O‘rganishlardan maqsad kimnidir yomonotliq qilish emas


995     05.06.2025

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlarning hududlardagi navbatidagi o‘rganishlari yakunlari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi reglamentiga muvofiq, partiya fraksiyasi aʼzolari ham 28 - 31 - may kunlari hududlarda bo‘ldi. Partiya g‘oyalari va Ish rejadan kelib chiqib, elektorat vakillari, saylovchilar, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ijtimoiy obyektlar faoliyati bilan tanishildi, muammolari o‘rganildi, qonunchilikka takliflar olindi. Qonunlar, Davlat rahbarining farmon va qarorlari, videoselektor yig‘ilishlari, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi o‘rganildi. 

Fraksiya aʼzolari tomonidan partiyaning mahalliy kengashlardagi deputatlari hamrohligida 451 ta obyekt, jumladan, 88 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 142 ta xonadon, 145 ta ijtimoiy soha tashkiloti, 56 ta tadbirkorlik subyektlariga tashrif buyurildi. Joylarda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilinib, 200 ga yaqin uchrashuv, sayyor qabullar o‘tkazildi. Eʼtiborli tomoni: deputatlar saʼy-harakati bilan aholidan tushgan murojaatlarning 10 foizdan ortig‘i joyida hal qilindi. Joyida hal etilmagan murojaatlar esa hududiy kengashlardagi deputatlar orqali mahalliy ijro hokimiyati bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi ochiq osmon ostidagi muzey – Sarmishsoy darasida bo‘lgan Alisher Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh qoyatosh tasvirlar qanday saqlanayotgani va turistlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Taʼkidlash lozim, Sarmishsoy muzey-qo‘riqxonasi oddiy qo‘riqxona emas, butun Markaziy Osiyoning tashrif qog‘ozi va dunyo turistlari uchun o‘xshashi kam bo‘lgan jozibador maskandir. Mintaqamizga keladigan har bir sayyoh safarini Sarmishsoydan boshlashi kerak. Chunki u yerdagi har bir tosh bitik 7-10 ming yil avvalgi hayot bilan bog‘liq. Ayrimlari qoliplarni buzadigan darajada hayratlanarli: ot mingan hukmdor, skafandr kiygan odamlar, insonga o‘xshash maxluqlar va hokazo. Bir toshda estetik mukammal darajada ov jarayoni aks etgan. Biroq noyob eksponatlar ustiga chizilgan, mog‘or bosib kelmoqda. Tadqiqot, yosh arxeologlarning izlanishlari esa yo‘qyu Turistlarni jalb qilish uchun targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilmagan. 5 ming gektar joy, aniqlangan 10 mingdan ortiq tosh bitikka 1 nafar tozalovchi va 4 nafar qo‘riqchi, maosh esa juda kam.

Deputatlar Sarmishsoyni saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar kam emasligidan kelib chiqib, muzey-qo‘riqxonani boshqarish professionallar tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha takliflarini berdilar.  Chunki bu suratlar oddiy bitiklar emas. Ularda ajdodlarimiz madaniyati, yashash tarzi, tarixi aks etgan. Shu bois, qoyatosh suratlarni xalqimizning bebaho boyligi sifatida asralishi shart.

Davlat rahbari raisligida 26 may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida sanoat o‘sishi 1,1 foizni boy bergani ko‘rsatilib, ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Mahalliy Kengash deputatlari hamrohligida “Mirzo Ulug‘bek kichik sanoat zonasi”da bo‘lgan deputat Vasila Fayziyeva ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishgan bo‘lsa, Farg‘onada bo‘lgan Sayyora Jumayeva Bag‘dod tumani “Chekmirza” mahallasidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 9 nafar xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan, qovoq yetishtirib, mo‘may daromad ko‘rayotgan, shuningdek, supurgi ishlab chiqarish orqali o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar xonadonlarida bo‘ldi. Maʼlum qilinishicha, bag‘dodliklar yetishtirgan supurgilar xorijiy davlatlarga ham eksport qilinayotgan ekan.

Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida o‘rganishlar olib borgan deputat Abdulhakim Eshboyev bu safar asosiy eʼtiborni ijtimoiy daftarlarda turgan fuqarolar muammolarini o‘rgandi. Sababi ijtimoiy daftarlarga kiritilganlarning aksariyati ishsiz. Deputat harakati bilan “Surxon sohili” mahallasidan “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 11 nafar ayol “Qumtex Invest” va “Agroprosessing group” korxonalariga ishga joylashtirilgani, albatta, eʼtiborga molik. “Saylovchilarimning hech bir murojaati eʼtiborimdan chetda qolmaydi. Ular hal bo‘lmagunicha na menda, na masʼullarda tinim bo‘ladi”, dedi Bulung‘ur tumanidagi saylovchilari murojaatini eshitgan deputati Azamat Pardayev.

Fraksiya aʼzolari bu safargi o‘rganishlarda “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning joylardagi ijrosiga ham eʼtibor qaratdilar. Chunki joylardagi o‘rganishlarda aholidan tushayotgan murojaatlarning aksariyati ushub sohada bo‘lyapti.

Aholining bezovtaligi bejiz emas ekan. O‘tkazilgan o‘rganishlarda respublika bo‘ylab 371 ta ko‘p qavatli uylarning boshqaruv holati hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchi 109 ta boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati o‘rganilib, tahlil qilinganda qator muammo va kamchiliklar borligi aniqlandi. Jumladan, 52 ta ko‘p kvartirali uylarning yerto‘lasi 16 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan talab darajasida yoki umuman xizmat ko‘rsatilmagani oqibatida chiqindilardan tozalanmagan. 34 ta ko‘p kvartirali uylarning fasad qismida 18 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilmagani natijasida uylarning tashqi qismi taʼmirtalab holatga kelib qolgan.

Aholi bilan boshqaruv kompaniyalari faoliyati yuzasidan suhbatlar o‘tkazilganida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari yetarlicha olib borilmasligi, tozalik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani bo‘yicha ko‘plab eʼtirozlar bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani, Qarshi shahri, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari bu borada “yetakchi”.

Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda deputatlar tomonidan O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovga “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi to‘g‘risida” Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Parlament so‘rovini, shuningdek, navbatdagi o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari oldiga masala qo‘yish, hukumat, deputatlik so‘rovlari yuborish takliflari bildirildi.

– So‘rovlar chiqarishdan, o‘rganishlardan maqsad kimnidir yomonotliq qilish emas. Ijro hokimiyati bilan yaqin hamkorlikda, maslahatlashgan holda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammo va kamchiliklarni yechib, xalqimizning yaxshi yashashi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini taʼminlashdir, – dedi Alisher Qodirov yig‘ilish yakunida.