1150 18.06.2025
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi hamda Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini mustahkamlashda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu tadbirning o‘tkazilishiga “Milliy tiklanish” ham tashabbus ko‘rsatgani bejiz emas. Mahalla azaldan mehr-oqibat, maʼrifat va maʼnaviyat, tarbiya, milliy qadriyatlarni asrash maskani bo‘lib kelgan va bu kabi insonparvarlik g‘oyalari partiya qarashlari bilan hamohang.
Partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham mahallalar faoliyati bilan bog‘liq bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilganki, birin-ketin ularning ijrosi taʼminlanmoqda. Birgina misol: partiyaning mahalla oqsoqoli vakolatini besh yilga uzaytirish, ko‘pi bilan ikki marta saylanish tartibini joriy etish taklifi shu yilning fevralidan kuchga kirdi va yaqinda o‘tkazilgan mahalla raislari saylovi mazkur mezon asosida o‘tkazildi.
– Partiyamiz qadriyatlarga tayangan taraqqiyot g‘oyasini ilgari surishda albatta mahallaga tayanadi. Har bir insonning ongi-tafakkuri, milliy qadriyatlari, mezonlari bor va ularni taraqqiyotga xizmat qildirish uchun to‘g‘ri yo‘nalish berishimiz lozim. Bu jarayonda shubhasiz mahalla institutining o‘rni muhim sanaladi, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan Alisher Qodirov.
Yangi O‘zbekiston islohotlarida ham dunyoda o‘xshashi yo‘q tuzilmaning o‘rni oshib boryapti. Chunki mahalla xalqimiz farovonligi yo‘lida jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasida haqiqiy maʼnoda ko‘prikka aylanmoqda. So‘nggi yillarda mahallani eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish maqsadida yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ham davlatchiligimiz tarixida ilk bor “mahalla” tushunchasi kiritildi va mazkur tuzilmaning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi belgilandi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida esa mahalla rolini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Davra suhbatida mahallalarning haqiqiy maʼnoda mustaqilligini taʼminlash, mahallani xalq bilan davlat o‘rtasida ishonchli ko‘prikka aylantirish, to‘y va marosimlarni ixchamlashtirishda Xalq vakillarining o‘rni, moliyaviy mustaqilligi va bu boradagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Deputatlar saylov okruglarida o‘z faoliyatini olib borishda mahalla bilan yaqindan hamkorlik qilishi lozimligi taʼkidlandi. Mahalla byudjet tizimidagi olib borilayotgan ishlarni takomillashtirish, aholi talabidan kelib chiqqan holda mahallani muammolarni mustaqil hal etadigan tizimga aylantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Taklif va tashabbuslar ilgari surildi.