610 17.06.2025
Maʼlumki, har qanday taraqqiyot va farovonlik inson kapitaliga bog‘liq. Inson kapitali esa, avvalo, taʼlim-tarbiya orqali shakllanadi. Shunday ekan, bu ikki omilni millat kelajagining asosi, deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek: “Tarbiya ko‘rmagan inson qo‘lda sham yoqqan ko‘r odamga o‘xshaydi”.
Bu hikmatda katta maʼno bor, albatta. Chunki ilmni egallash qanchalik muhim bo‘lmasin, agar inson tarbiyasiz bo‘lsa, u bilimni to‘g‘ri yo‘naltirolmasligi mumkin. Shu sababli, ilm va tarbiya o‘zaro uyg‘unlikda, bir-birini to‘ldirib borishi shart.
Shuni alohida aytish kerakki, tarbiya avvalo oiladan boshlanadi. Oilada bolaga beriladigan mehr, eʼtibor, odob-axloq uning kelajakdagi shaxs sifatida shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lvadi. Maktab va jamiyatda davom etadigan tarbiya esa bolani masʼuliyat, vatanparvarlik, odob-axloq, mehnatsevarlik kabi fazilatlarga o‘rgatishi shart. Tarbiyalangan inson nafaqat bilimli, balki insoniylik jihatdan ham barkamol bo‘ladi.
Bugungi kunda taʼlim sohasidagi yutuqlar – mamlakatning global raqobatbardoshligini belgilaydi. Zamonaviy taʼlim tizimi faqat dars berish bilan cheklanmay, o‘quvchining erkin fikrlash, muammoni yechish, ijodiy yondashuv kabi ko‘nikmalarini rivojlantirishi zarur. Shu munosabat bilan yurtimizda taʼlimga oid qator muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Maktablar zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlanmoqda, yangi o‘quv dasturlari va metodikalar joriy etilyapti. Bolalarga yangi fanlar – robototexnika, axborot texnologiyalari, chet tili, tadbirkorlik asoslari kabi bilimlar o‘rgatilmoqda. Bu esa kelajakda intellektual salohiyatli avlodni tayyorlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim masala bu – taʼlim va tarbiya jarayonida eng asosiy shaxs – bu muallimdir. Uning bilimi, dunyoqarashi, insonlarga munosabati va masʼuliyat hissi o‘quvchilarga bevosita taʼsir ko‘rsatadi. Shu boisdan ham yurtimizda o‘qituvchilarning obro‘-eʼtiborini oshirish, ularning mehnatiga munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha davlat tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, taʼlim va tarbiya – bir-biriga uzviy bog‘liq, birini ikkinchisiz tasavvur etib bo‘lmaydigan jarayondir. Yosh avlodga berilgan har bir bilim, o‘rgatilgan har bir yaxshi odat – bu millat kelajagiga qo‘yilgan mustahkam qadamdir. Shu bois, har bir fuqaro, ayniqsa, pedagog va ota-onalar taʼlim-tarbiya masalasini hayotimizning eng muhim vazifasi sifatida qabul qilishi lozim.
Shahlo TOLIPOVA