531 13.06.2025
Joriy yilning 10-12-iyun kunlari poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Forumga 100 dan ziyod mamlakatdan 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 3 mingga yaqin xorijiy mehmon tashrif buyurdi.
Taʼkidlash lozim, bu yilgi tadbir yangi, kengaytirilgan shaklda o‘tkazildi. Uning doirasida ilk bor O‘zbekiston kompaniyalarining loyihalari va qo‘shma tashabbuslari namoyish etildi, ixtisoslashgan ko‘rgazma tashkil etildi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi — nafaqat iqtisodiy hamkorlik maydoni, balki dunyoda barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan siyosiy-iqtisodiy muloqotlar maskaniga aylandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutqlarida jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatni tahlil qilar ekan, investitsiyani faqat iqtisodiy o‘sish vositasi sifatida emas, balki tinchlik, barqaror taraqqiyot va umuminsoniy hamkorlikning garovi sifatida talqin qildi.
Shuningdek, Prezidentimiz nutqida quyidagi yo‘nalishlar ustuvor deb belgilandi: “yashil” energetika va barqaror rivojlanishga o‘tish, raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt salohiyatini kengaytirish, moliyaviy sektorni modernizatsiya qilish, texnologik minerallar asosida yangi sanoat zanjirini yaratish, transport, logistika va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish.
Partiyamiz nuqtai nazaridan, investitsiyalar – iqtisodiy o‘sish, yangi texnologiyalar va ish o‘rinlarini yaratish bilan birga, jamiyatda barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlovchi asosiy omillardandir. Shu bois, biz investitsion muhitni yaxshilash, huquqiy kafolatlarni mustahkamlash va xorijiy sarmoyadorlar uchun ishonchli sharoit yaratishni ustuvor vazifa sifatida ko‘ramiz.
Xulosa qilib aytganda, investitsiyalar davlatning iqtisodiy rivojlanishiga turtki bo‘lib, zamonaviy sohalarni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Forumda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar esa mamlakatning strategik taraqqiyot rejalarida muhim o‘rin tutadi.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
"Milliy tiklanish" partiyasi fraksiyasi a'zosi