Endi eskicha ishlab bo‘lmasligi, mutasaddilarning ana shu talabni his etishlari shartligi qat’iy belgilandi


1016     19.06.2025

Prezidentimiz raisligida o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar nihoyatda hayotiyligi bilan ham biron-bir yurtdoshimizni befarq qoldirmadi.

Garchi, keyingi 7 yillikda Yangi O‘zbekiston islohotlarining natijalari nufuzli xalqaro tashkilotlar, davlat arboblari hamda taniqli siyosatshunoslar tomonidan e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, Davlatimiz rahbari tomonidan asosiy ishlar hali oldinda ekani bejiz ta’kidlanmayapti.

Masalan, yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro investitsiya forumi”da 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolangani O‘zbekistonning bu sohada ham jozibadorligi oshib borayotganini ko‘rsatdi. Iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlarimiz ham jahonning 27 ta halqaro reyting tashkilotlari indikatorlarida yildan-yilga yaxshilanib boryapti.

Birgina madaniyat va san’at sohasini isloh qilish maqsadida 2017-2025 yillarda 160 dan ortiq Prezident farmon va qarorlari qabul qilindiki, bu milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, nodir madaniyat va san’atimizni rivojlantirish, soha vakillarini tizimli tarzda qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini bermoqda.

Yig‘ilishda shu yilning 5 oyi davomida sanoat 6.4 foizga o‘sib, 375 trillion so‘mni tashkil etgani, eksport hajmi 18 foizga oshganidan tortib, yangi uy-joylar va zamonaviy yo‘llar qurilishigacha muhokama qilinib, aholini o‘ylantirayotgan eng oddiy muammolargacha tahlil qilindi va yechimlari ko‘rsatib berildi. Shuningdek, tahlillarga asoslanib, fuqarolarni rozi qilishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganiga keskin munosabat ham bildirildi. Xususan, Prezidentimiz tomonidan aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish rahbarlarning hamda tegishli idoralarning asosiy vazifasi bo‘lgani holda, oxirgi paytlarda ayrim tuzilmalar, xususan, Xalq qabulxonalari aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga, murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi vositachiga aylanib qolganiga e’tibor qaratildi. Yurtboshimiz ana shunday loqaydliklarga to‘xtalib, «Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat, - deya ta’kidladilar.

Ayni paytda Madaniyat vazirligi tasarrufida 1 ta agentlik, 7 ta markaz, 5 ta san’at saroyi, 2 ta direksiya, 41 ta davlat teatri, 8 ta OTM, 325 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 29 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasai, 837 ta madaniyat markazi, 147 ta maxsus ko‘zi ojizlar kutubxonasi, 3 ta kinoteatrdan iborat 1500 ga yaqin tashkilot va muasasalar bo‘lib, ularda 40 mingga yaqin kishi faoliyat yuritmoqdaki, yuqoridagi fikrlardan shaxsan o‘zim uchun tegishli xulosalar chiqardim.

Yig‘ilishda, bugungi globallashuv davrida har bir vazirlik, har bir viloyat, shahar va va tuman o‘zining uzoq muddatli dasturlari, strategik rejalarini ishlab chiqishi zarurligi ham bejiz ta’kidlanmadi. Zero, Prezident ta’biri bilan aytganda bugun aksariyat tarmoq tashkilotlari «kunlik topshiriqlar ijrosi bilan ovora, xolos». Bu esa uzoq muddatli strategik rejalarni amalga oshirishga salbiy ta’sir qilmoqda. Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda Prezidentimiz tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi, - dedilar.

Davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalishda muhim tashabbuslarni ham ilgari surdilar: endi tumanlarda yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgaradi, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar masalalari bo‘yicha 9 ta davlat idorasining tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi, hokim va uning o‘rinbosarlari samaradorlik ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi, aksi bo‘lsa, mablag‘ oshirilmaydi.

Bugun dunyoda qanday qaltis vaziyat bo‘lishiga qaramasdan biz o‘z tanlagan yo‘limizdan, o‘ziga xos boshqaruv tizimimizdan og‘ishmay harakat qilayotganimiz kelajak avlodning baxti va kamoloti uchun, albatta.

Bilamizki, globallashuv davrida milliy qadriyatlar, a’analar, butun boshli millat belgisi hisoblanmish ayrim tillarning yo‘qolib ketayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ammo Yangi O‘zbekistonda, aksincha, xalqimizning qadimiy ana’ana va urf-odatlarini kelajak avlodga yetkazishdek sharafli ishga shaxsan davlat rahbari yetakchilik qilayotgani bu xalqimizning baxtli xalq ekanini ko‘rsatadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Davlatimiz rahbari ko‘targan va chuqur tahlil qilingan masala va muammolar zamirida fuqarolarni rozi qilish maqsadi mujassam ekanini ta’kidlash joiz. Ammo bugungi vaziyat islohotlarni jadallashtirishni taqozo etyapti. Yig‘ilishda endi eskicha ishlab bo‘lmasligi, mutasaddilar, mas’ullaru, hokimlar ana shu talabni his etishlari shartligi qat’iy belgilandi. Bu talabga ko‘nmaganlar yoki imkoniyatdan foydalanmaganlar esa keskin ogohlantirildi va ular uchun nihoyatda qisqa muddat belgilandi.

 

Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, professor.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 18-iyun sonidan olindi