Yangiliklar


310   22-09-2022

“Inson qadri” onlayn portali ishga tushirildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” hamda uni amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturining ijrosi natijalarini keng jamoatchilikka yetkazib borish hamda uning joylardagi ijrosida aholining bevosita ishtirokini taʼminlash maqsadida “Inson qadri” onlayn portali ishlab chiqilib, ishga tushirildi.

Bugun partiya Markaziy kengashida onlayn portalning taqdimoti o‘tkazildi. ZOOM ilovasi orqali tashkillashtirilgan tadbirda partiyaning hududiy tashkilotlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Abduhamidov partiya vakillarini “Inson qadri” onlayn portali bilan tanishtirar ekan, ayni kunlarda Markaz ekspertlari tomonidan respublikamizdagi barcha darajadagi vazirlik, idora, tashkilotlar hamda hududlarda onlayn portalning taqdimotlari o‘tkazilayotganini taʼkidladi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – portalning ommabopligini oshirish, Taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda uning ijrosi bo‘yicha davlat organlarining masʼuliyati va hisobdorligini oshirishdan iboratdir.

Tadbirda onlayn portal haqida, jumladan, Taraqqiyot strategiyasi va bu bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturlarida belgilangan vazifalar va ularning ijrosini hududlar kesimida onlayn kuzatib borish, murojaatlar yo‘llash tartibi haqida maʼlumotlar berildi. 

"Milliy tiklanish" partiyasi Markaziy Kengashi devoni rahbari A.Jumabayev qayd etganidek, mazkur onlayn portal partiya vakillari, ayniqsa, mahalliy Kengash deputatlari uchun o‘z saylov hududi bo‘yicha Davlat dasturiga kiritilgan vazifalar qay darajada ijrosi taʼminlanayotganini nazorat qilishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.    

Ishtirokchilar “Inson qadri” onlayn portali faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi hamda uni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

 

Matbuot xizmati