657 14.06.2025
Yurtimizda “Yangi O‘zbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” degan tamoyil o‘zining amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda. Buning isbotini poytaxtimiz to‘rinchi bor Toshkent xalqaro investitsiya forumiga mezbonlik qilganidan ham ko‘rish mumkin.
Eng muhimi, xalqaro hamjamiyatning an’anaga aylangan forumga bo‘lgan qiziqishi ortayotganidir. 2022-yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda 56 davlatidan 1500 dan ortiq delegatlar ishtirok etgan bo‘lsa, to‘rtinchi forumda 100 ga yaqin davlatdan 7,5 mingdan ortiq delegat, 3 ming nafar xorijiy mehmonlar qatnashdi. Albatta, bu raqamlar oddiy statistik ko‘rsatkichlar emas.
Ularning ortida Yangi O‘zbekistonning ortga qaytmas qat’iy siyosatiga bo‘lgan ishonch, mamlakatimizda kafolatlangan barqarorlikning qaror topgani, inson qadri ustuvorlik kasb etganiga bo‘lgan hurmat, yurtimizning do‘stona va tinchliksevar tashqi siyosati, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan chinakam hamkorlikning ifodasidir.
So‘nggi yillarda dunyo notinch bo‘lib borayotgani, global xavfsizlik va barqarorlikka bo‘lgan tahdid tobora jiddiylashayotgani haqida bejiz ko‘p gapirilmayapti. Bunday holatlar, shubhasiz, dunyo iqtisodiyoti rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Davlatlar o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlik zanjirlarining uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Mana isboti: 2024-yilda global iqtisodiy o‘sish 3,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2,8 foiz bo‘lishi kutilyapti. Rivojlangan davlatlarda iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham keskin pasaygan.
Geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygani fonida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘tgan yili 2023-yilga nisbatan 6,5 foizga o‘sgani e’tiborga molik. Bu, shubhasiz, davlatimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan oqilona siyosat ifodasi, xalqimizning Yangi O‘zbekiston islohotlariga bo‘lgan ishonchi namunasidir. Keyingi yillarda rivojlangan davlatlarning yuqori martabali mulozimlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes olamining yirik namoyandalarining O‘zbekistonga serqatnov bo‘lib qolganining sababi ham shunda.
Shu jihatdan to‘rinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi kutilganidan ham samarali bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev forumdagi nutqida nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki dunyo iqtisodiyoti rivoji, barqaror tinchlikning qaror topishiga xizmat qiladigan muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdiki, ular ishtirokchilar tomonidan ham bir ovozdan ma’qullandi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, investitsiyalar — faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir! Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!
Zero, biz uchun investitsiya — faqatgina moliyaviy manba emas. Bu — texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir. O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi