Yangiliklar


72

Davlat idoralari masʼullariga ham shafqat qilinmaydi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent shahridagi arxitektura yodgorliklarining bugungi holatini o‘rganib, noto‘g‘ri foydalanish oqibatida obyektlar tarixiyligiga jiddiy zarar yetkazilganini aniqladi.

Jumladan, o‘zboshimchalik bilan 29 ta arxitektura yodgorligiga zarar yetkazgan holda 818 dona “konditsioner” hamda 20 ta obyektga 36 ta soyabon va “banner”lar o‘rnatilgan. Masalan, davlat muhofazasiga olingan Toshkent iqtisodiyot universiteti binosiga 30 ta, Fanlar akademiyasiga 49 ta yoki Transport universitetiga 98 ta “konditsioner” o‘rnatilgan.

Nazorat tadbirlarida 21 ta obyektdagi qonun buzilishi holatlari foydalanuvchilarning o‘zlari tomonidan bartaraf etilishi taʼminlandi. 25 ta obyekt foydalanuvchisiga nisbatan maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atilib, sudlarga yuborildi.

Xususan, “O‘zarxiv”, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi, “Geologiya muzeyi”, “Boshplan LITI” korxonasi va boshqa idoralar masʼul shaxslarining javobgarlik masalasi hal etildi.

Maʼlumot uchun: ayni paytda Toshkent shahridagi mavjud 290 ta tarixiy binolarning 167 tasidan turli tashkilot va idoralar foydalanib keladi.