Bilimli avlod – taraqqiyot asosi


536     19.05.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim tizimiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi Qoraqalpog‘istonda ham sohadagi islohotlarni yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini belgilashda muhim qadam bo‘ldi.

Albatta, Qoraqalpog‘istonda ham taʼlim sohasini rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bugun hududda 726 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritmoqda. 363,5 ming nafar o‘quvchiga qariyb 39 ming nafar pedagog taʼlim-tarbiya beryapti.

Yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish borasida yaratilgan imkoniyatlar tufayli joriy yilning o‘zida maktab bitiruvchilaridan 36 nafari muddatidan oldin xorijiy oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi.

2024-2025 o‘quv yilida qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar fan olimpiadalarida ham yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, O‘zbekiston miqyosidagi fan olimpiadalarida 10 nafar o‘quvchi sovrinli o‘rinlarni egalladi. Xalqaro fan olimpiadalarida esa 4 ta faxrli o‘rin qo‘lga kiritildi.

O‘tgan o‘quv yilida maktablarni 22 ming 846 nafar o‘quvchi bitirdi va ularning 12 ming 967 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirishga muvaffaq bo‘ldi. 246 nafar o‘quvchilar esa xorij oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Albatta, bular Qoraqalpog‘istonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar natijasining bir qismi, xolos.

Maʼlumki, partiyamiz taʼlim sohasini rivojlantirishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri deb biladi. Partiyamiz dasturida taʼlim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘plab taklif-tashabbuslar ilgari surilgan. Quvonarlisi, ularning ayrimlari videoselektorda Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarda o‘z aksini topdi.

Tajibay ROMANOV,
partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi rahbari