Hayot faqat to‘yu tomoshadan iborat emas!


582     20.06.2025

To‘g‘ri, yaxshi maosh va qulay yashash sharoitlariga ega bo‘lganlar o‘z hollaridan mamnun. Ammo og‘ir sharoitlarda mehnat qilib, uyiga pul jo‘natayotganlar haqida bunday fikr bildirib bo‘lmaydi. Eng yomoni, uzoq vaqt qora ishlarda pul topayotgan vatandoshlarimiz uylariga sog‘liqlarida jiddiy muammolar bilan qaytishyapti.

Mehnat muhojirlari va ularning yengil bo‘lmagan hayoti haqida gap ketganida yuragimizga og‘riq beradigan bir ma’lumotni keltirishga majburmiz: 2024 yili xorijda 483 nafar millatdoshimiz turli holatlarda hayotdan ko‘z yumdi. Bu butun jamiyat va xalqimiz uchun katta qayg‘u, albatta.

Shu o‘rinda musofirlikning yagona sababi O‘zbekistonda ish yo‘qligi yoki katta daromadli ish o‘rinlari yaratilmayotganini ta’kidlash joiz. E’tibor bering: Rossiyada o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar natijasida migrantlarning 57 foizi uy, mashina olish uchun ishlayotganini bildirgan bo‘lsa, 22 foizi aynan to‘y qilib, qarzdor bo‘lib qolgani sabab xorijda ishlashga majburligini aytgan. So‘rovnomada hatto biron so‘z aytolmay yig‘laganlar ham borligi qayd etilgan... Bu har qanday yurakni ezadi, albatta.

Birgina hoyu havasni deb farzandini tug‘ilishidan tortib, tetapoya bo‘lgunicha, ilk so‘zlarini aytganini eshitmay musofirlikda umr kechirayotganlarga qarab turib, o‘ylanib qolasan: Nahotki, qo‘llari qavarib og‘ir ishlarda ishlasa-yu, yillab yiqqanini bitta to‘yga sarflasa... Shunga majburmi inson?

Axir shu pulni boshqa bir ish uchun sarmoya qilish ham mumkin ediku!

Shular haqida o‘ylarkanman, professor Sherzodxon Qudratxo‘janing o‘z ijtimoiy sahifasida yozib qoldirgan fikrlarini keltirish o‘rinli deb o‘yladim:

«Yaqinda bir video ko‘rdim.

Unda vatandoshlarimiz bo‘lmish samarqandliklar olis Amerikaga yo‘l olganlarida bir yigitni Meksika junglilarida yirtqich hayvonlar, yana birini esa zaharli ilon chaqib o‘ldiribdi. Yana birining esa xotinini mahalliy aborigenlar kuch bilan olib qolishibdi. Boshqasi timsoh to‘la daryodan o‘tayotib, kemasi bilan g‘arq bo‘libdi. O‘sha odam Samarqandning Siyob bozoridagi yaxshigina daromad beradigan do‘koni va yashab turgan uyini sotib Amerikaga yo‘l olgan ekan. Yana biri uy- joyi va 2000 dollar daromad keltiradigan biznesini sotib, Amerikaga ravona bo‘libdi. Biroq, na tilni bilarkan, na elni...

Kecha izohlar orasida bir gap e’tiborimni tortdi: ...Bolalarimizning o‘zga yurtlarda mardikor bo‘lib yurishiga - onalarning nafsi sabab bo‘lyapti. Otalarining orzu-havasi sabab bo‘lyapti! 5-6 ta bola tug‘dirib, ular maktabni bitirishi bilan: bor Rossiyaga, boshqa davlatga bor, ishla, pul topib kel! 500-1000 kishilik to‘y qilamiz! Irkutskda ishlaydigan qo‘shnimizdan sening nima kaming bor, deyishlari sabab bo‘lyapti...

Ba’zi onalarning nafsi shataloq otgani qanday oqibatlarga olib kelayotganini qarang? Samarqand to‘ylarida, fotiha deb atalmish hind rojalarining to‘ylaridan ham dabdabaliroq marosimlarni ko‘rib, doim hayratlanaman. Ertalabki ming- ming kishilik nahorgi oshlarni ko‘rib hayratlanaman. Nima deya olaman?! Isrofgarchilik va uvol... Uvol.

Menimcha, Amerika va Yaponiya boylari ham bunchalik hashamdor to‘y qilmasalar kerak. Ming afsuski, ming- minglab yigitlarimiz chek-chegarasi yo‘q orzu-havaslarni ro‘yobga chiqarish uchun eng navqiron yillarini o‘zga yurtlarda og‘ir yumushlarni bajarish bilan o‘tkazishyapti. Ko‘pchiligimiz esa eng zo‘r tomoshabinmiz... Topganing to‘ylarga buyursin, deb yana duo ham qilib qo‘yamiz...

Ba’zan yigit uylanadiyu, chillasi chiqmay turib, yosh kelinchakni qoldirib, o‘zi yana haqiqiy qullikka ketadi. Yillar o‘tadi, qizlar-o‘g‘illar otani ko‘rmay ulg‘ayadi. Ota tarbiyasini olmay...

Endi do‘stlar, bir sidra to‘ydik, boyidik, bo‘ldi! Balki o‘zimizga to‘xta, deyish vaqti kelgandir, bolaning soniga emas sifatiga, bilimiga, tarbiyasiga e’tibor berish vaqti kelgandir. Men o‘zbekman, o‘zimga bekman, deyishdan to‘xtash vaqti kelgandir?!

Qachon O‘zbekiston hech kimga qaram bo‘lmaydi? Qachonki u va uning aholisi huquqiy ongi baland, bilimli, madaniyatli bo‘lsa, shunda biz o‘zga davlatlarga mardikor emas, turist bo‘lib boramiz. Bugun butun dunyo bo‘yicha tug‘ilish ko‘rsatkichlari yildan-yilga kamayayotgan bir paytda, bizda yiliga tug‘ilish 1 mln kishini ko‘rsatmoqda. Bunday keskin ko‘payish Hindiston va Xitoyni birga hisoblaganda 3 milliardlik aholiga nisbatan proporsiyada ham yuqori ko‘rsatkich. Do‘stlar, oz bo‘lsin, soz bo‘lsin! Universitet rektori sifatida aytaman, men uchun yilning 12 oyi ichida eng azoblisi sentyabr oyi. Nega? Har yili universitetimizga mingdan ortiq yoshlar o‘qishga qabul qilinadi. Ularning ma’lum qismini talabalar turar joyiga joylashtiramiz, qolganlarini ijara xonadonlariga joylashishlari uchun yordam beramiz. Ular bilan 1 hafta - 10 kun dars o‘tmaymiz. Ular bilan suhbatlashamiz, muammo- masalalarini eshitamiz. Ya’ni, ularni hududga, muhitga moslashtiramiz. Baxtga qarshi, yoshlarimizning ko‘pi oddiy gigiyenaga rioya qilmaydilar. Hatto ayrimlariga hojatxonadan tartib bilan foydalanishni ham o‘rgatamiz. Chiqindini qayerga tashlashni ham... Chunki ertaga bolalarimiz notozalik paydo qilishganidan ko‘ra, uyat bo ‘Isada buni ularga o‘rgatganimiz ma’qul. Bunday ozodalik darslaridan keyin asosiy ta’limga o‘tamiz:

Qodiriyni bilasizmi deymiz? Eng kichik viloyatimiz qaysi deymiz? Ular javdiragan ko‘zlari bilan bizga qarab lom- lim deyishmaydi. Ota-onangiz o‘rgatmaganmi, desakyerga qarashadi. Ularga, hatto, salom berish odobini o‘rgatamiz. Endi yaxshi tarbiya olishganida esa o‘quv yurtni tamomlab ketishadi.

Shunda o‘ylab qolaman. Ana shunday bolalarning ota- onalari shu paytgacha nima bilan mashg‘ul bo‘lishgan ekan? Ba’zilar universitetga kelib, oilamda kontrakt asosida o‘qiydigan 3 nafar farzandim bor, yordam bering, deydi. Ularga davlat yordam beradi. Biz ham chetda qarab turmaymiz. Lekin nega ular farzandlar oralig‘ini rejalashtirishmagan!? Bu holat faqat bizda emas. Bu holat hamma oliy ta’lim muassasalarida kuzatiladi. Bu achchiq o‘ylar, lekin buni qachondir gapirishimiz kerak. Bizning onalar qo‘llarini mobil telefondan olib, bolalariga millat uchun Qodiriy kimligini, Alpomish kimligini, Barchinoy kimligini aytishi, allalarda kuylab berishlari kerak.

Otalar o‘zga yurtda «geroylik» qilmasdan, farzandlariga Manguberdi va Bobur kimligini gapirib berishlari kerak. Ana shunda biz hech kimga qaram bo‘lmaymiz.!

Bu quyoshli o‘lkamiz, baxtga qarshi, geosiyosiy jihatdan juda noqulay joyda joylashgani hammaga ma’ lum. Dengizga chiqish yo‘llarimiz yo‘q. Suv tanqisligi yildan-yilga ko‘proq bilinyapti. Keyingi yillarda esa chang-to‘zon ham ko‘tarilyapti. Yahudiy millatiga mansub odamlarning bir yaxshi odati bor. Har shanba kuni ular barcha dunyoviy, ijtimoiy ishlarini, masala- muammolarini chetga surib, gadjetlarni o‘chirib, tashqi olamdan bir kunga uzilib, oila davrasida o‘tirib gaplashishadi. Shunchaki, dildan, tabiiy, jonli suhbat qurishadi. Ota- ona farzandini eshitadi, uning rejalariga, maqsadlariga quloq soladi, tavsiya, yordamlar berishadi. Oilada ota-ona va farzand bir-birini eshitsa, tushunsa, shu jamiyat rivojlanadi, o‘sadi, yuksaladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolda tarixda birinchi marta shunday g‘alabaga erishib, mundialga chiqdi. Millat g‘ururi ko‘kka ko‘tarildi. Biz buni 112 yil kutgandik. 112 yil! Endi, og‘aynilar, g‘alaba qozondik, orzuni ro‘yobga chiqardik, baralla madh etib, bayram qilib nishonladik. Endi o‘yinni tugatib chiqyotganda shu stadionlarni ham toza-ozoda qilib, o‘zimizdan keyin tartibli qilib qoldiraylik. O‘zimizdan keyin tozalashni o‘rganaylik! O‘zbeklar butun dunyoga o‘zining tarbiyasi va odobi bilan ma’ lum va mashhur. Bu millatimizni brend qilish yo‘lidagi asosiy faktor! Nega odamlar tinimsiz va to‘xtovsiz Amerikaga oshiqadilar? Chunki Amerikada qonun ustuvor. Biz ham Yangi O‘zbekiston qurarkanmiz, qonun ustuvorligini ta’minlashimiz kerak. Qonun ustuvor bo‘lsa, baraka bo‘ladi. Bizda media va ommaviy axborot vositalarida ham, psixologlarimiz ham, ko‘p pedagog, motivatorlarimiz ham o‘zimizda boyishni ko‘p yo‘llarini o‘rgatishlari kerak. Biz g‘ururli millatmiz.

Do‘ppimiz yerga tushsa, pul berib oldirgan millatmiz. Lekin nafs quli bo‘lib qolmasligimiz kerak. Hatto ota-onalarimizning orzu-havaslari quli ham bo‘lmaylik. G‘ururumiz, orimiz, o‘zbekligimiz nafsimizdan baland tursin! O‘zbekistonda hech kim ochdan o‘lmagan. Qadr-qimmatimiz qandayligini Amir Temur bobomiz aytib ketgan. Dinimizni bilishni Buxoriy va Termiziy o‘rgatib ketgan. Hech qaysi arabdan kam joyimiz yo‘q. O‘zbekiston davlatchiligi tarixi Chin yo Rus imperiyalari tarixidan kam emas. Faqat buni biz bilmayapmiz, unutdik. Bugungi nurafshon kunimiz uchun Qodiriy-u Fitrat qoni bilan xun to‘lagan. Buniyam bilmayapmiz, afsuski. Ojizligimiz esa bid’at-xurofotda, kim o‘zarda... Bizni, afsuski, faqat oshga borish birlashtiradi. Bugun unikal davrda yashayapmiz. Butun dunyo bugun yana bir bor O‘zbek kelayotganiga guvoh bo‘lmoqda. Uyg‘onaylik, do‘stlar, endi!

Bu postimni ota-onalar ham, farzandlari ham o‘qishlarini tavsiya qilaman. Behbudiy bobomiz kuyunib o‘tdi, jadidlarimiz millat yuksalishining yagona yo‘li ilm ekanligini har so‘zida takrorlashdi. Ammo afsuski, biz hali-hanuz nafs balosini yengib o‘tolmadik. Bu masalada jar yoqasidamiz. Hatto maktabda ko‘pchilik o‘quvchi-qizlar qaysi oliygohda o‘qish haqida emas, mahrga nima so‘rashni muhokama qilishyapti. Yigitlarimiz biror hunar o‘rganish o‘rniga pasport olishlari bilanoq migrantlikni ixtiyor qilishyapti.

Nega? Chunki bu masalada ro‘yi- rost o‘rnak bo‘layotgan oilaning kattalari bor! Ularning farzandi kelajagi bilan bog‘liq rejasi bitta: Rossiyaga yoki Amerikaga borib ko‘proq pul ishlab kelib, hovli sotib olsa, mashina minsa, elu ovoza qilib to‘y qilsa...

Qiz farzandi bo‘lsa, ana shunday sharoiti bor yigitga uzatsa, tamom...

Qachon uyg‘onamiz axir...»


Mahbuba KARIMOVA tayyorladi.
“Milliy tiklanish”gazetasining 2025-yil 18-iyun sonidan olindi