Taraqqiyot – bilimli avlod qo‘lida


619     19.05.2025

So‘nggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimini tubdan isloh qilish, taʼlim-tarbiya sifatini oshirish hamda sohaga milliy va xorij tajribalari asosida yangi uslublarni joriy etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

15-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida taʼlim va tarbiya tizimida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilandi.

Videoselektor yig‘ilishida elektoratining asosiy qismi o‘qituvchi va ziyolilar bo‘lgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoli, deputati sifatida masofadan ishtirok etib, Prezidentimiz bergan topshiriqlar ijrosini taʼminlashda biz – mahalliy Kengash deputatlari ham faol ishtirok etishimiz lozimligini yana bir bor his qildim.

Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga “favqulodda to‘qson kunlik” tartibida ishlashga o‘tish topshirilgani kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga shart-sharoit yaratish faqatgina soha masʼullari emas, balki har birimizning vazifamiz ekani, ularni o‘zlari sevgan sohalar bo‘yicha taʼlim va tarbiya olishi uchun sharoitlar yaratishni bugungi shiddatkor davr taqozo etayotganini ko‘rsatadi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur”.

Quvonarlisi, Prezidentimizning tashabbusi va eʼtibori tufayli endilikda yurtimizdagi Pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgartirilib, “Top” xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil etiladi. Aniq fanlar maktabida Myunxen texnika universiteti taʼlim dasturlari joriy etilishi, qolganlari esa Kembrij universiteti talablari asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi, xorijiy til sertifikati bor o‘qituvchilar esa Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniya kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi maktab va oliygohlarda taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Partiyamizning Saylovoldi dasturida ham mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini teran anglagan holda maʼnaviy tarbiya va sifatli taʼlimga alohida eʼtibor qaratilgan. Shu jihatdan, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini taʼminlash deputatlik guruhi zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Endilikda biz soha vakillari bilan birga viloyatning shahar yoki tumanlari, qolaversa, har bir maktabda deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, bildirilgan ishonchni oqlaymiz hamda sog‘lom va bilimli avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

 

Ilhom Rajabov,
Navoiy viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati