142 12.07.2024
Markaziy kengash va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya aʼzolari, mahalliy Kengash deputatlari hamda faollar ishtirok etgan Plenumda partiyaning 2024 yil 5 oylik faoliyati, partiya faoliyatini raqamlashtirish, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdim etilgan rejalar hamda 2024 yil uchun umumlashtirilgan smetaga o‘zgartishlar kiritishga oid masalalar muhokama qilindi.
Maʼlumki, Yangi O‘zbekiston islohotlari jarayonida partiya mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuchlardan biri sifatida Yangi O‘zbekiston islohotlarining faol ishtirokchisi va tashabbuskorlaridan biri sifatida ish olib boryapti. Partiya o‘z deputatlari va faollari orqali asosiy elektorati bo‘lmish taʼlim, madaniyat sohasi vakillari, bir so‘z bilan aytganda, ziyolilar qatlami manfaatini parlament hamda mahalliy Kengashlarda samarali ifodalab kelmoqda.
Qayd etish lozim, hisobot davrida partiya fraksiyasi aʼzolari muhim qonun loyihalariga tashabbuskor bo‘ldilar. Qonun loyihalarini ishlab chiqishda Saylovoldi dasturida belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, inson kapitalini rivojlantirish, taʼlim tizimini taraqqiy ettirishga sharoit yaratish, oila institutini mustahkamlash hamda milliy manfaatlar ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan normalarni aks ettirishda faol ishtirok etmoqdalar.
O‘tgan besh oyda fraksiya aʼzolari taklifi bilan taʼlim tizimidagi muammo va kamchiliklarni hal etish, sohada olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish borasida hukumat soatlari, mansabdor shaxslarning hisobotlari ham eshitildi.
O‘tgan davrda partiyaning “Deputat bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida aholidan kelib tushgan murojaatlarning 3262 tasi ijobiy hal etildi. “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida 274 o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 1098 nafar xotin-qizlar bepul kasb-hunarga yo‘naltirildi. 935 nafar yoshlarga esa qo‘shimcha bepul taʼlim berildi. “Uyma-uy” loyihasi doirasida ham 9777 ta xonadon xolidan xabar olinib, 494 nafar yoshlar, 782 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi.
Yig‘ilishda partiya faoliyatini raqamlashtirish, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdim etilgan rejalar, tashkiliy tuzilma hamda 2024 yil uchun umumlashtirilgan smetaga o‘zgartishlar kiritishga oid masala ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, targ‘ibot-tashviqot ishlarining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Plenumda kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan kengash aʼzolarining fikr va mulohazalari eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.