O‘zbekiston — Jahon savdo tashkiloti: keng imkoniyatlar sari


725     16.05.2025

Jahon savdo tashkiloti (JST) — mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. Mazkur tashkilot xalqaro tijorat uchun qulay huquqiy tizimni taqdim eta oladigan cheksiz imkoniyat eshigi. O‘zaro qabul qilingan muhim hujjatlar davlatlarning o‘z savdo siyosatlarini kelishilgan mezonlarda olib borishlarida mas’uliyat yuklaydi. Bundan ko‘zlangan maqsad — jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlarni ishlab chiquvchilar, eksportyor va importyorlarga ko‘mak berishdir.

Prezidentimiz shu yil 14-may kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va uni jadallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etish joiz, davlatimiz rahbarining alohida nazorati asosida mamlakatimizda 2023-yildan boshlab, JSTga a’zo bo‘lish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan davrda ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, Ishchi guruhining to‘rtta muhim yig‘ilishi o‘tkazilib, 500 dan ortiq masalalar ko‘tarildi, 30 dan ziyod rasmiy hujjatlar JST Kotibiyatiga taqdim etildi. A’zolikni jadallashtirish maqsadida sohalarda tizimli islohotlar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Milliy qonunchilikni tashkilot talablariga uyg‘unlashtirish doirasida ham keng ko‘lamli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 13 ta qonun, Prezidentning 10 ta Farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 20 ga yaqin qarorlari va 10 ta idoralararo normativ-huquqiy hujjati qabul qilindi. Jumladan, bojxona tartibotlari, eksport-import qoidalari hamda intellektual mulk sohasidagi mexanizmlar bosqichma-bosqich JST standartlariga moslashtirildi, davlat ulushi mavjud bo‘lgan 6 ta korxonada eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.

Shu o‘rinda JSTga a’zo bo‘lishning ijobiy jihatlari ko‘pligini alohida ta’kidlash o‘rinli. Eng avvalo, uning zamirida iqtisodiy manfaat turadi. Ya’ni to‘siqlarsiz o‘zaro mahsulot ayirboshlashga erishiladi va tovar ayirboshlanishi yuksak texnologiyalarning qo‘llanilishi hamda rivojiga hissa qo‘shadi. Xalqning turmush darajasini yaxshilashga turtki beradi, insonlarga sifatli mahsulot iste’mol qilish imkonini yaratadi.

Shuningdek, eksport qilinayotgan mahsulotlar hisobiga milliy mahsulotlar tannarxi tushirilishiga xizmat qiladi. Milliy ishlab chiqarish hajmini oshirib, budjetga pul tushumlarini ko‘paytiradi, savdo liberallashuvi mamlakat va alohida vatandoshlarimizning daromadlarini oshiradi. Eng muhimi, mehnat bandligiga ijobiy ta’sir etadi.

Taqdimotda davlatimiz rahbari tomonidan JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Unga ko‘ra, joriy yilda yana 9 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, Ishchi guruhining 2 ta yig‘ilishini o‘tkazish hamda Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash orqali O‘zbekistonning JST doirasidagi majburiyatlarini to‘liq shakllantirish vazifalari aniq belgilab berildi.

Shuningdek, qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish doirasida 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida” yangi tahrirdagi qonunlarni qabul qilishni tezlashtirish hamda bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yaqindan va samarali hamkorlikni ta’minlash Prezident tomonidan muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan shu kunlarda ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berishni nazarda tutilmagan mamlakatlarda (hozirda 57 davlat eng ko‘p qulaylik rejimiga ega) ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan amaldagi import bojlari stavkalarini 2 karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish, import va eksport geografiyasi oshishiga xizmat qiladi.

 

Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi