Deputatlar joylarga chiqib, qanday “karomat” ko‘rsatishyapti?


692     13.06.2025

Garchi sarlavha ayrim deputatlarga yoqmasa-da, uni maqola mazmunini kengroq ochib berishga xizmat qiladigan sarlavha sifatida tanladik. Tan olish kerak, keyingi yillarda milliy parlament va xalq vakillari sanalgan deputatlarga nisbatan keskin talablar qo‘yilyapti. Saylovchi ishonchini qozongan deputat endi besh yil davomida salqinda o‘tiradigan va qog‘ozdagina faoliyat yuritadigan xalq vakili emas, balki hayotiy muammolarni hal qilishga urinayotgan hazrati saylovchining ishonchli vakiliga aylanyapti.

“Milliy tiklanish”ning 29 nafar deputati ham yangi chaqiriqda ana shu talabdan kelib chiqqan holda ish olib boryapti. Bunda har oyning boshida joylarga chiqib, o‘rganishlar olib borish belgilangani ular zimmasidagi mas’uliyatni o‘n chandon oshirdi, deyish mumkin.

Partiya fraksiyasi o‘rganishlar davomida asosan saylovchilar - aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Ijtimoiy obyektlar faoliyati bilan tanishib, muammolarni o‘rganishdi, tahlil qilishdi va qonunchilikka takliflar oldilar.

Jumladan, hududiy kengash vakillari hamda mahalliy kengashlardagi deputatlar bilan 451 ta obyekt - 88 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 142 ta xonadon, 145 ta ijtimoiy soha tashkilotlari, 56 ta tadbirkorlik subyektlarida bo'ldilar. Aholi bilan esa 200 ga yaqin uchrashuv, sayyor qabullar o'tkazib, murojaatlar qabul qilishdi. E'tiborli tomoni: deputatlar sa’y-harakati bilan murojaatlarning 10 foizdan ortig‘i joyida hal qilindi.

Qolganlarini esa mahalliy kengashdagi deputatlar orqali mahalliy ijro hokimiyati bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalardan kelib chiqib, partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov boshchiligidagi maxsus ishchi guruhi Navoiy viloyatida bo‘ldi. - Safarimizni bejiz Navoiydan boshlamadik. O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish kamaygan va bunga 29 ta tumanda ko‘rsatkichlar pasaygani sabab bo‘lgan.

Ularning uchtasi ushbu Navoiyda, - dedi Alisher Qodirov viloyat markazidagi “Muhtasham mebellar” korxonasi faoliyati bilan tanishuv chog‘ida.

150 nafar ishchisi bo‘lgan korxona hatto Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlariga ham mahsulot sotyapti. Guruh a’zolari mutasaddilar bilan birgalikda ishlab chiqarish quvvatini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va milliy brendni yaratish masalalarini muhokama qilishdi.

Ishchi guruh Karmana tumanidagi Navoiy issiqlik energiya stansiyasida ham bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda stansiyada ishlab chiqarish pasaygani bois deputatlar aynan shu masalani chuqurroq o‘rgandilar.

Aniqlanishicha, korxona alternativ energiya ishlab chiqarish hajmining ortishi va tejamkor iste’mol hisobiga ishlab chiqarishni kamaytirgan. Bu qimmat energiya iste’molining kamayishi, alternativ energiya iste’moli ko‘paygani, aholining tejamkorligi ortayotganini ko‘rsatadi. Talab kamaysa, albatta, ishlab chiqarish kamayishi kerak. Energiyani omborda saqlab bo‘lmaydi-ku. Statistika esa buni ishlab chiqarish hajmini salbiy kamayishi sifatida qayd etmoqda.

Ishchi guruh Navbahor tumanidagi ochiq osmon ostidagi muzey - Sarmishsoy darasida ham bo‘lib, qoyatosh tasvirlar qanday saqlanayotgani va turistlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ta’kidlash lozim, Sarmishsoy muzey-qo‘riqxonasi oddiy qo‘riqxona emas, butun Markaziy Osiyoning tashrif qog‘ozi va dunyo turistlari uchun o‘xshashi kam bo‘lgan jozibador maskan hamdir. Shu ma’noda ham mintaqamizga keladigan har bir sayyoh o‘z safarini Sarmishsoydan boshlashi kerak. Chunki u yerdagi har bir toshbitik 7-10 ming yil avvalgi hayot bilan bog‘liq. Ayrimlari qoliplarni buzadigan darajada hayratlanarli: ot mingan hukmdor, skafandr kiygan odamlar, insonga o‘xshash maxluqlar va hokazo. Bir toshda hatto estetik mukammal darajada ov jarayoni ham aks etgan. Biroq kimlardir noyob eksponatlar ustiga chizib ketgan. Boshqa bir eksponatlarni esa mog‘or bosib ketmoqda. Bularni o‘rganish uchun esa tadqiqotlar o‘tkazilmayapti, yosh arxeologlar esa izlanishlar olib borishmayapti. Turistlarni jalb etish uchun targ‘ibot ishlari ham yo‘lga qo‘yilmagan. 5 ming gektar joy, aniqlangan 10 mingdan ortiq toshbitikka 1 nafar tozalovchi va 4 nafar qo‘riqchi to‘g‘ri keladi,xolos. Maosh ham juda kam...

Deputatlar Sarmishsoyni saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar kam emasligidan kelib chiqib, muzey-qo‘riqxonani boshqarish professionallar tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha takliflarni berdilar. Chunki bu suratlar oddiy bitiklar emas. Ularda ajdodlarimiz madaniyati, yashash tarzi, tarixi aks etgan. Shu bois, qoyatosh suratlarni xalqimizning bebaho boyligi sifatida asrash lozim.

Davlat rahbari raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida ham sanoat o‘sishi 1,1 foizga pasaygani ko‘rsatilib, uni oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Shu bois, Qonunchilik palatasi deputati Vasila Fayziyeva mahalliy kengash deputatlari hamrohligida “Mirzo Ulug‘bek kichik sanoat zonasi”da bo‘lib, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi va ko‘rsatkichlarni tahlil qildi. Farg‘onada bo‘lgan Sayyora Jumayeva esa Bag‘dod tumani “Chekmirza” mahallasidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 9 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan, qovoq yetishtirib, mo‘may daromad ko‘rayotgan, shuningdek, supurgi ishlab chiqarish orqali o‘zini-o‘zi band qilgan oilalar faoliyati bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda Bag‘dod supurgilari xorijga ham eksport qilinayotir.

Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida o‘rganishlar olib borgan deputat Abdulhakim Eshboyev asosiy e’tiborni ijtimoiy daftarlarda turgan fuqarolar muammolarini o‘rganishga qaratdi.

Sababi ijtimoiy daftarlarga kiritilganlarning aksariyati ishsiz. Deputat harakati bilan “Surxon sohili” mahallasidan “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 11 nafar ayol “Qumtex Invest” va “Agroprosessing group” korxonalariga ishga joylashtirilganini aytish joiz. Shu yilning fevralida Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov sa’y-harakati bilan “Eski qal’a” mahallasi aholisi murojaatidan so‘ng Qorako‘l tumanidagi 18-sonli maktabga qo‘shimcha bino qurish masalasi hal qilingan va 3,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, 300 o‘rinli, uch qavatli zamonaviy maktab qurilishi ham boshlab yuborilgandi. Deputat yaqinda ushbu mahallada bo‘lib, qurilish jarayonlari bilan tanishgan bo‘lsa, Buxorodan saylangan yana bir deputat Maxsud Muhammedov aralashuvi bilan ikki yillik muammo hal bo‘ldi. Gap shundaki, Buxoro viloyati hokimining 2023-yil 3-fevraldagi farmoyishiga ko‘ra, Shofirkon tumani “Nurafshon” mahallasidagi yaroqsiz bo‘lib qolgan 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rnida yangi bog‘cha qurish belgilangan edi. Biroq ijroga kelganda mablag‘ topilmadi.

Maxsud Muhammedov bu safar ushbu masala bilan shug‘ullanib, 3,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishiga erishdi. Deputatning aytishicha, yaqin kunlarda qurilish boshlanadigan bo‘libdi. Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Mirg‘oziyevaning Yuqori Chirchiq tumanidagi o‘rganishlari ancha tig‘iz kechdi. Deputat dastlab 6-sonli bog‘cha faoliyati bilan tanishgan bo‘lsa, so‘ngra 7-sonli maktabga borib, “Dolzarb 90 kunlik” - yozda yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga doir ishlar bilan tanishdi. Navbatdagi manzil “Qorasuv” mahallasi bo‘ldi. “Yettilik” vakillari bilan uchrashib, fuqarolar murojaati bo‘yicha manzilli ko‘rsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar muammolari ham o‘rganildi. Deputat tuman tibbiyot birlashmasida ham bo‘lib, tug‘ruq bo‘limi shifokorlarining sohaga oid takliflarini eshitdi, bemorlar bilan gaplashib, ayrim kamchiliklarga shaxsan guvoh bo‘ldi...

Haqiqatdan ham bu gal yechimni ertaga qoldirib bo‘lmaydigan murojaatlar, manzilli o‘rganishlar ko‘p bo‘ldi, - deydi deputat.

"Saylovchilarimning hech bir murojaati e’tiborimdan qolmaydi. Ular hal bo‘lmagunicha na menda, na mas’ullarda tinim bo‘ladi", deydi kuyinchak deputatimiz Azamat Pardayev Bulung‘ur tumani “G‘o‘bdin”, “Lalmikor”, “Nurli yo‘l” mahallalari aholisi bilan bo‘lgan uchrashuvda. Ochiq muloqotlarda aholi tomonidan asosan yo‘l ta’miri, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi.

Deputat Dilnoza Azizova fuqaro murojaati bo‘yicha Uychi tumanida yashovchi Muhabbat Azizova xonadonida bo‘ldi. Mahalla faollarining bildirishicha, deputatning familiyadoshi bo‘lgan ushbu ayolning irodasi kuchli, mehnatsevar, tinim bilmaydi: qish va kuzda somsa sotadi, bahor kelishi bilan gulchilik bilan shug‘ullanadi. “Boqimanda emasman, lekin davlatdan birgina o‘tinchim bor, - deydi ayol. - Tikuv mashinasi bo‘lsa, nafaqat oilamni ta’minlardim, ishimni kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rni ham yaratardim”.

Ayolning so‘zlari yuragimga og‘ir botdi. Ko‘rdim, ro‘zg‘ori haminqadar, moliyaviy yordam so‘raydi, deb kutgandim. Lekin ko‘zlari yonib turgan ayol imkoniyat so‘radi va uni hoziroq bajarmaslik mumkin emasligini his qildim. Shu kuniyoq tuman hokimligiga qo‘ng‘iroq qilib, tikuv mashinasini hal qildik, - dedi deputat.

Ta’kidlash lozim, fraksiya a’zolari bu safargi o‘rganishlarda “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning joylardagi ijrosiga ko‘proq e’tibor qaratdilar.

Chunki joylardagi o‘rganishlarda aholidan tushayotgan murojaatlarning aksariyati ushbu masalada bo‘lyapti.

Aholining bezovtaligi bejiz emas ekan. O‘rganishlarda respublika bo‘ylab 371 ta ko‘p qavatli uylarning boshqaruv holati hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchi 109 ta boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati o‘rganilib, tahlil qilinganda qator muammolar mavjudligianiqlandi. Jumladan, 52 ta ko‘p kvartirali uylarning yerto‘lasi 16 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan talab darajasida yoki umuman chiqindilardan tozalanmagan. 34 ta uyning fasad qismida 18 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan.

Aholi bilan boshqaruv kompaniyalari faoliyati yuzasidan suhbatlar o‘tkazilganida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari yetarlicha olib borilmasligi, tozalik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani bo‘yicha ko‘plab e’tirozlar bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani, Qarshi shahri, Farg‘ona viloyatining Toshloq, Bag‘dod tumanlari, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari bu borada “yetakchi”.

Yaqinda o‘rganishlar natijasi ko‘rib chiqildi. Shu masalaga bag‘ishlangan fraksiya yig‘ilishida natijalar tahlil qilinib, O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovga “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi to‘g‘risida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Parlament so‘rovini, shuningdek, navbatdagi o‘rganishlarda aniqlangan muammolardan kelib chiqib, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborish takliflari bildirildi.

O‘rganishlardan maqsad yillar davomida yig‘ilib qolgan muammo va kamchiliklarni yechishga ko‘maklashish va xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini ta’minlashdir, - dedi Alisher Qodirov yig‘ilishda.

 

Ravshan MAHMUDOV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 11-iyun sonidan olindi