Inqiroz ko‘lankasi


764     13.06.2025

Psixologlarning fikricha, “Oila-bu tirik organizm va u inqirozli davrlarni ham bosib o‘tadi. Uning inqirozlariga esa faqat aqllilar va omadlilar dosh beradi”. Tan olaylik: zamonaviy oilaning asosiy muammosi-bu uning jamiyat poydevori sifatida o‘z qadrini yo'qotayotganidir. Bu holatni sotsiologlar birinchi navbatda, global inqiroz deya baholab, uni urbanizatsiya, emansipatsiya, madaniyatning pasayishi va bir-birini eshitishni istamaydigan zamondoshlar xudbinligining ortishi bilan bog‘laydilar.

Bundan tashqari, nikohdan o‘tish yoshining kattalashib borayotgani, birinchi farzandning tug‘ilishi kechikayotgani, shuningdek, oila bir nafar farzand bilan qanoatlanayotgani demograflarni ham tashvishga solmoqda.

Bugun oilada suhbatlar asosan xaridlar va kreditlar borasida bo‘layotgani, bola uchun deyarli hech kim vaqt ajratmayotgani, bola tarbiyasi – “bu maktabning ishi” qabilida fikrlash, gadjetlar va virtual o‘yinlar dunyosiga chuqurroq kirib borish holatlari ko‘proq kuzatilmoqda.

Belorussiyada o‘quvchilar orasida o‘tkazilgan tadqiqotda ularning baxtli bo‘lishlari uchun nima kerakligi so‘ralgan: 90 foiz bolalar uchta juda oddiy narsani ta’kidlashgan: “onam va dadam janjallashmasliklari”, “ularning men bilan nonushta qilishga vaqt topishlari” hamda “ota-onam bilan kechqurun suhbatlashish yoki o‘ynash”, deya javob berganlar. Chindan ham bugun oilaning dolzarb muammolaridan biri-bu undagi tarqoqlikdir, ya’ni otaning oylar davomida uzoqda ishlashi, onaning esa bola uchun vaqt ajratolmasligi... Natijada vaziyat shu darajaga yetdiki, ota-onaning mas’uliyatini endi qonun asosida belgilash davlat siyosati darajasidagi masalaga aylanmoqda.

Agar ilgarigi tadqiqotlarda oilaning tizim sifatida muhim farqli jihati-uning ijtimoiy institut hamda kichik ijtimoiy guruh ekani ta’kidlangan bo‘lsa, bugungi zamonaviy tadqiqotlar bu tizimni individning shaxsiy hayoti va faoliyati doirasini faollashtiradigan, oila a’zolarining o‘zaro munosabatlari, shu bilan birga, o‘zini-o‘zi tashkil etuvchi sifatida ko‘rmoqdalar. Chunki voqelik rivojlanishning har bir bosqichida oila u yoki bu vazifasidan mahrum bo‘layotganini ko‘rsatyapti.

Bilamizki, an’anaviy oilaning vazifalari quyidagicha bo‘lgan:

reproduktiv-avlodni davom ettirish;
xo‘jalik-iqtisodiy - turmush va uy xo‘jaligini tartibga solish;
regenerativ-ijtimoiy maqom, mulk, ismi-sharifni meros qilib olish;
ta’lim-tarbiyaviy-bola tarbiyalash, ota-onalik ehtiyojlarini qondirish;
institutsional-boshlang‘ich ijtimoiy nazoratni ta’minlash;
rekreativ-dam olish, bo‘sh vaqtni tashkil etish, oila a’zolarining salomatligi uchun qayg‘urish;
ma’naviy-oila a’zolarining ma’naviy dunyosini rivojlantirish;
ijtimoiy mavqe-oila a’zolari bilan o‘z ijtimoiy mavqeini saqlash;
psixoterapevtik-oila a’zolarini psixologik himoyalash va hissiy qo‘llab-quvvatlash.

Endilikda esa zamonaviy oila o‘zining asosiy vazifalarini yo‘qotmoqda, reproduktiv va psixoterapevtik vazifalari esa ancha zaiflashyapti. Ya’ni, reproduktiv vazifasi ota-onalik va er-xotinlikka qaratilyapti, xolos. Aksincha, ijtimoiy maqomga ega bo‘lish vazifasi kuchayib, zamonaviy ayol va erkak jamiyatda nufuzli ijtimoiy mavqega ega bo‘lish uchun tinmay harakat qilib, qulay ijtimoiy rollarni bajarmoqdalar. Bu jarayon ayniqsa, ayollarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatib, ijtimoiy pillapoyada ko‘tarilish, nikohda ham tenglikni talab qilishda namoyon bo‘layotir.

Manbalarda qayd etilishicha, xorijda ayollar karyerasi psixologiyasini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar bor-yo‘g‘i 30 yillik tarixga ega: xulosa esa quyidagicha:
ota-onasi bor oilalardagi ijtimoiy-madaniy va ijtimoiy-demografik xususiyatlar ayollarda karyerani rivojlantirishga yo‘nalganlikni targ‘ib qiladi;
karyerada muvaffaqiyatga erishgan ayollarning shaxs xususiyatlarida an’anaviy erkaklarga xos (faollik, maqsadga yo‘nalganlik, qat’iyatlilik, o‘ziga ishonch, qattiqqo‘llik, tajovuzkorlik, biznesga yo‘nalganlik) xususiyatlari mavjud bo‘ladi; an’anaviy “erkak” va “xotin-qizlar” kasbida muvaffaqiyatga erishgan ayollarning ijtimoiy xulq-atvori va shaxs xususiyatlarida tafovut bo‘ladi;
muvaffaqiyatli karyera ko‘p hollarda ayollar uchun “ish-oila” tizimida nizoni yuzaga keltirib, oilaviy munosabatlarda “disgarmoniya”ga sabab bo‘ladi;
karyeraga ega bo‘lish jarayoni esa ortiqcha emotsional yuk va ichki zo‘riqish bilan kechadi.

Masalan, tadqiqotlarda ishtirok etgan xotin - qizlarning 20,4 foizi “xotin-qizlar ishlashi va karyera qilishi shart”ligini ta’kidlashadi. Shuningdek, hayotidagi eng muhim qadriyatlari sifatida 42,1 foiz xotin-qizlar karyeraga ega bo‘lish, deb hisoblaydi.

Farzandi bor ayollarning bugungi kunda mehnatda bandligi o‘z o‘rnida farzandlarini tarbiyalash vazifasini yo‘qotilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Jamiyat rivojlanishining hozirgi bosqichida nikoh va oilaviy munosabatlarda ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Ya’ni, atipik oilaviy hayotni tashkil etish shakllari: nikohdan tashqari birgalikda yashash, “mehmon nikohlar”, oilaviy guruhlar bir jinsli juftliklarni yuzaga keltirdi. Fanda bu paradigma “oilaning institutsional inqirozi”, deb ataladi. O‘z navbatida bunday o‘zgarishlar ayolning oila va jamiyatdagi mavqeini o‘zgartirdi. Farzand ko‘rish qadriyatini ko‘plab shaxsiy ehtiyojlarni qondirishga qarama-qarshi qo‘ydi. Shu bois, ijtimoiy ahamiyatga ega qadriyatlar-qarindoshlik va ota-onalik sezilarli darajada pasaydi. Natijada jamiyatdagi ijtimoiy-psixologik muhit o‘zgardi, oilaning tayanchi bo‘lgan hayotning an’anaviy asoslari qulashiga sabab bo‘ldi. Eng yomoni, ayolning ona va erkakning ota sifatidagi ijtimoiy rollari sezilarli darajada qadrsizlana boshladi. Bundan tashqari, turmushga chiqmagan yoki karyeraga yo‘nalgan xotin-qizlarning oilaviy farovonlikni uydan tashqaridagi muvaffaqiyatga almashtirayotgani ham kuzatilmoqda. G‘arb olimlarining fikricha, oilaning metamorfozi o‘tgan asrning 70-yillarida boshlangan. Bunga asosiy sabab, oilaning bolaga qaratilgan modelidan voz kechilib, oilaviy hayot an’anaviy oilada bo‘lgani kabi asosiy e’tibor bolaga emas, balki nikohga qaratildi. Natijada ota-onalik munosabati ikkinchi darajaga tushib qoldi. Oqibatda farzand endi ajralishga, takroriy turmush qurishga to‘sqinlik qilmay qo‘ydi. Oilada ota-onalardan biri o‘gay bo‘lgan oilada tarbiyalangan farzandlar esa bunday oila modelini real me’yor sifatida qabul qila boshladilar.

Zamonaviy oilalarda bola uchun enaga yollash esa bolalarni oila a’zolaridan hissiy begonalashishiga olib kelmoqda. Natijada bolalarda bu dunyoda himoyalanmaganlik hissi paydo bo‘lyapti. Bu esa hayot yo‘lini tanlashda ojizlik, kasallanish, tajovuzkor bo‘lish, erta ulg‘ayishning salbiy ko‘rinishlariga yoki aksincha uzoq muddatli infantilizmga sabab bo‘lmoqda. Zamonaviy oila tarkibida erkaklarning asosiy “ta’minotchi” sifatida mutlaq ustunligi yo‘qoldi, ayol esa ko‘proq yoki erkak bilan teng pul topadigan bo‘ldi. Bu kabi oilalar egalitar (fransuzchadan “egalit”-“tenglik”) nomini oldi. Ko‘pgina oilalar esa faqat bolali ayollardangina iborat bo‘lib qoldi, erkaklar ular uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmay qo‘yyapti. Eng yomoni, bolalarni tarbiyalashda ishtirok etishga intilmay, hatto ular bilan muloqot qilishdan ham qocha boshladi. Aslida erning xotiniga uy yumushlarida, farzand tarbiyasida ko‘maklashishi bu oilaviy farovonlikning garovi sanaladi. Buni ko‘rib ulg‘aygan farzandlarda baxtni his qilish ancha yuqori bo‘lishi kuzatilgan. Oilada aynan ota farzandlarining tarbiya orqali xulq-atvor modelini o‘zlashtirishiga javobgardir. Mana bir misol: ayollardan turmush o‘rtog‘ining uy yumushlari va farzand tarbiyasiga yordamlashish uchun yetarli vaqt ajratadimi deb so‘ralganda, 25,5 foizi “ha, doimo”, 29,9 foizi “ba’zan, vaqti bo‘lganda”, 44,6 foizi “yo‘q”, deb javob bergan. Ko‘rinib turibdiki, respondentlarning deyarli 74,5 foizi turmush o‘rtog‘ining uy yumushlari va farzand tarbiyasida yordamlashishga yetarli vaqt ajratmasligini ta’kidlashgan. Bunga esa quyidagi omillar sabab sifatida ko‘rsatilgan: ko‘p ishlaganidan oilasiga vaqt ajratolmasligi yoki bolaligida o‘z otasining e’tiboridan mahrum bo‘lgani va kerakli xulq-atvor modelini o‘zlashtirmaganligi, yoxud o‘zining boquvchi vazifasiga ko‘proq e’tibor qaratayotgani.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi muammolarni oldini olish maqsadida otaning farzand tarbiyasidagi mas’ulligini oshirish, erkaklarning oiladan, bola tarbiyasidan uzoqlashishining oldini olish, “Otalar kuni”- ijtimoiy-siyosiy kun sifatida bayram qilinishini ta’minlash, ta’lim tashkilotlarida oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodiyoti va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari fanlarini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Shahnoza SULTONOVA,
partiya Markaziy kengashi mas’ul xodimi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 11-iyun sonidan olindi