Yangiliklar


62

Bolalar o‘limiga befarq qarash mumkinmi?

2022-yilning 6-oyida bolalar ishtirokida 596 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ular oqibatida  97 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan, 499 ta holatda esa ishtirokchilar turli tan jarohatlari olgan.

Yo‘l-transport hodisalariga asosan tezlikni oshirish, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik va zarur infratuzilma, yaʼni piyodalar o‘tish joyining yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Tahlillarda, shuningdek, maktab o‘quvchilarining qonun-qoidalarning bilmasligi yo‘l harakati qoidalari, yo‘llardan o‘tish tartibidan to‘la xabardor emasliklari hamda maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rganish uchun maxsus jihozlangan avtoburchaklar yaratilmaganligi kabi omillar sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili yo‘l transport hodisasi oqibatida 200 mingdan ortiq bola hayotdan ko‘z yumadi. Ayniqsa, 10-19 yoshdagi bolalar o‘limining asosiy sabablaridan biri yo‘llardagi fojiali transport hodisalaridir.

Bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirish bo‘yicha Koreya tajribasini misol qilib keltirish mumkin. Chunki mazkur davlat bolalarning avtohalokatdagi o‘limi holatlarini 1988-2012 yillar mobaynida 95 foizga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish uchun maktablar yaqinidagi yo‘llar holatini yaxshilash, bolalar uchun maktab avtobuslarining xavfsiz qatnovini taʼminlash, bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha sifatli taʼlim berish, yo‘l harakati xavfsizligiga ixtisoslashgan fuqarolik guruhlarini qo‘llab-quvvatlash va tegishli qonunchilik bazasini mustahkamlash dasturlari shular jumlasidan.

Ushbu davlatda qonunchilikdagi islohotlar natijasida bolalarning nafaqat piyoda sifatidagi huquqlari, balki ularning harakatlanish huquqlari ham kengroq ishlab chiqilgan. Oddiy piyoda yurish konsepsiyasidan ko‘ra, ko‘proq masalalarni o‘z ichiga qamrab oluvchi normativ hujjatlar qabul qilingan. Misol uchun, «Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun» (Road Traffic Act), «Yo‘l-transport hodisalarini bartaraf etishga oid maxsus ishlar to‘g‘risidagi qonun» (Act on Special Cases Concerning the Settlement of Traffic Accidents), «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun» (Traffic Safety Act), «Avtotransport vositalarini boshqarish to‘g‘risidagi qonun» (Motor Vehicle Management Act)lar shular jumlasidandir.

Biz ham bolalarimizga yo‘ldan o‘tish qoidalarini to‘g‘ri tushuntirmas, o‘z holicha ko‘chaga chiqarib yuborishni bas qilmas ekanmiz, achchiq bo‘lsada, aytish kerak, ko‘nglimizni xira qiladigan xabarlarni o‘qishda, hamdardlik bildirishda davom etaveramiz.

Kerak bo‘lsa, yo‘l-transport hodisasi yuz berishiga sabab bo‘ladigan har qanday vaziyatga sharoit yaratib bergan, bolasini  qarovsiz, yo‘l bo‘yida nazoratsiz harakatlanishiga yo‘l qo‘yib bergan ota-onalar ham haydovchilar bilan birdek javobgarlikka tortilishiga erishishimiz kerak. Zero, voyaga yetmagan bola uchun masʼul shaxslar, avvalo, ota-onalardir. Ana shu oddiy haqiqatni unutishga hech birimizning haqqimiz yo‘q.

 

 

Farhod ASHMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati