsadda uy-joylar va ko‘p kvartirali uylar qurish keskin jadallashdi. 2017-yildan buyon joylarda 11 ming 410 ta ko‘p qavatli uylar qurilgani bugun aholini turar joy bilan yetarlicha ta’minlashga xizmat qilayotir.
Ma’lumki, 1966-yil 26-aprelda Toshkent shahrida vayronkor zilzila sodir bo‘lgan. O‘zbekiston Prezidenti zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini ta’sis etish tashabbusini ilgari surgan edi. Buning e’tirofi o‘laroq, yaqinda BMT Bosh Assambleyasi 29-aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni, deb e’lon qilish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi.
Ushbu sohada xalqaro standartlarga mos bo‘lish uchun davlatimiz rahbari yangi qurilayotgan uylarning sifatiga e’tiborni kuchaytirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, ko‘p qavatli uylarning zilzilaga bardoshliligini oshirish va aholining seysmik xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilyapti. Jumladan, davlat loyiha institutlari mutaxassislari ishtirokida joylarda o‘rganishlar o‘tkazilib, uning natijalari va hududlarning seysmik holati tahlili asosida bu tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda, binolarni o‘rganish bo‘yicha yangi amaliyot yo‘lga qo‘yiladi. Zilzilaga va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli uylarni qurish bo‘yicha tajriba almashish kengaytiriladi. Binolar instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.
Zilzila – tabiatda sodir bo‘ladigan eng xavfli hodisaladan biri bo‘lib, u yuzaga keladigan iqtisodiy zarar va insonlar halokati bo‘yicha tabiiy ofatlar ichida birinchi o‘rinni egallaydi. Shuning uchun ham qurilish sohasida seysmologiya eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda huquqiy bazani takomillashtirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish masalalariga katta e’tibor qaratilayotir.
Lekin keyingi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir bo‘layotgan kuchli zilzilalar natijasida yetkazilayotgan zararlar ko‘lami mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlashga hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan qator manzilli choralar ko‘rish, shu jumladan binolar va inshootlarni qurishni hamda ta’mirlashni amalga oshiruvchi tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Joriy yil 25-mart kuni qabul qilingan “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.
Binobarin, mazkur hujjat bilan Jinoyat kodeksiga binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, shaharsozlik sohasidagi vakolatli davlat organlarining ruxsatisiz obyektlarni qurganlik, qonunchilikni buzgan holda ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik, shuningdek binolar va inshootlarni aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarini, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini buzgan holda loyihalashtirganlik, rekonstruksiya qilganlik va qurganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Ushbu sohada xalqaro standartlarga mos bo‘lish, yangi qurilayotgan uylarning sifatiga e’tiborni kuchaytirish, ko‘p qavatli uylarning zilzilaga bardoshliligini oshirish va aholining seysmik xavfsizligini ta’minlash juda muhimdir.
Prezidentimiz shu yil 13-may kuni seysmik xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlariga oid takliflar taqdimoti bilan tanishish davomida qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi o‘rinda ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalishlarni ilmiy rivojlantirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu nuqtayi nazardan, biz parlament a’zolari ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni zamon bilan hamnafas bo‘lishini ta’minlash, mazkur norma va talablarning joylarda qat’iy ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish orqali bu masalaga o‘z hissamizni qo‘shishimiz darkor.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi