633 20.06.2025
Dunyodagi geosiyosiy vaziyat keskinlashib, tinchlik va barqarorlikka bo‘lgan tahdid borgan sari kuchayayotgan bir davrda “Markaziy Osiyo — Xitoy” ikkinchi sammitining o‘tkazilgani va unda qo‘shni davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qat’iy ishonchning yanada mustahkamlanganini, shubhasiz, xalqaro siyosat sahnasidagi eng muhim voqelik sifatida baholasak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, bugun dunyoda yangidan yangi paydo bo‘layotgan ziddiyat o‘choqlarini kuzatsangiz, ular asosan qo‘shni yoki bir mintaqa davlatlari o‘rtasida kechayotganiga guvoh bo‘lasiz.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham sammitdagi nutqida bu haqida gapirib, barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq me’yorlari va BMT nizomi asosida faqat diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan — muzokaralar stolida hal etilishi shartligini ta’kidladi. Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasida Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning qabul qilinishini tarixiy voqea sifatida baholadi.
Sian shahrida bo‘lib o‘tgan ilk sammitdan so‘ng haqiqatan ham Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha yo‘nalishlarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Umumiy savdo aylanmasi o‘sib, joriy yilda bu ko‘rsatkich deyarli 100 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni esa 10 mingdan oshadi. Bu mintaqada o‘zaro ishonchga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik, sheriklik munosabatlarining qaror topgani va Xitoy rahbariyatining Markaziy Osiyo davlatlariga bo‘lgan do‘stona ishonchi namunasidir.
Sammitda davlatimiz rahbari tomonidan “Markaziy Osiyo — Xitoy” o‘rtasida barcha yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildiki, bu tadbir ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Ana shunday muhim takliflardan biri “Ipak yo‘li madaniy merosi” yagona raqamli portalini yaratish taklifi bo‘ldi.
Ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mintaqa davlatlari hamkorligi tarixiyligi bilan alohida ahamiyatga ega. Bugun ham xalqlarimiz bir-birining madaniyatini o‘zaro boyitish va yaqinlashishga bo‘lgan umumiy intilishga ega va bu madaniyatlar rang-barangligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Shu jihatdan, “Ipak yo‘li madaniy merosi” yagona raqamli portali Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini, ulardan tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ sanoat vakillarining foydalanishiga imkon bergan holda birlashtiradi. Chunki bugun davlatlarimiz o‘rtasida professional ta’lim sohasida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar rektorlari forumlarini o‘tkazish, ilmiy akademiyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari uchrashuvlarini tashkil etish orqali umumiy ilmiy-ta’lim platformalarini shakllantirishga katta ehtiyoj bor.
Navbatdagi “Markaziy Osiyo — Xitoy” sammiti ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga sodiqlik ruhida o‘tdi va bu shubhasiz, barcha yo‘nalishdagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi va ravnaqini ta’minlashga xizmat qiladi.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi