697 20.06.2025
Mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish va yoshlarni mutolaaga keng jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas.
Chunki kitob insonning dunyoqarashini kengaytiradi, saviyasini har tomonlama yuksaltiradi. Zero, ko‘p o‘qigan insonning har sohada imkoniyati keng bo‘lishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Albatta, kitobxonlikni ommalashtirish uchun avvalo noshirlikni rivojlantirish, sohani isloh qilish, nashr etilayotgan adabiyotlarning huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablarga javob beradigan tarzda chop etilishiga ham katta e’tibor qaratmoq lozim. Shundan kelib chiqib, bu borada qator hujjatlar ham qabul qilindi. 2021-yilda yangi tahrirda qabul qilingan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun soha rivoji uchun muhim masalalarni belgilab berdi.
Natijada so‘nggi to‘rt yilda ushbu yo‘nalishdagi faoliyat tubdan o‘zgardi. Nashriyotlar soni 3,5 barobarga ko‘payib, 590 taga yetdi va ayni kunda ularning 90 foizini xususiy nashriyotlar tashkil etadi.
Ishlab chiqarish quvvati ham 2 barobarga oshib, har yili o‘rtacha 11 ming nomdagi jami 40 mln nusxada turli adabiyotlar nashr etilmoqda. Sohaga 25 mln dollar miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritildi.
Bu yo‘nalishda yangicha ijtimoiy munosabatlar paydo bo‘layotganidan kelib chiqib, deputatlar, aynan «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasi, mutaxassislar tomonidan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning ijrosi o‘rganilganda uning ayrim moddalarini takomillashtirish, yangi normalar kiritish zarurati vujudga kelganligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, amaldagi qonunda nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomi, talablar va mas’uliyatiga oid qat’iy normalar belgilanmagani bois, kitoblarni qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid ma’lumotlar bilan nashr etish holatlari ko‘paygan. Masalan, 124 ta holatda bolalarning yosh xususiyatlariga mos kelmaydigan va ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan jumlalar qo‘llanilgan. Misol uchun: o‘zbek xalq ertaklari turkumidagi «Hunarli xor bo‘lmas» kitobi sahifalarida 153 bora o‘lim bilan bog‘liq holatlar ifodalangan. Yoki bolalar uchun chop etilgan «Hunarning xosiyati» kitobida bosh qahramon o‘z do‘stining turmush o‘rtog‘iga ko‘z olaytirishi, ayol ham erining do‘stiga qiziqishi holatiga alohida urg‘u berilgan. Shuningdek, chop etilayotgan kitoblarning aksariyati amaldagi davlat standartlariga mos kelmasligi, ko‘plab imloviy xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, o‘zbek adabiy tilining qoida va me’yorlariga amal qilmaslik holatlari ham ko‘paygan. Bugungi kunda sohada 3 ming nafarga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Lekin qonunchilikda ularning kasb etikasi qoidalariga oid normalar belgilanmagan. Asoslanmagan tarixiy faktlarni keltirish, tibbiyotga oid kitoblarda noto‘g‘ri ma’lumotlarni berish oddiy holga aylandi. Hatto bugungi kunda mavjud bo‘lgan 590 ta nashriyotning 248 tasida bosh muharrir lavozimi yo‘q va bu ham kitoblarning yuqoridagi kabi kamchiliklar bilan chop etilishiga sabab bo‘lmoqda.
«Milliy tiklanish» fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida aynan shu va shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, kitobxonlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilinib, bir ovozdan ma’qullandi. Loyiha bilan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda: Bosh muharrirning huquqiy maqomi va unga qo‘yiladigan talablar, kasb etikasi qoidalari belgilanmoqda. Tarixiy faktlar va tibbiyotga oid hamda bolalarga mo‘ljallangan qo‘lyozmalarga tegishli sohadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari yoki olimlar taqrizlarini muallifdan so‘rash mumkinligiga oid norma taklif qilinyapti. Nashriyot tomonidan kitobning tahrir qilinishi, muqova, dizayn, shrift, illustratsiya va grafika orqali sahifalanishi uchun mualliflik huquqi belgilanyapti.
Loyihaga «Milliy tiklanish» partiyasining saylovoldi dasturida uzoq yillardan buyon ilgari surib kelinayotgan taklif - kitobxonlarni rag'batlantirish bilan bog‘liq norma ham kiritilmoqda. Ya’ni, kitobdan Qo‘shimcha qiymat solig‘i(QQS) ni olib tashlab, uni «keshbek» sifatida kitob sotib olganlar «cho‘ntagiga» qaytarib berish taklif qilinyapti.
Ma’lumki, aksariyat rivojlangan davlatlarda kitob ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan mulk hisoblanadi. Shu sababli, kitobdan QQS olinmaydi yoki juda kam miqdorda belgilangan. Masalan, dunyodagi 40 dan ortiq mamlakatda kitob sotuvidan QQS olinmaydi. 30 dan ortiq davlatda esa pasaytirilgan QQS amal qiladi. Xalqaro nashriyotlar uyushmasi esa barcha davlatlarni ta’lim va madaniyatni rivojlantirish, kitobxonlikni ommalashtirish, savodxonlik darajasini yanada oshirish uchun kitobdan, shu jumladan, elektron kitoblar uchun ham QQSni bekor qilishga chaqirib keladi.
Deputat Zuhra Mirg‘oziyevaning ta’kidlashicha, «Milliy tik- lanish» fraksiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi noshirlik faoliyati vakillari bilan birgalikda keng muhokama qilindi, ularning takliflari ham inobatga olindi. Shu bilan birga Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Xitoy va Braziliya tajribasi ham atroflicha o‘rganildi.
Deputat Go‘zal Samiyeva qonun loyihasiga munosabat bildirib, kitobxonlarni rag‘batlantirish bo‘yicha kiritilayotgan taklif albatta yurtimizda mutolaa madaniyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Jumladan, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5 yil muddatga ozod etilgani ham kitob narxining sezilarli darajada arzonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Fraksiya a’zosi Nodir Tilavoldiyev «Milliy tiklanish»ning saylovoldi dasturida kitobxonlik targ‘iboti bilan bog‘liq tashabbuslar ham o‘rin olganini ta’kidladi. - Shu bois, barchamiz qonun loyihasining ikkinchi o‘qish muhokamasida faol ishtirok etishimiz lozim, - dedi fraksiya rahbari o‘rinbosari.
Yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim jarimalarni ogohlantirish tarzidagi jazo bilan almashtirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan ushbu loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «ma’muriy ogohlantirish» instituti kiritilmoqda. Ya’ni, olti turdagi huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan haydovchilar jarimaga tortilmay, ogohlantiriladi. Ular kuyidagilar: transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlar, jumladan, kamar taqmaganlar, transportini texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlar, boshqaruv vaqtida telefon va monitordan foydalanganlar, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalari va majburiy sug‘urta qilish talablarini, shuningdek, piyodalar va yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidalarini buzganlardir. Ogohlantirish qoidalarini birinchi marta buzgan shaxslarga nisbatan bir yilda bir marotaba qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda avtomatlashtirilgan foto va video vositalari yordamida qayd etiladigan huquqbuzarliklar aniq sanab o‘tilmoqda. Ular kodeksning 13 ta moddasida nazarda tutilgan qoidabuzarliklardan iborat: xavfsizlik kamarini taqmaslik, davlat raqamini yechib olib avtomoshina boshqarish hamda tegishli bo‘lmagan raqamni taqib olish, transport vositalarini trotuarlar, velosiped yo‘lkalari, yashil maydonlarda yurgizish, telefondan foydalanish, tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi signaliga rioya qilmaslik, to‘xtash chizig‘ini bosish, maxsus transport vositalariga xalaqit berish, avariya holatini yuzaga keltirish, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqish, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish, avtobuslar uchun ajratilgan tasmada harakatlanish, quvib o‘tish qoidalarini buzish, yo‘l bezoriligi, guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish, temir yo‘ldan o‘tish qoidalarini buzish hamda transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning boshqarish. Asosiysi, endilikda xalq tili bilan aytganda «polosani bosganlik» holati kamera orqali qayd etilmaydi.
Qonun loyihasi bilan foto va video vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay, qaror ustidan shikoyat qilinganda esa bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi belgilanyapti. Jahongir Shirinov ushbu qonun loyhasini qo‘llab-quvvatlab, unda xalqimiz kutgan o‘zgarishlar aks etganini ta’kidladi.
- Eng asosiysi, ushbu loyiha ham «Milliy tiklanish» qarashlariga xos bo‘lgan g‘oyalar, ya’ni kechirimlilik siyosatimiz bilan hamohang, - dedi deputat.
Fraksiya yig‘ilishida migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilinib ma’qullandi.
Qonun loyihasi bilan Migratsiya agentligiga Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilyapti. Xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda. Ushbu agentliklarning litsenziya olish uchun zaxira qilinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdorini kamaytirish taklif etilyapti. Shuningdek, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchi yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinmoqda. Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi, fraksiya a’zosi Nazira Muxtorovaning ta’kidlashicha, ko‘zda tutilayotgan normalar xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish, migratsiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirgan holda mazkur sohaga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Ravshan MAHMUDOV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish”gazetasining 2025-yil 18-iyun sonidan olindi