777 20.05.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda taʼlim sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, xususan, pedagog kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha muhim tashabbus va aniq vazifalar ilgari surildi.
Bunda asosiy yangiliklardan biri – malaka oshirish jarayonini real natijadorlikka yo‘naltirish, yaʼni o‘qituvchidagi o‘zgarish o‘quvchida sezilishi kerak, degan tamoyil asosida tashkil etishdir. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti asosiy markaz sifatida faoliyat yuritishi maʼlum qilindi.
Videoselektorda yoshlar bandligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugungi yoshlar ko‘pincha bo‘sh vaqtini mazmunsiz tarzda – telefon va ekran qarshisida o‘tkazmoqda. Buning asosiy sababi – ijtimoiy va madaniy faoliyatlar uchun zarur shart-sharoitlar yetarlicha ishlatilmayotganidir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazi va konsert zallari, 1500 dan ortiq sport maydonchalari, 200 ta oromgoh va 2000 dan ziyod turizm obyektlari mavjud. Afsuski, bu obyektlarning ko‘pi bo‘sh turibdi yoki talab darajasida faoliyat olib bormayapti.
Shu bois, endilikda har bir hududda – tumandan tortib mahallalargacha – doimiy madaniy va intellektual tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi. Konsertlar, musiqa kechalari, sanʼat va sheʼriyat ko‘rgazmalari, intellektual o‘yinlar tashkil etiladi. Masalan, Yangi O‘zbekiston bog‘ida har kuni ochiq osmon ostida konsertlar o‘tkazilishi tajribasi butun respublikaga yoyiladi. Bu orqali yoshlar bo‘sh vaqtini nafaqat mazmunli, balki madaniy muhitda o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladilar.
Yig‘ilish yakunida taʼlim tizimini isloh qilish, pedagoglar malakasini oshirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash borasida aniq reja, mablag‘ va masʼullar belgilanib, joylardagi xalq vakillariga – deputatlarga ham alohida vazifalar yuklandi. Mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash orqali natijadorlikka erishish bugungi kunning muhim talabiga aylandi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz ilgari surgan ushbu tashabbuslar nafaqat taʼlim sifatini oshirish, balki butun jamiyatda yangi ijtimoiy va madaniy muhitni shakllantirishga qaratilgan muhim qadamdir. Endi ushbu islohotlarning amalda qanday samara berishi esa barcha darajadagi rahbarlar, mutasaddilar va jamoatchilik faolligiga bevosita bog‘liq.
Shavkat RO‘ZMETOV,
partiya Markaziy kengashi shoʼba mudiri