O‘zbekiston – jahon parlament diplomatiyasining yetakchisi: parlamentlararo ittifoq 150-assambleyasi yakunlariga bir nazar


592     30.05.2025

Xalqaro hamjamiyat duch kelayotgan zamonaviy xatarlar global muloqot formatlarini yangilashni taqozo etmoqda. Parlament diplomatiyasi qonun chiqaruvchi organlarning tashqi siyosatga, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, barqaror institutlarni rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatishining o‘ziga xos mexanizmi sifatida oldingi o‘ringa chiqmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, 2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi nafaqat yubiley tadbiri, balki parlament diplomatiyasini mustahkamlashda muhim bosqich va institutsional xalqaro parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. U O‘zbekiston uchun ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham yilning eng yirik parlament voqeasi va tarixiy lahzaga aylandi.

Parlamentlararo Ittifoq va uning Toshkentda o‘tkazilgan 150-Assambleyasi

Parlamentlararo Ittifoq eng qadimgi va yirik xalqaro parlament tashkiloti bo‘lib, 1889-yilda Frederik Passi (Fransiya) va Uilyam Rendall Kreymer (Buyuk Britaniya) tashabbusi bilan tashkil etilgan. Dastlab, Ittifoq xalqaro nizolarni arbitraj yo‘li bilan hal etish va davlatlararo muloqotning doimiy shakllarini yaratishga ko‘maklashishni maqsad qilgan. Vaqt o‘tishi bilan tashkilot milliy parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlik orqali demokratiya, inson huquqlari va barqaror rivojlanishni rivojlantirish uchun universal platformaga aylandi.

Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoq 182 ta milliy parlament va 15 ta uyushgan a’zoni o‘zida birlashtirgan holda, 6 milliarddan ortiq inson manfaatlarini ifodalaydi. Tashkilot BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilib, asosiy global masalalar bo‘yicha qonunchilik kun tartibini ilgari surib kelmoqda.

Toshkentda o‘tkazilgan 150-Assambleya misolida Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi parlament a’zolari nafaqat kuzatuvchi, balki global jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanib borayotganini yana bir bor amalda yaqqol namoyish etdi. Ushbu anjuman bo‘lib o‘tgan kunlari O‘zbekiston poytaxti ilk bor turli siyosiy tizim va qarashlarga ega davlatlar ochiq va konstruktiv muloqot olib boradigan global parlament maydoni vazifasini bajardi. Toshkent Assambleyasi parlament diplomatiyasining amaldagi – madaniyatlar, manfaatlar va mintaqalar kesishmasidagi yorqin namunasi bo‘ldi.

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasini o‘tkazish joyi sifatida Toshkentning tanlanishi O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi roli ortib borayotgani, ko‘p tomonlamalik va ochiqlik prinsiplariga sodiqligining e’tirofi bo‘ldi. O‘zbekiston parlament diplomatiyasi siyosatini faol amalga oshirib, xorijiy parlamentlar va xalqaro institutlar bilan aloqalarni tobora mustahkamlamoqda.

Toshkent Forumida 140 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, 100 dan ziyod spiker va vitse-spikerlar, 750 nafar deputat, 25 ta xalqaro va parlamentlararo tashkilot rahbarlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari global xavfsizlikdan iqlim o‘zgarishigacha, raqamli transformatsiyadan tenglik va inklyuziyagacha bo‘lgan – davrimizning eng dolzarb muammolarini muhokama qilishda ishtirok etdi. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining o‘ziga xosligi nafaqat uning ko‘lami, balki muhokamalarning chuqurligi, pozitsiyalarning ochiqligi va yalpi yechimlar topishga astoydil intilishida ham namoyon bo‘ldi.

Toshkent deklarativ, ya’ni yuzaki muloqotlar emas, balki konstruktiv – tom ma’noda ishchan va amaliy parlament hamkorligi maydoniga aylandi. Bu fikrimizni pandemiyadan keyingi tiklanishning ustuvor yo‘nalishlari, tengsizlikka qarshi kurash va global o‘zgarishlar sharoitida aholining demokratik ishtirokini ta’minlash zaruratini aks ettiruvchi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat sohasidagi parlament harakatlari” chorlovi Parlamentlararo Ittifoq 150-Assambleyasining mavzusini sifatida tanlangani yaqqol tasdiqlaydi.

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi kun tartibidan, xususan:

  • Assambleyaning bosh mavzusi bo‘yicha umumiy munozaralar;
  • Parlamentlararo Ittifoqning tinchlik, barqaror rivojlanish, demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mitalari majlislari;
  • o‘zining 40 yilligini nishonlagan Parlamentariy-ayollar forumi;
  • yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etishga bag‘ishlangan Yoshlar parlament forumi;
  • iqlim sohasidagi sa’y-harakatlar, parlament diplomatiyasi va ayollar salomatligiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy me’yorlar, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt etikasi, parlamentlarni inson huquqlarini himoya qilishga jalb qilish masalalari bo‘yicha davra suhbatlari va seminarlar o‘rin oldi.

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi davomida hozirgi zamonning quyidagi asosiy masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Birinchi masala – tinchlik va xavfsizlik yo‘lida parlament diplomatiyasi. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining asosiy mavzularidan biri global xavfsizlikni ta’minlashda parlamentlarning roli bo‘ldi. Parlament a’zolari mojarolar sharoitida hukumatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini ta’minlash, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash muhimligini muhokama qildilar. Yaqin Sharqdagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilish va diplomatik vakolatxonalarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Ikkinchi masala – ijtimoiy adolat va taraqqiyot. Parlament a’zolari parlamentlar ijtimoiy adolat, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy himoyani qanday ta’minlashi mumkinligini ko‘rib chiqdilar. Bunda mamlakatlar ichida ham, ular o‘rtasida ham tengsizlikni kamaytirish, barqaror ijtimoiy himoya dasturlarini amalga oshirish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligiga urg‘u berildi.

Uchinchi masala – gender tenglik va ayollarning siyosatdagi ishtiroki. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi siyosatda ayollarni ilgari surishdagi yutuqlar va muammolarni muhokama qilish uchun qulay muloqot maydoniga aylandi. Parlamentlararo Ittifoq ayollarning parlamentdagi ishtiroki bo‘yicha so‘nggi reytingni taqdim etdi: global miqyosda ayollar 26,9 foiz o‘rinni egallab turibdi, ammo bu yo‘nalishdagi o‘sish sekinlashmoqda.

Xotin-qizlar forumi sessiyalarida Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining asosiy rezolyutsiyalariga gender masalalarini kiritish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Raqamli reallik sharoitida ayollarning siyosatdagi ishtirokini kengaytirish va huquqlarini himoya qilish choralari ko‘rildi.

Bundan tashqari, Parlamentlararo Ittifoqning Parlamentariy-ayollar forumi o‘zining 40 yilligini nishonlash asnosida xotin-qizlarning parlament faoliyatidagi yutuqlarini ta’kidlab, ayni chog‘da global miqyosda ayollar huquqlarini ilgari surishda davom etishini amaloda namoyon etdi.

To‘rtinchi masala – parlamentlar kelajagi va ularda yoshlarning ishtiroki. Parlamentlararo Ittifoqning Yoshlar forumi doirasida yoshlarning siyosatdagi ishtiroki mavzusi muhokama qilindi. Parlament a’zolarining ta’kidlashicha, faol fuqarolik pozitsiyasiga qaramay, yoshlar hali ham parlamentlarda kam vakillikka ega. Yoshlarni siyosatga jalb qilishning saylovlarda ishtirok etish yoshini qisqartirish, yosh parlamentariylar uchun kvotalar, stipendiyalar yaratish kabi mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Beshinchi masala – sun’iy intellekt odobi va raqamli inklyuziya. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasida sun’iy intellektni tartibga solish, raqamli huquqlar va yangi texnologiyalardan teng foydalanish masalalari ko‘tarildi. Sun’iy intellektni parlament tomonidan tartibga solish, raqamli texnologiyalardan teng foydalanishni ta’minlash, raqamli tafovutni bartaraf etish va fuqarolarning raqamli huquqlarini rivojlantirish mexanizmlari muhokama qilindi.

Oltinchi masala – barqaror rivojlanish va nizolar oqibatlarini yumshatish. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi, shuningdek, qurolli to‘qnashuvlar infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarini qanday vayron qilayotgani, parlamentlar bu salbiy oqibatlarni qanday yumshatishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. Gumanitar dasturlarni qonunchilik yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy infratuzilmani tiklash, ko‘chirilgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, gumanitar dasturlarni rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar ishlab chiqildi.

Parlamentlararo Ittifoq 150-Assambleyasining innovatsion tashabbus va qarorlari

Shu nuqtayi nazardan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi global muammolarni hal qilishga qaratilgan asosiy rezolyutsiyalar va tashabbuslarni taqdim etish maydoniga aylandi. Ular orasidan eng muhimlarini sanab o‘tamiz.

Birinchisi. Barqaror rivojlanish uchun mojarolarning ta’sirini yumshatish to‘g‘risidagi rezolyutsiya – barqaror rivojlanish uchun mojarolar, shu jumladan qurolli mojarolarning uzoq muddatli ta’sirini kamaytirish bo‘yicha parlament strategiyalariga bag‘ishlangan. Rezolyutsiyada jabrlangan hududlarni tiklash va rivojlantirishda parlamentning ishtiroki muhimligi ta’kidlangan.

Ikkinchisi. Yoshlar va xotin-qizlarning siyosatdagi ishtirokini kengaytirish – ushbu tashabbus Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Gender tenglikka erishish: harakat ortidan harakat” kampaniyasini boshlashga qaratilgan. Bu o‘rinda O‘zbekiston yosh avlodning qaror qabul qilishdagi rolini kuchaytirish yo‘lida Yoshlar huquqlari bo‘yicha parlamentlararo platformani yaratish tashabbusi bilan chiqqani e’tiborga sazovordir.

Uchinchisi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston uchun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish. Qozog‘iston tomoni ayni shunday mintaqaviy markazni Almati shahrida tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

To‘rtinchisi. Falastinda “ikki davlat” yechimini ilgari surish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Unda mintaqada barqaror tinchlikka erishish uchun asos sifatida ikki davlat – Isroil va Falastinni tashkil etish to‘g‘risidagi yechimga kelish zarurligi ta’kidlangan.

Beshinchisi. Kryomer-Passi mukofotiga 2025-yil bo‘yicha nominatsiyalar e’lon qilindi. Bu mukofot gender tenglikni ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun parlament a’zolariga topshiriladi.

Oltinchisi. Parlamentlararo Ittifoqqa yangi a’zolar qabul qilindi. Xususan, Beliz Milliy Assambleyasi Parlamentlararo Ittifoqning 182-a’zosiga aylandi.

Yangi O‘zbekiston rahbari mintaqaviy va xalqaro parlament hamkorligini mustahkamlovchi muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu o‘rinda, jumladan, davlatimiz rahbarining:

  • Yoshlar va kelajak avlod huquqlari bo‘yicha parlamentlararo platformani yaratish;
  • Toshkentda Parlament diplomatiyasi mintaqaviy markazini ta’sis etish;
  • Parlamentlararo Ittifoq shafeligida Yosh parlamentariylar akademiyasini o‘tkazishga oid amaliy takliflari haqida so‘z bormoqda.

Ushbu takliflar zamirida, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning inklyuziv va barqaror kun tartibini shakllantirishdagi faol pozitsiyasi, shuningdek, global muammolarni hal qilish va demokratik institutlarni rivojlantirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish borasidagi qat’iy xohish-irodasi o‘z mujassamini topgan.

O‘zbekiston Prezidentining nutqi – parlament diplomatiyasi yangi davrining yorqin timsoli

Ishtirokchilarning e’tirof etishlaricha, davlatimiz rahbarining nutqi Parlamentlararo Ittifoq 150-yubiley Assambleyasining eng yuqori nuqtasi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti jahon parlament hamjamiyatiga murojaatida parlament diplomatiyasining nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini kengaytirish, iqlim muammolari va korrupsiyaga qarshi kurashish, shuningdek, xalqlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash vositasi sifatidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Ushbu tarixiy nutq Assambleyaning muhim voqeasi bo‘libgina qolmay, balki parlament diplomatiyasi uchun yangi kun tartibini ham ochib berdi. Shuning uchun Prezidentimizning ayrim g‘oya va tashabbuslariga muxtasar to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Birinchidan. Parlamentlar – xalqlarning ovozi, umid va ishonch ovozi. O‘sib borayotgan xalqaro keskinlik va global tahdidlar sharoitida Shavkat Mirziyoyev dunyo ahliga milliy parlamentlarning roliga yangicha qarashni taklif qildi. Prezidentimizning so‘zlariga ko‘ra, “kuchli parlamentlar – barqaror tinchlik asosi”, parlament muloqoti esa nizolarning oldini olish va xalqlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashning samarali vositasidir.

Davlatimiz rahbari global parlament muloqotini ishonch, inklyuzivlik va adolat tamoyillari asosida qayta formatlash zarurligini ta’kidladi, bu esa parlamentlarning nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish jarayonlariga faol aralashuvini talab qiladi. O‘zbekiston rahbari “qurol tili yangraydigan” dunyoda parlamentlarni “vijdon va kelajak tili bilan gapirish”, fuqarolarning orzu-intilishlari va manfaatlarini ifoda etishga chorladi. O‘zbekiston Prezidentining e’tirof etishicha, parlamentlar global yechimlarda xalqlar ovozi eshitilishida muhim rol o‘ynaydi.

Ikkinchidan. Demokratik transformatsiyalar – parlament legitimligining asosi. Prezidentimiz o‘z nutqida so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli islohotlarga alohida e’tibor qaratdi. Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, qonunchilik faoliyatiga innovatsion mexanizmlarni joriy etish va fuqarolik jamiyatining siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi muhimligi haqida gapirdi.

Shavkat Mirziyoyev davlat institutlarining ochiqligi va shaffofligi nafaqat mamlakatning ichki rivojlanishiga, balki uning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga ham xizmat qilishini uqtirdi. Shu bilan birga, “Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam bosib, dunyo hamjamiyati bilan ochiq va jadal muloqot olib bormoqda. Biz mamlakatimizda kuchli va mas’uliyatli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratyapmiz” – deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Uchinchidan. Parlament diplomatiyasi va ko‘p tomonlama hamkorlik. Prezidentimiz o‘z nutqida xalqaro hamkorlik masalalariga alohida o‘rin ajratib barcha mamlakatlar parlamentlarini iqlim o‘zgarishidan tortib ijtimoiy adolatni ta’minlashgacha bo‘lgan global muammolarni hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi. Davlatimiz rahbari Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi tajriba almashish va hamkorlikning umumiy prinsiplarini ishlab chiqish uchun noyob maydon bo‘lib xizmat qilayotganini, bu esa tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida ayniqsa muhim ekanini ta’kidladi.

To‘rtinchidan. Yoshlar va xotin-qizlar – parlament kun tartibi markazida. O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida gender tenglik va yoshlarning siyosatdagi ishtiroki masalalariga ham to‘xtaldi. Xotin-qizlar va yoshlarni faol jalb etish barqaror va innovatsion rivojlanish garovi ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining so‘zlariga ko‘ra, teng imkoniyatlar sohasidagi islohotlar nafaqat har bir fuqaroning salohiyatini ochish, balki mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi formatlarini yaratish imkonini ham beradi.

Qisqacha aytganda, O‘zbekiston Prezidentining Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi nutqi tinchlik va xavfsizlikning global arxitekturasida milliy parlamentlarning rolini anglashning yangi darajasini namoyon etdi. Parlament diplomatiyasi – nafaqat davlatlararo hamkorlik vositasi, balki demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va barqaror rivojlanishni mustahkamlash mexanizmi hamdir. Hozirgi davr sharoitda parlament institutlarini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar global tinchlik va ijtimoiy adolatni ta’minlash uchun strategik ahamiyatga ega.

Yanada e’tiborlisi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi butun dunyo parlament delegatsiyalari tomonidan iliq kutib olindi. Davlatimiz rahbarining takliflari O‘zbekistonning xalqaro diplomatiyada faol ishtirokchi va global jarayonlarda konstruktiv vositachi sifatidagi roli ortib borayotganining o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” Toshkent deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.

O‘zbekiston Prezidentining nutqi: xalqaro e’tiroflar

E’tiborli jihati Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqiga Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi ishtirokchilari g‘oyat munosib, ya’ni yuqori baho berdi. Ekspertlar va parlament a’zolari ushbu nutqning mohiyatan teranligi, global muammolarni qamrab olganligi va adolatli dunyo barpo etishda parlamentlar rolini kuchaytirishga qaratilganligini alohida ta’kidladilar. Ayrim misollarni keltiramiz.

Antonio Alonso (Ispaniya): “Zamonaviy dunyo mojarolar, qashshoqlik, iqlim o‘zgarishi, sun’iy intellekt misolida ulkan muammolarga duch kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, men Prezident Shavkat Mirziyoyevning sun’iy intellektdan foydalanish odobi bo‘yicha huquqiy asos yaratish zarurligi haqidagi taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman”, deb ta’kidladi.

Faruq Hamid Nayek (Pokiston) shunday dedi: “O‘zbekiston Prezidentining Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi ochilishidagi nutqi haqiqatan ham ilhombaxshdir. Nutq jahonshumul masalalar qamrab olingan holda, inson hayotining eng muhim jihatlari to‘g‘risida so‘z bordi. Global muammolar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, Parlamentlararo Ittifoqning ahamiyati, butun dunyo kelajagi uchun qayg‘urish zarurligiga e’tibor qaratildi”.

Barbara Bartosh (Polsha) fikricha, “O‘zbekiston Prezidentining forum ochilishidagi nutqi global muammolar muhokamasiga salmoqli hissa qo‘shdi. Shavkat Mirziyoyev tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotga oid eng muhim masalalarga to‘xtalib, bu jarayonlarda parlamentlar faol ishtirok etishi muhimligini qayd etdi. O‘zbekiston yetakchisi tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlarning rolini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Assambleyaning O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusi mamlakatning global muammolarni xalqaro hamkorlik orqali hal etishga intilishidan yorqin dalolatdir”.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlament namoyandalari bilan uchrashuvlari: Yeroosiyodan – Yaqin Sharqqacha

O‘zbekiston Prezidenti Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida jami 11 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuvlarda 17 ta xorijiy davlat parlamentlari rahbarlari va ikkita yetakchi xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish mavzularida so‘z yuritildi. Shuningdek, O‘zbekistonning yangi tashqi siyosat konsepsiyasi (doktrinasi) doirasida xalqaro sheriklikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqadagi eng yaqin qo‘shnilar va sheriklar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Belarus va Ozarbayjon parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Markaziy Osiyoning tinchlik va barqarorlik mintaqasi sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari jadvalida mintaqaviy va global siyosatda tobora muhim rol o‘ynayotgan Turkiya, Hindiston, Pokiston va Vetnam parlamentlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar muhim o‘rin egalladi.

Prezidentimiz Bahrayn, Misr, Qatar, Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari qonun chiqaruvchi organlari rahbarlari va Arab parlamenti raisi bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Bunda barqaror rivojlanish, gumanitar tashabbuslar, shuningdek, dinlararo va madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama mavzulari bo‘ldi.

Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida O‘zbekiston rahbariyati xalqaro parlamentlararo tuzilmalar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘tkazgan uchrashuvlarni ham qayd etish taqozo etiladi.

Muhim uchrashuvlar sirasiga Parlamentlararo Ittifoq prezidenti Tuliya Ekson va Bosh kotib Martin Chungong bilan muzokaralar kiradi. Shu o‘rinda Martin Chungong janoblari xalqaro parlament hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganini ta’kidlash ayni muddaodir.

Shuningdek, BMT Bosh kotibining Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maala bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz bilan ayni muloqot asnosida bola huquqlarini himoya qilish va BMTning O‘zbekistondagi dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar jonajon O‘zbekistonimiz va muhtaram Prezidentimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganining o‘ziga xos yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Bu muhim muloqotlar mamlakatimizning konstruktiv hamkorlik uchun ochiqligini, global parlamentarizmning yangi arxitekturasini shakllantirishdagi faol rolini amalda yaqqol namoyish etdi.

Shavkat Mirziyoyevning muloqot, ishonch va taraqqiyotga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan siyosati yana bir bor xalqaro miqyosda eng yuqori darajada e’tirof etildi. Vatanimiz poytaxtida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi nafaqat parlament demokratiyasining muhim voqeasi, balki yangi davr – parlament birdamligi va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv davrining tarixiy timsoliga aylandi.

Toshkent deklaratsiyasi: parlamentlarning global muloqotini rivojlantirish yo‘lida tarixiy qadam

Diqqatga sazovor tomoni Parlamentlararo Ittifoq 150-Assambleyasining yakunida “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” nomli Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu hujjat ko‘p kunlik muhokamalarning cho‘qqisi va xalqaro parlament hamjamiyati hozirgi davrning ustuvor muammolari bo‘yicha erishgan konsensusning mo‘jaz ifodasidir.

Mazkur Deklaratsiya strategik xususiyatga ega. U global xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, ijtimoiy adolat, inson huquqlari va gender tenglikni ilgari surish, yoshlar va inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha parlament harakatlarining keng qamrovli dasturi hisoblanadi.

Toshkent deklaratsiyasida ijobiy o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida parlamentlarning roli alohida ta’kidlangan. Endi esa Toshkent deklaratsiyasining asosiy yo‘nalishlariga e’tiboringizni qarataman.

Birinchi yo‘nalish. Tinchlik va xavfsizlik. Deklaratsiyada nizolarni hal qilish, harbiy to‘qnashuvlarning oldini olish va xalqaro huquq normalariga rioya etilishini ta’minlash uchun parlament muloqotidan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash, xususan, Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat o‘rtasida hal qilish g‘oyasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikkinchi yo‘nalish. Barqaror rivojlanish. Deklaratsiyada qurolli mojarolardan zarar ko‘rgan mintaqalarni tiklash va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga oid barqaror rivojlanish modellarini amalga oshirish ustidan parlament nazorati konsepsiyasi ilgari surildi. Parlamentlar a’zolarining ta’kidlashicha, barqaror rivojlanishga faqat davlatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va xalqaro tajribadan samarali foydalanish orqali erishish mumkin.

Uchinchi yo‘nalish. Ijtimoiy adolat. Deklaratsiyaning markaziy unsurlaridan biri fuqarolarning barcha toifalari uchun asosiy ijtimoiy xizmatlar – ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyatini ta’minlash talabidir. Bunda ijtimoiy tengsizlikni kamaytiradigan va aholining zaif qatlamlarini himoya qiladigan qonunlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlanmoqda.

To‘rtinchi yo‘nalish. Gender tenglik va yoshlar ishtiroki. Deklaratsiyada xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini oshirish muhimligiga e’tibor qaratilmoqda. Parlamentlar a’zolari tomonidan barqaror va inklyuziv rivojlanishning kafolati bo‘lgan kvotalar, murabbiylik dasturlari va siyosatda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish choralarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.

Toshkent deklaratsiyasining xalqaro ahamiyati:kelajakka nazar

Darhaqiqat, Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi shunchaki tavsiyalar to‘plamidan iborat emas. Aksincha, bu hujjat allaqachon parlament diplomatiyasini kuchaytirish va global hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratishga qaratilgan strategik platformaga aylandi.

Bu o‘rinda qanday yangi mexanizmlar nazarda tutilmoqda?

Birinchisi – parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish. Deklaratsiyada milliy qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasida parlament tajribasini faol almashish va global tahdidlarga javob berishning yagona tizimini shakllantirish muhimligi ta’kidlangan. Parlamentlar a’zolarining fikricha, xalqaro darajada muloqot va muvofiqlashtirishning yangi parlament mexanizmlarini yaratish zarur.

Ikkinchisi – parlament demokratiyasining yangi sifati. Deklaratsiya vakillik hokimiyatining evolyutsiyasi, ya’ni tadrijiy rivojlanishini ko‘rsatadi: zamonaviy parlamentlar muammolarni passiv, sust muhokama qilishdan global kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishga o‘tmoqda. Bu yangilik qonun chiqaruvchi organlarning o‘zgaruvchan dunyo sharoitida islohotlarning to‘laqonli ishtirokchisi bo‘lishga intilishini aks ettiradi.

Uchinchisi – barqarorlik va moslashuvchanlik. Iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik inqirozlar sharoitida Deklaratsiya milliy parlamentlar uchun nizolar oqibatlarini bartaraf etish, resurslarni qayta taqsimlash va ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha strategik rejalar tuzish imkonini beruvchi o‘ziga xos "yo‘l xaritasi"ga aylanadi.

To‘rtinchisi – harakatlar uchun siyosiy signal. Kelgusi yillarda Toshkent deklaratsiyasi milliy darajadagi qonunchilik tashabbuslari va sohadagi hamkorlikning parlament platformalarini, xususan:

  • Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish;
  • ijtimoiy himoyaning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • siyosatda ayollar va yoshlar huquqlarini kengaytirish;
  • xavfsizlik, iqlim va raqamli transformatsiya muammolari sharoitida parlamentlararo hamkorlikda innovatsiyalarni joriy etish kabi sohalar bo‘yicha yanada mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Beshinchisi – yangi avlod dasturiy hujjati. Deklaratsiya dunyo parlamentlarining yanada adolatli, xavfsiz va barqaror kelajakni yaratishga bo‘lgan umumiy intilishini aks ettiradi. U muloqot, birdamlik va amaliy harakat tamoyillariga asoslangan parlament diplomatiyasi uchun strategik yo‘nalishlarni shakllantirish va yuqori marralarni belgilash uchun xizmat qiladi.

Oltinchisi – ijtimoiy rivojlanish parlament kun tartibining markazida. Toshkent deklaratsiyasida bundan 30 yil oldin Kopengagenda bo‘lib o‘tgan ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha birinchi sammit boshlab bergan kun tartibiga qaytish muhimligi ta’kidlangan. Ishtirokchilar Qatardagi sammit yaqinlashgani munosabati bilan ijtimoiy rivojlanishni parlament kun tartibining markaziga qo‘yish zarurligini ta’kidladilar.

Bundan maqsad – barqaror rivojlanishga, ayniqsa:

  • qashshoqlik va ochlikni tugatish,
  • sog‘liqni saqlash, ta’lim va gender tenglikni ta’minlash,
  • munosib ish va iqtisodiy o‘sish,
  • tengsizlikni kamaytirish,
  • tinchlik va adolat institutlarini mustahkamlash yo‘nalishlaridagi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdir.

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yakunida parlament a’zolari g‘oyat muhim muhokamalarni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Parlamentiga minnatdorchilik bildirdilar. Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy rivojlanish va demokratik islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab borayotganini ta’kidlab, zamonamiz tahdidlariga mos keladigan, barcha insonlar uchun adolat va tinchlikni ta’minlashga qodir kuchli global ijtimoiy rivojlanish kelishuvini ishlab chiqishga chaqirdilar.

Xalqaro miqyosdagi yetakchilar – 150-Assambleya haqida

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi jahon parlament ekspertlari va siyosiy hamjamiyatida keng aks-sado berdi. Ishtirokchilarning fikrlarini umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, “O‘zbekiston global muloqot arxitekturasini shakllantirayotgan davlatlar qatoridan dadil joy oldi”, degan e’tirof kelib chiqadi.

Xalqaro parlamentlar hamjamiyati Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasini o‘tkazishning ham mazmuniy, ham tashkiliy darajasini yuqori baholadi. Ko‘plab delegatsiyalar O‘zbekiston xalqaro parlament kun tartibida yetuklik va yetakchilikni namoyish etganini ta’kidladilar. Mehmonlarimizning yakdil e’tiroficha, Yangi O‘zbekiston – parlament diplomatiyasi yetakchisidir.

Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi O‘zbekistonning barqaror rivojlanish, xavfsizlik va parlament diplomatiyasi sohasidagi sa’y-harakatlarini xalqaro miqyosda e’tirof etish uchun minbar bo‘ldi. Xalqaro parlament tashkilotlari vakillari va turli mamlakatlar parlamentlari a’zolari O‘zbekiston global miqyosda konstruktiv tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etayotganini alohida qayd etdi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston dunyo bo‘linishlarga duch kelgan taqdirda ham parlament qanday qilib birdamlik maydoni bo‘lishi mumkinligini namoyish etdi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston Yevroosiyoning nafaqat geografik, balki turli xil ovozlarni ham birlashtirishga qodir bo‘lgan siyosiy markazi ekanligini ham isbotladi”.

Jozef Tomas Isaak (Dominikana) “O‘zbekiston Assambleyada muhim tashabbuslarni ilgari surgan davlat sifatida namoyon bo‘ldi”, degan bo‘lsa, Per Ferdinando Kasini (Italiya) “Assambleyaning o‘tkazilishi O‘zbekistonning mintaqaviy yetakchiligini mustahkamlaydi”, degan fikrni bildirdi.

Qatar vakili Hasan Al-Gaminning fikricha, “150-yubiley Assambleyasining Toshkentda o‘tkazilishi so‘nggi yillarda o‘z islohotlari bilan xalqaro hamjamiyatga namuna bo‘layotgan O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega”. Maltalik Anjelo Farruja esa “Toshkentdagi Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi zamonaviy dunyo muammolarini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatdir”, deya e’tirof etdi.

Parlamentlar a’zolari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va ijobiy o‘zgarishlarni alohida qayd etdilar. Mamlakatimiz tinch-totuv yashash, ochiqlik, muloqot va yaxshi kelajakka intilish namunasi sifatida qabul qilindi.

Parlamentlararo Ittifoq prezidenti Tuliya Ekson: “O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar yuksak e’tirofga loyiq, zero biz mamlakatingiz qanday rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz”, deb ta’kidladi. Mamlakat barqaror rivojlanayotgani munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti va Senat Raisini yana bir bor tabrikladi.

Kajo-Gansax Doyo (Gana) fikricha, “Bugungi O‘zbekiston muloqot, o‘zgarishlar va ochiq kelajak ramzidir”. O‘z navbatida, Ali Rashid al-Nuaymiy (BAA) ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston – birdamlik va hukumatlararo muloqot timsoli”.

Manzoor Nodir (Gayana): “Biz O‘zbekiston sivilizatsiyasi tarixidan, yaqin qo‘shnilar bilan ahil yashash tajribasidan ko‘p narsani o‘rganamiz”.

No‘mon Kurtulmush (Turkiya): “O‘zbekiston – ajdodlarimiz Vatani”.

Lorenso Bugli (San-Marino): “Assambleyada qabul qilingan muhim hujjatlar barcha xalqlarning farovonligiga xizmat qiladi”.

Ruta Milute (Litva): “Toshkent Assambleyasi juda samarali o‘tdi va biz mamlakatingizdan eng yaxshi yechimlarni olib qqaytayotganimizdan mamnunmiz”.

Uilson Soto Plasios (Peru): “Assambleya yuqori darajada tashkil etilgan bo‘lib, unda jahon xalqlari hayotiga oid muhim masalalar ko‘rib chiqilgani diiqatga molikdir”.

Ijtimoiy va gender tashabbuslari yuzasidan fikr bildirgan ekspertlarning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston ijtimoiy himoya va gender tenglikni ilgari surish sohasida ijobiy namuna ko‘rsatdi. Xalqaro ekspertlar va deputatlar ushbu yutuqlarning boshqa mamlakatlar uchun o‘rnak sifatidagi ahamiyatini qayd etdilar.

Xususan, Susan Amero (Uganda): “O‘zbekistonning aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasi ko‘plab mamlakatlar uchun o‘rnakdir”, dedi. Shuningdek, Kseniya Skenlon (BMT): “Ayollar huquqlari – barqaror rivojlanish va oziq-ovqat xavfsizligi kafolati”, deb ta’kidladi.

Rasmiy shaxslarning chiqishlarida ham samimiy qabul va e’tirof uchun minnatdorlik aks etdi. Parlament a’zolari va ekspertlarning baholashicha, Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining tashkil etilishi eng yuqori darajada bo‘lgan – ro‘yxatga olish xizmatlari ishidan tortib ishtirokchilarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlashgacha – barchasi mehmonlarimizga ma’qul bo‘ldi.

Umuman olganda, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi milliy parlamentlar vakillari tomonidan yuksak baholandi. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi o‘zining tarixiy ahamiyati, keng qamrovli kun tartibi, faol tajriba almashish va xalqaro parlament hamkorligi hamda demokratiyani rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni namoyish etgani alohida e’tirof etildi.

Yanada aniq qilib aytganda, xalqaro miqyosdagi parlamentariylarning qayd etishicha, Toshkent Yangi O‘zbekiston parlament diplomatiyasining jadal rivojlanayotgan jahon markazi sifatidagi maqomini amalda tasdiqladi. Shuning barobarida, poytaxtimiz global muloqotni mustahkamlash va bugungi kunning eng o‘tkir muammolarini hal qilish bo‘yicha keyingi qadamlar qo‘yishning boshlang‘ich nuqtasi sifatida tarixdan joy oldi.

Parlamentlararo Ittifoqning Toshkent yubiley Assambleyasi xalqaro miqyosdagi tadbirlardan ko‘ra ancha muhimdir. Chunki bu Assambleya parlamentlararo muloqotning yangi falsafasi bo‘lib, uning markazida inson, huquqlar, ishonch va kelajak turadi. Ayni jarayonda O‘zbekiston shunchaki qabul qiluvchi tomon emas, balki parlamentlar tobora muhim rol o‘ynayotgan global parlament diplomatiyasining yangi to‘lqini yetakchisiga aylandi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning mezbon sifatida tanlanishi, uning yangi kun tartibini shakllantirishdagi tashabbuskorlik roli, shuningdek, muhokama qilinayotgan mavzularning ko‘lami Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasini XXI asr parlament diplomatiyasini rivojlantirishda burilish nuqtasi sifatida ko‘rib chiqish imkonini beradi. O‘zgarib borayotgan dunyoda aynan parlamentlar tinch o‘zgarishlar, qonuniy qarorlar va barqaror rivojlanishning drayveriga aylanishi mumkin.

Toshkent deklaratsiyasi, qabul qilingan rezolyutsiyalar, yangi tashabbuslar va ishtirokning yuqori darajasi xalqaro parlament hamjamiyatining global tahdidlarga birgalikda javob berish hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishdan barqaror rivojlanish va ijtimoiy adolatgacha bo‘lgan adolatli va barqaror siyosiy kun tartibini shakllantirish qobiliyatini tasdiqladi. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi xalqaro hamjamiyatning oshkoralik, mas’uliyat va tenglik tamoyillariga tayangan holda qo‘shma qarorlar ishlab chiqish qobiliyatini namoyish etdi.

Yangi tashabbuslar va yangilangan rezolyutsiyalar innovatsiyalar va o‘zgarishlar davrida global hamkorlik va parlament diplomatiyasini yanada ilgari surish uchun asos bo‘ishi tayin. Yanada muhimi, ko‘tarinki ruh va yangilanishlarga intilish kayfiyatini namoyon etgan bu tarixiy forum jahon hamjamiyatining mustahkam tinchlik, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni o‘rnatish yo‘lidagi kelgusi faoliyatiga yo‘nalish berdi.

 

Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati, akademik