655 13.06.2025
1997-yilda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilingan bo‘lib, unda asosan uzluksiz taʼlim sohasidagi qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berildi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa uzluksiz taʼlim bilan bir qatorda uzluksiz tarbiya tizimini shakllantirish, ularning o‘zaro uyg‘unligini taʼminlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Partiyamizning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida uzluksiz tarbiya konsepsiya loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan edi, bu o‘z navbatida hukumat tomonidan maʼqullangani va Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1059-sonli qarori qabul qilinishiga asos bo‘lgan. Partiya maqsadi hanuzgacha saqlanib qolgan va uzluksiz taʼlim bilan bir qatorda uzluksiz tarbiya tizimini shakllantirish hamda uzluksiz tarbiya va taʼlim uyg‘unligini taʼminlash biz uchun dolzarbligicha qolmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 75-yubiley sessiyasidagi nutqida har galgidek yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tganidan xabaringiz bor, albatta. Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, bugungi kunda dunyo aholisining 2 milliarddan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi, lekin hanuzgacha yoshlarga oid muammolarni samarali yechishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjat ishlab chiqilmagan. Bu borada yurtboshimiz aynan BMT Bosh assambleyasining 2017-yil 19-sentyabrdagi 72-sessiyasida ham ilgari surgan va “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyani qabul qilish taklifini bildirgan edilar.
Bu borada yurtimizda qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bir qator davlat idoralari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhi shakllantirilgan hamda Konvensiya loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga ham yuborilib, olingan taklif va tavsiyalar natijasida qayta tayyorlandi. Shu bilan birga, hujjat keng xalqaro muhokama uchun taqdim etildi.
Konvensiya loyihasining asosiy qoidalari va ahamiyatiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, unda sayyoramizning bugungi yosh avlod vakillari davlat va jamiyat aʼzolari tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ularning rivojlanishiga qaratilgan muhim resurslar ajratilishi, inson huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy infratuzilmasi yaratilishidan manfaatdor ekani qayd etilgan.
To‘g‘ri, bugun biz dunyo hamjamiyati oldida yetarli mavqe va hurmatga ega bo‘lib turganimiz rost, lekin yoshlarimiz buyuk kelajak uchun tayyormi?
Daraxt qanchalar baquvvat bo‘lmasin, ildizi mustahkam bo‘lmas ekan, galdagi shamol uni yiqitishi ehtimoldan xoli emas. Ildiz mustahkam bo‘lishi uchun esa, avvalo maʼnaviy, tarbiyaviy urug‘ni qadash va uni to‘g‘ri, milliy qadriyatlarga tayangan holda parvarishlash lozim. Demak, har bir ota-ona, o‘qituvchi, murabbiy, tarbiyachi va hakazo masʼullar yosh avlodning tarbiyasi, taʼlimi borasida so‘z borar ekan, o‘z masʼuliyatini hamda vazifasini teran anglab olishi talab etiladi. Odamlar ko‘pincha taʼlim bilan tarbiyani chalkashtirib yuboradilar, siz ikki va undan ortiq oliy maʼlumotga ega bo‘lishingiz mumkin, ammo bu sizni aqlli, tarbiyali qilib qo‘ymaydi.
Partiyamiz kelajak avlodni voyaga yetkazish yo‘lida aynan tarbiyani taʼlimdan oldinga qo‘ygani ham bejiz emas. Yaxshi tarbiya ko‘rgan insonning jamiyatga foydasi tegmay qolsa hamki, hech bo‘lmaganda zarari tegmas va undan hech kimga ozor yetmaydi. Buning aksini esa kim qanday tushinadi – o‘ziga ayon. Eng muhimi, butun boshli jamiyatni tanazzulga yetaklaydigan omillarni bugun oldi olinmasa, ertaga kech bo‘ladi. Chunki tarix takrorlanaveradi, toki undan o‘z vaqtida tegishli o‘rnak olinmasa.
Taʼkidlash lozim, partiyamiz avval boshdan kadrlar yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgarib surib, loyihalar ustida ishlab keladi. “Liderlar onlayn maktabi” loyihasi shular jumlasidan va mazkur loyihada jamiyatda o‘z o‘rniga ega, katta yutuqlarga erishgan va erishayotgan, tengdoshlariga haqiqiy o‘rnak bo‘la oladigan shaxslar bilan o‘zaro muloqotlar tashkillashtirilib kelinadi.
Darhaqiqat, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yoshlar siyosati, ularning kelajagi, tarbiya va taʼlim olish bo‘yicha ilgari surgan taklif hamda tashabbuslari nafaqat bugun, balki kelajakda ham o‘z samarasini bergan holda Yangi O‘zbekistonning ertangi egalarini tarbiyalash yo‘lida muhim dastak bo‘lishi shubhasiz.
Abror XUSAINOV,
Farg‘ona viloyat
Kengashi rais o‘rinbosari