660 24.05.2025
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatimizning Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlashda yangi bosqich bo‘ldi.
Zero, uning doirasida davlatimiz rahbari Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar, Bosh vaziri Robert Golob va Sloveniya Respublikasi Milliy assambleyasi Raisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan sermazmun muzokaralar olib bordi. Siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, ekologiya, madaniyat, turizm va ta’lim sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Rasmiy tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida Qo‘shma bayonot, shuningdek diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish, ta’lim, fan va madaniyat, transport va logistika, "aqlli" shaharlarni boshqarish, standartlashtirish, suv resurslarini boshqarish hamda turizm sohalarida hamkorlik yuzasidan tegishli hukumatlararo va idoralararo bitimlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.
So‘nggi 20 yil ichida bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston — Sloveniya sammiti ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
Ikki mamlakatning 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokidagi O‘zbekiston — Sloveniya biznes forumi esa, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, elektrotexnika, "yashil" energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xususan, biznes forumi doirasida O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish, Sloveniyaning "Koper" porti salohiyatidan mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi uchun logistika xabi sifatida foydalanish, yetakchi kompaniyalar bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Natijada tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish mo‘ljallandi.
Davlatimiz rahbarining Sloveniya Milliy assambleyasi Raisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan uchrashuvida O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, shu jumladan ikki mamlakat parlamentlari darajasida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda parlamentlararo almashinuvlar faollashgani, ikki mamlakat parlamentlarida “do‘stlik guruhlari” tashkil etilgani qayd etildi. Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish uchun sohaviy qo‘mitalar darajasida parlamentlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek gumanitar hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashda, jumladan madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazmalar o‘tkazish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvlarni rivojlantirishda parlamentlarning ko‘magi zarurligi urg‘ulandi.
Shuningdek, Samarqand shahrida Birinchi O‘zbekiston — Sloveniya parlamentlararo forumini o‘tkazish taklifi bildirilib, parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan birga, O‘zbekiston — Sloveniya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi