864 11.06.2025
Futbol. Sir-sinoatlarga boy o‘yin. Unga rom bo‘lib qolmagan insonlar sanoqli. Unga yoshlar-u qariyalar, erkaklar-u ayollar – barcha-barcha birdek muxlis, ishqiboz. Undan ruhlangan, undan aziyat chekmagan tomoshabin kam topiladi.
Mamlakatimizda futbol katta odimlar bilan rivojlanmoqda. Futbolimiz barcha darajada biz istagan, biz orzu qilgan natijalarga erishmoqda. Terma jamoamizning kelgusi yili o‘tkaziladigan Jahon chempionati final o‘yinlariga yo‘llanma olishi biz muxlislarning, xalqimizning orzularini ro‘yobga chiqardi.
Biz bu tarixiy jarayonni qanchalar kutdik. Hozirgidek esimda. Shaxsan o‘zim 1968-yili beshinchi sinfdan oltinchi sinfga kuchganimda birinchi bor Yevropa chempionati final bosqichini ko‘rganman. O‘shanda sobiq Yugosloviya jamoasi Angliya jamoasini 1:0 hisobida yutgan. 1970-yili 7-sinfdan 8-sinfga ko‘chgan paytlarim Meksikada to‘qqizinchi jahon chempionatini zo‘r ishtiyoq bilan ko‘rganman. Hozirgidek esimda, final o‘yinda braziliyaliklar nemislarni 4:3 hisobida qoldirgan. Pele o‘ynagan, Myuller o‘ynagan. Chempionat juda qalbimda katta taassurotlar qoldirgan. Lekin nimadir menga yetishmagan. Ruhimga salbiy taʼsir etgan.
Dunyoda bo‘lib o‘tayotgan shunday futbol bayramlarida bizning yo‘qligimiz taʼsir etgan. Shu haqda o‘ylaganman. Keyinchalik bu kabi ruhiy holatlar boshqa sohalarga ko‘chgan. Nima uchun, qandaydir, nomi-nishoni bo‘lmagan davlatlarning bayrog‘i BMT binosida hilpirashi, dunyoni tebratgan bizning bayrog‘imiz yo‘qligi nihoyatda og‘ir taʼsir etgan va hokazo, va hokazo.
Kecha shu narsalar haqida o‘yladim. 1970-yildan beri ellik besh yil o‘tibdi. Futbol haqidagi orzularim ushalishiga shuncha yil ketibdi. Xalqimizning saboti, matonati, tinmasdan olg‘a borishi mevasi bu. Boksni oling, dzyudoni oling, shohmotni oling, boshqa sport turlarini oling, biz, kerak bo‘lsa, o‘zimizga xos bo‘lmagan sport turlarini zabt etyapmiz. Qazisan, qartasan, o‘z naslingga tortasan, degani shu bo‘lsa kerakda. Dunyoning turli burchaklarida bayrog‘imiz, mustaqil yurtimizning bayrog‘i ko‘tarilmoqda.
Baʼzan o‘ylab qolaman. Ha-a, hozir yosh bo‘lmadim-da. Shu bayrog‘imizni dunyoning narigi burchagida bo‘lsa ham bir ko‘tarardim. Ilm-fan deysizmi, sport deysizmi, qaysi sohada bo‘lmasin o‘z yurting bayrog‘ini olam aro ko‘tarishdan ortiq sharaf bo‘lmasa kerak.
Ana shunday yoshlarni ko‘rsam ko‘zim quvnaydi. Yoshlikdan o‘z oldiga maqsad qo‘ygan, shu maqsadi sari dadil olg‘a bormoqda. Biz faqat shu yoshlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ular bizni dunyolarga tanitadi.
Ural Xaitov,
partiya faoli