516 20.06.2025
1914-1916 yillarda 41 million pud paxta, 3 million puddan ortiq paxta yog‘i, 200 ming pud sovun, 300 ming pud go'sht, 474 ming pud baliq, 70 ming ot, 12797 tuya, 270 arava, 1344 o'tov, ko‘p miqdorda quruq mevalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari Rossiyaga jo'natilgan edi. Shuningdek, 1914-yilda Yettisuv viloyatidan 34 million so'mlik yirik va mayda qoramol, 1915-yilda Sirdaryo hamda Yettisuv viloyatlaridan bir million bosh qo‘y olib ketilgan.
«Salom, ayting» she’ri asosida kuylangan qo‘shiq ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingach, aksariyat yurtdoshlarimiz buni xalq og‘zaki ijodi mahsuli deb, boshqalar esa Hamza Hakimzoda Niyoziy qalamiga mansub, u hatto shoirning she’riy to‘plamiga kirgan degan mulohazalarni bildirishdi. Qo‘shiq matnini o‘rganish jarayonida ushbu she’r 1916-yili Rossiyaning Sizran o‘rmonlarida qarag‘ay kesib, mardikorlik qilgan andijonlik shoir Xudoyberdi Qoraboyevga tegishli ekanini aniqladik. Xudoyberdi shoirning she’rlari Odiljon Egamberdiyev tomonidan «Men qushimni g‘ozga solsam» degan kitobda jamlanib, 1980 yilda chop etilgan ekan. Kitobga folklorshunos olim, akademik To‘ra Mirzayev taqriz yozgan. To‘plamga shuncha paytdan beri xalq og‘zaki ijodining mahsuli deb kelingan «Saidahmad, toming baland», «Qarg‘alar uchsa qaraylik, Marg‘ilonning yo‘liga», «Poyezdingni jildirgan, o‘txonasi bilan do‘ngalagi» singari she’rlar ham kirgan. Biroq tarixshunos olim Hamid Ziyoyev «Sharq yulduzi» jurnalining 1992-yil, 3-sonida e’lon qilingan «To‘fon» nomli maqolasida bu misralar 1946-yili folklorshunos Mansurxon Afzalov jizzaxlik Qurbonboy Ochildiyev, Qurbon Ali Mo‘minovdan yozib olinganligini bildiradi. Bunday bo‘lishi, tabiiy. Chunki Xudoyberdi shoirning she’rlari xalq orasida juda keng tarqalib, xalq og‘zaki ijodi mahsuliga aylanib ketgan. She’r- lar Odiljon Egamberdiyevning sa’y-harakati bilan Farg‘ona vodiysining shahar, qishloq aholisidan, Qirg‘izistonning Farg‘ona viloyatiga yaqin bo‘lgan qishloqdagi odamlardan, Tojikistonning Dushanbe (hozirgi Xo‘jand) viloyatidagi kishilardan, Surxondaryoning Vaxshivor, Yurchi, Xonjiza qishloq aholisi tilidan yozib olingan, topilgan qo‘lyozmalar, qo‘shiqlar esa nodir plastinka va turli xotiralar asosida tiklangan. Folklorshunos olim manbalarning ishonchliligini ta’minlash uchun Xudoyberdi shoirning opasi Qurbonoy opa, bastakorlar Sayfiddin Jalilov, Fattohxon Mamadaliyev, shoirlar Olimjon Xoldor, E’tibor Oxunova, Zohidjon Obidov, Ulfat, Vosit Sa’dulla, Gulchehra Jo‘rayeva; yozuvchilar Farid Usmon, Ne’mat Aminov, Hakim Nazir, Saida Zunnunova, navoiyshunos olim Boqir, jurnalistlar Temur Ubaydulla, Anvarxon Isroilovlar bilan maslahatlashgan, she’r matnini qiyoslab, shoirning she’rga solingan asl ohangini topishga harakat qilgan.
Xudoyberdi shoir aslida kim edi? Uni bunday she’rlar yozishga nima undagan?..
Xudoyberdi shoir (Xudoyberdi Qoraboyev - Xudoyberdi ko‘r) 1884-yilning mart oyida Andijon shahrining Soyguzar mahallasida karvonboshi oilasida tug‘ilgan. Oilaning o‘n birinchi farzandi bo‘lgan Xudoyberdining o‘n og‘a-opasi bo‘lgan. Otasi Qoravoy ayrisoqol (Qoravoy shoir) o‘qimishli, o‘rtahol savdogar bo‘lib, e’tiborli kishilardan edi. Onasi Baxtixon otin shoirtabiat ayol bo‘lib, mahallaning to‘y- marakasi usiz o‘tmagan.
Qoravoy ayrisoqol xonadonida ikkita bo‘z to‘qish do‘koni bo‘lib, qator ayvonlari musofirlar uchun karvonsaroy vazifasini o‘tagan. Ular hovlisida har zamonda o‘sha davrning shoir va olimlari yig‘ilib, fikr almashib turishgan. Xudoyberdi oilaning kenjatoyi bo‘lgani uchun ancha erka o‘sgan. Sho‘x, quvnoq, zehni o‘tkir bolakay onasi Baxtixon otin ertaklarini tinglar va birgalikda shunday qo‘shiq aytar ekan:
Osmondagi besh qarg‘a,
Beshalasi xesh qarg‘a.
Besh qarg‘ani so‘rasang,
Qilgan ishi hech qarg‘a.
Ushbu misralar keyinchalik Xudoyberdi shoirning Rossiyaning sovuq Sizran qarag‘ayzorida yozilgan ijtimoiy- siyosiy mavzudagi «Qarg‘alar» she’rining poydevori bo‘lib qoldi.
Bo‘lajak shoir ota va onasidan o‘qish va yozishni o‘rganadi. 1893 yilda Xudoyberdini mahalladagi eski maktabga o‘qishga berishadi. Bolakay sho‘x emasmi, maktabdagi ustozi Ko‘taram hoji Xudoyberdining to‘palonchiligi uchun oyog‘ini fallohga qisib, xivich bilan kaltaklatadi. Jazolash paytida xivichning bir uchi Xudoyberdining bir ko‘ziga tegib, ko‘zi ko‘r bo‘lib qoladi. Otasi maktab mudarrisining bu ishidan g‘azablanib, «tilidan mullo qilgin desam, ko‘zidan judo qildi» deb bolakayni maktabdan chiqarib oladi. Xudoyberdi onasi ko‘magida savodini chiqaradi, ilmini mustahkamlaydi va Soyguzardagi «Oftobachi» madrasasida tahsil ko‘radi. Shu bilan birga tog‘asi Ahmad hofiz (Ahmad bobodan) dutor chalish mashqini oladi. Vaqti bo‘lganida Andijon temir yo‘l stansiyasiga borib, rus va boshqa millat farzandlari bilan do‘stlashadi. Ulardan gitara, balalayka chalishni va rus tilini o‘rganadi. Xudoyberdining dunyoqarashi o‘zgarib, bid’at deb hisoblagan urf-odatlar va qoloq fikrli mahalliy boylarni hajv qilib, dutorida kuylay boshlaydi. Tez orada uning nomi el-yurt orasida mashhur bo‘ladi. Xudoyberdi shoir rus tilida kuylaganida mahalliy imomlar uni kofirga chiqarishadi.
1914-yilda boshlangan birinchi jahon urushi Rossiyadagi barcha millatu elatlarning boshiga ko‘pdan-ko‘p azob-uqubat va tashvish soldi. Xalq xo‘jaligining izdan chiqib ketishi mamlakatda ocharchilik va qashshoqlikni tobora kuchaytirib yubordi. Bu holat ayniqsa, Turkiston o‘lkasida yaqqol ko‘zga tashlandi. Chor hukumati va kapitalistlar urush ketayotganligini ro‘kach qilib, o‘lka aholisini yanada battar taladi, zulm ostiga oldi. Og‘ir iqtisodiy vaziyatga qaramay, chor hukumati Buxoro (Kogon-Qarshi- Termiz), Farg‘ona (Qo‘qon- Namangan-Andijon), Yettisuv (Aris-Burnas) temir yo‘llarini qurdi. Bundan maqsad o‘lkada yetishtiriladigan dehqonchilik mahsulotlari va tabiiy boyliklarni Rossiyaga ko‘proq olib ketish edi. 1914-1916 yillarda 41 million pud paxta, 3 million puddan ortiq paxta yog‘i, 200 ming pud sovun, 300 ming pud go‘sht, 474 ming pud baliq, 70 ming ot, 12797 tuya, 270 arava, 1344 o‘tov, ko‘p miqdorda quruq mevalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari Rossiyaga jo‘natilgan edi. Shuningdek, 1914-yilda Yettisuv viloyatidan 34 million so‘mlik yirik va mayda qoramol, 1915yilda Sirdaryo hamda Yettisuv viloyatlaridan bir million bosh qo‘y olib ketilgan. O‘lkada g‘alla yetishtirish va chorvachilik orqaga ketdi. Rossiyadan g‘alla keltirish ancha kamaydi. Natijada rus g‘allasiga umid bog‘lab nuqul paxta ekkan o‘zbek dehqoni juda qiyin ahvolga tushib qoldi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, gazlama, qurilish materiallarining narxi kun sayin oshib bordi. Masalan, gazlama narxi 300-400 foizga, kiyim-kechak narxi 200-300 foizga, qand narxi 250 foizga, poyabzallar narxi 300-400 foizga ko‘tarildi. Farg‘ona vodiysida ilgari 50 so‘m turadigan otning narxi 100-200 so‘mga, 5-9 so‘mlik qo‘ylar narxi 30-35 so‘mga oshdi. G‘alla va non narxi ham ko‘tarildi. Bular kamdek, chor hukumati har turli solig‘u majburiyatlarni ko‘paytirdi. Yer solig‘i 1914-yildagi 6859021 so‘mdan 1916-yilda 14311771 so‘mga yetdi. Bir pud paxta tolasiga 2 so‘m 50 tiyindan qo‘shimcha soliq olish joriy etildi.
1915-yilning 1-yanvaridan boshlab, tub aholidan harbiy xizmatni o‘tamaganliklari evaziga daromadlaridan qo‘shimcha 21 foiz harbiy soliq olish buyurildi. Urush tufayli paxtaning bozor narxi ko‘tarildi. Bundan paxtakorlar birmuncha foyda ko‘rishlari mumkin edi, lekin chor hukumati to‘qimachilik sanoati egalarining talabiga ko‘ra paxta savdosini nazorat ostiga olib, uning bozor bahosini 30-31 so‘mdan 24,05 so‘mga tushirdi. Bu hol dehqonlarga ziyon keltirgan bo‘lsa, kapitalistlarning cho‘ntagini to‘ldirdi. Masalan, birgina Tver to‘qimachilik sanoati 1913-1914 yillarda paxtaning eski narxidan 1893000 so‘m foyda ko‘rgan bo‘lsa, ularning keyingi 1915-1916 yillardagi daromadi 9931000 so‘mni tashkil etdi.
Dehqon ommasi banklar, firmalar va mahalliy sudxo‘rlardan olgan qarzlari orqasidan ham mushkul ahvolga tushib qolgan edilar. Paxtakorlarning ehtiyoj va talablarini amalga oshiruvchi, himoya qiluvchi birorta tashkilot yoki jamiyat yo‘q edi. Odatda, erta bahordayoq paxtakorlar ro‘zg‘orida oziq-ovqat, kiyim-kechak va mablag‘ga muhtojlik nihoyatda kuchayib, ularning yer haydash, urug‘lik sotib olish va ekish ishlariga hech vaqosi qolmas edi. Paytdan foydalanuvchi firmachilar banklardan pul olib, paxta tumanlarini kezib, paxtakorlar bilan qarzga pul berish xususida shartnomalar tuzardilar. Bu ishni amalga oshirishda mahalliy sharoitu urf- odatlarni yaxshi bilgan mahalliy ma’muriyat vakillari, dallollar, va aravakashlar vositachilik qilardilar. Har bir firma vakili avvalo viloyat hokimlari va oqsoqollarini o‘zlariga og‘dirish uchun quyuq ziyofatu sovg‘a uyushtirganlar. Firma hokim va oqsoqol bilan yaxshi munosabat o‘rnatishi hamono uning faoliyati uchun keng yo‘l ochilgan. Turkistonda bo‘lim oqsoqoliyu hokimi pixini yorgan odamlar bo‘lgan. Odatda, oqsoqol va hokimlikka boy kishilar saylangan, saylangunlaricha o‘n minglab so‘m sarflashdan-da toymagan, vaholanki, uning bir yillik maoshi 600 so‘mga to‘g‘ri kelgan. Lekin hokimlikni qo‘lga olishi bilan sarflangan pullarini aholidan ancha oshig‘i bilan qaytarib olgan. Bu xarajatlarni undirishning asosiy og‘irligi paxtakorlar zimmasiga tushgan. Shu ravishda mahalliy boylar ham mehnatkash omma ustidan qattiq zulm o‘rnatgan edi.
Xullas, og‘ir soliqlar, qarzdorlik va qahatchilik dehqonlarni bir parcha yeridan hamda mol- mulklaridan mahrum bo‘lishiga olib keldi. Natijada mardikorlar va chorikorlar soni ko‘payib ketdi. Urush bahonasi bilan tub aholi qattiq ta’qib va siquv ostiga olindi. O‘lkada vaziyat g‘oyat og‘irlashib, keskin tus oldi. Bundan cho‘chiy boshlagan chor hukumati zo‘r berib, tub aholini rus davlatiga nisbatan «sodiq» bo‘lishlikka chaqirar, «vatanparvarlik» tuyg‘ularini namoyish etishni talab etardi. Davlatga qarshi qilingan har qanday xatti-harakat darhol qo‘porib tashlanishi haqida mahalliy ma’muriyat ko‘rsatma olgan edi. Hatto machit- madrasalarda rus imperatoriga sog‘liq va uzoq umr tilagan holda «xutba» o‘qish buyurildi. Chor hukumati vakillariyu kapitalistlar mahalliy ma’muriyatga tayangan holda mehnatkash ommani mustamlakachilik va milliy zulm iskanjasida benihoya siqardiki, unga boshqa chidashning iloji bo‘lmay qoldi. 1916-yil 25-iyunda rus imperatori Nikolay II ning «Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi armiya rayonlarida harbiy inshootlar va shuningdek davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish» haqidagi farmoni yara ustiga chiqqan chipqon bo‘ldi. Bunga ko‘ra Turkiston o‘lkasidagi Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv va Kaspiyorti viloyatlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan kishilar mardikorlikka safarbar etilishi lozim edi. Farmon butun o‘lka aholisini larzaga soldi. Chunki mardikorlikka, asosan kambag‘allar olinishi kerak edi. Ular ketsa ayollar va farzandlar boquvchisiz qolib, halok bo‘lishlari muqarrar edi. Shunga qaramay chor hukumati vakillari podshoh farmoni darhol amalga oshirilishini talab qildi. Sabr-kosasi to‘lib-toshgan xalq ko‘tarildi.
Farmon ijrosiga zo‘ravonlik bilan kirishilgan birinchi kunlardanoq xalq unga qarshi keskin bosh ko‘tardi. 4-iyulda Xo‘jandda boshlanib, bir necha kun ichida butun o‘lkani qamrab olgan norozilik g‘alayonlari qisqa muddatda mustamlaka hukumatga qarshi ommaviy xalq qo‘zg‘olonlariga aylandi. Toshkent, Samarqand, Andijon, Namangan, Qo‘qon shaharlarida qo‘zg‘olonlar shu qadar ommaviy, umumxalq tusini oldiki, ayrim joylarda, masalan, Marg‘ilonda ularning ishtirokchilari 25 ming kishigacha borib yetdi. Ikki hafta ichida 150 ta aholi punktlarida xalq g‘alayonlari ko‘tarilib, politsiya va ma’muriyat bilan keskin va qonli to‘qnashuvlar bo‘ldi.
Qo‘zg‘olonlar mustamlaka hukumatni sarosimaga solib qo‘ydi. Turkistonda 18-iyul kuni harbiy holat e’lon qilindi. Turkistondan ajralib qolishdan xavfsirab, mustamlaka hukumat bor kuch va imkoniyatlarini ishga soldi. Rossiyadan va chegara hududlaridan ketma-ket harbiy kuchlar yetib kela boshladi. Xalq g‘alayonlari soat sayin keskinlasha boshlagach, vaziyatdan chiqish uchun 30 iyul kuni safarbarlikni 15-sentyabrga qadar kechiktirish haqida imperator farmoni e’lon qilindi. 23-avgustda esa safarbar qilinuvchilar soni 250 ming kishidan 200 ming kishiga kamaytirildi. Xalqni mahalliy amaldorlar va nufuzli kishilar qo‘llab-quvvatlashiga yo‘l bermaslik uchun ellikboshi, oqsoqol, qozilar, diniy ulamolar (imom, mullalar), mudarrislar va talabalar safarbarlikdan ozod qilindi.
Ayni paytda mustamlakachilar qo‘zg‘olonni vahshiyona bostirib, shafqatsiz o‘ch ola boshladi. Ayniqsa, Jizzax shahrida amalga oshirilgan vahshiyliklar, ommaviy qirg‘in katta talafotlarga olib keldi. Shu bilan birga, Turkiston ziyolilari o‘lkada sodir etilayotgan zo‘ravonlik va xunrezliklar haqida arz qilib, Peterburgdagi Davlat Dumasiga vakil jo‘natadi va bu holatga chek qo‘yishni talab qiladi. Mardikorlikka mahalliy aholining zo‘rlik bilan safarbar qilish haqidagi farmonning adolatsizligini ta’kidlab, bunday holatga chek qo‘yishni, ahvolni o‘rganish uchun komissiya yuborishni so‘rashadi.
Rossiya Davlat Dumasi tomonidan Turkistondagi ahvol bilan bevosita tanishish uchun deputatlardan iborat maxsus komissiya jo‘natiladi. Deputatlar 10 kun davomida Jizzax, Qo‘qon, Andijon, Samarqand kabi shaharlarda bo‘lib, Mustafo Cho‘qayev tarjimonligida mahalliy aholi bilan yuzma-yuz, ma’murlar va mirshablar ishtirokisiz suhbatlashdi. Xalq sodir bo‘lgan voqealarning sabablari, tafsilot va oqibatlari haqida ro‘yi-rost ko‘rsatma berdi.
Farmon ijrosi maqsadida mardikorlar ro‘yxatini tuzish jarayonida mustamlaka ma’murlarining poraxo‘rligi, ularning kissasiga pul solgan boylarning yosh o‘g‘illari «Keksa» degan bahona bilan frontdan ozod qilinib, 70 ga chiqqan kambag‘al mo‘ysafidlar 40 yoshli yigit sifatida safarbarlikka olingangani, boyning beshta o‘g‘li uyda qoldirilib, kambag‘alning yolg‘iz yoki kasalmand o‘g‘li, o‘g‘li bo‘lmasa eri ro‘yxatga tirkalgani, xalq g‘alayonlari o‘ta vahshiyona bostirilgani haqidagi ma’lumotlar deputatlarni junbushga keltirdi.
1916-yil 23-avgustida A. Kuropatkin mardikorlikka safarbar qilish tadbirlari haqida buyruq chiqardi. Unda mardikorlikka olinadigan odamlar soni quyidagicha taqsimlangan: Sirdaryo viloyati 60 ming, Samarqand viloyati 32407, Farg‘ona viloyati - 51233, Yettisuv viloyati 43000 va Kaspiy orti viloyati 13830 kishi belgilandi. Safarbarlik 1916-yil 18-sentyabridan to 1917-yil fevral burjua-demokratik inqilobi g‘alabasiga qadar davom etdi. P. Kovalyovning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mardikorlar Moskva, Peterburg, Ryazan, Tula, Oryol, Smolensk, Penza, Bryansk, Dvinsk, Nijniy Novgorod, Qozon, Samara, Perm, Yekaterinburg, Orenburg, Kiyev, Xarkov, Yekaterinoslav, Odessa, Zaporoje, Kerch Tbilisi, Botumi va boshqa joylarga jo‘natilgan.
Chor ma’muriyati belgilangan 200470 kishi o‘rniga 123 mingdan ortiq mardikorlarni safarbar qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ulardan 101600 kishi - Rossiyaning g‘arbiy qismiga, 4000 kishi - Sibirga, 7405 kishi Kavkazga yuborilgan. 10 mingdan ortiq kishi Turkiston o‘lkasida ishlatildi.
Ana shunday paytda Xudoyberdi shoir,
Kasofatu kulfatni,
Ochib keldi bu farmon.
Zulm, xo‘rlik, ofatni,
Sochib keldi bu farmon.
Sovrilgach, ko‘kka farmon
- Ketur dillardan armon,
-deya aholini farzandlarini mardikorlikka bermaslikka da'vat qiladi.
Paytdan foydalangan boylar Xudoyberdi shoirdan qutulmoqchi bo'ladilar. «Gunoh ustiga gunoh orttirgan» shoirni qo'shariqlik Ergashboyning o‘g‘li Otajon o'rniga mardikorlik ro‘yxatiga tirkashadi. Uni zo‘rlab vagonga olib chiqishadi.
Mardikorlar harbiy va sanoat korxonalarida, konlarda, temiryo‘llar qurilishida, o‘rmonlar va ayrim kapitalistlarning xo‘jaliklarida betinim ishlatildi. Ular ochlikdan, xo‘rlikdan, mashaqqatli mehnatdan ko‘p aziyat chekdilar. Ular orasida sovuq urushdan, turli kasalliklardan o‘lganlar va nogiron bo‘lib qolganlar bor edi. Mardikorlikka yollangan ajdodlarimiz hayotini Xudoyberdi shoir 1916-yilda yozgan she’rida shunday ifodalaydi:
Poyezdingni jildirgan,
O‘txonasi bilan do‘ngalagi,
Dvinskaga ketishdi Mard yigitning bir bo‘lagi.
Dvinskaga ketmas edi Mard yigitning bir bo‘lagi,
Dvinskaga ketkazgan,
Nikolay zolimning zambaragi.
Dvinskaga yo‘l bo‘lsin,
Qarag‘ayzoring kul bo‘lsin.
Yigitlarni qiynagan,
Nikolaying yo‘q bo‘lsin.
So‘k oshini ichmayman,
Etigimni yechmayman.
Qorda qarag‘ay kesganman,
Hech haqimdan kechmayman...
Bunday sharoitda Turkiston ma’rifatparvarlari uzoq sovuq yurtlarga noma’lum muddatga zo‘rlab olib ketilayotgan xalq azoblarini yengillatishga urinib, maxsus qo‘mitalar tuzdi. Bu qo‘mitalar faoliyati natijasida safarbar etilayotganlarga halol ovqat tayyorlash uchun oshpaz, ibodat uchun imom, maktublar yozish uchun mirzalar biriktirildi, issiq kiyimlar to‘plandi.
Safarbar etilganlarning juda ko‘pchiligi mehnatga yaroqsiz bo‘lsa-da, ular majburan jo‘natilgan edi. Ulardan eng og‘ir ishlarda, arzimagan haq evaziga foydalandilar. Rossiyaning qahraton qish iqlimida ust-boshi yupun, qorni och, sog‘lig‘i og‘irlashgan, oddiy haq-huquqdan mahrum mardikorlar og‘ir jismoniy mehnatdan, tibbiy yordam, zarur sharoit yo‘qligi tufayli yoppasiga kasallanib, ochlikdan, sovuqdan azob chekdi.
Ularning shikoyat va arz-dodlarga to‘la maktublarida qayd etishicha, «ishga olinganlarga qattiq turma rejimi o‘rnatilgan. Qarindoshlar bilan uchrashtirilmagan, arzimas gunoh uchun kaltaklangan, ular doimiy sur’atda soqchilar nazoratida bo‘lgan. Ishchilar hayot sharoitlari chidab bo‘lmas darajada og‘ir bo‘lib, ular zaxda, suvda turib ishlagan. Yotoqlar zaxligi bois, ishchilar surunkali og‘rib, bod (revmatizm) kabi kasalliklar bilan og‘ir xastalangan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan, charchash yoki betoblikdan hasrat qilganlar esa kaltaklanib, haqoratlanar, eng og‘ir jazo berilar edi».
Xudoyberdi shoir qahraton sovuq bo‘lgan Sizran qarag‘ayzorida yurtini sog‘inib yozgan «Qarg‘alar» she’rida shunday misralar bor:
Qarg‘alar turna emas, Parvozidan qishlar kelur.
Biz g‘arib surgun chekib, Barmog‘iga nishlar kelur.
Qarg‘alar uchsa qaraylik, Marg‘ilonning yo‘liga.
Iskobilu Gorchakova, (poyezd stansiyalarining nomi) deya
Andijonning yo‘liga!..
***
Singan bilan sozginam, Singani yo‘q irodam.
Hayallasam ozgina, Izlab kelar to‘rt odam.
1916-yilning erta kuzida kasalligi tufayli mardikorlikdan ozod bo‘lib, Andijonga qanot bog‘lagan chustlik Karim degan kishi orqali Xudoyberdi shoir oila a’zolariga berib yuborgan xat egasiga yetib bormaydi. Karim Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan 1929 yilning 3 yanvarida uchrashganida xatni unga beradi.
Folklorshunos olim Odiljon Ibragimovning yozishicha, «Xudoyberdi shoirning Sizran o‘lkasidan yuborgan xatining Hamza qo‘liga tushib qolishi voqeasi Qori Muiddinxon to‘ram Xo‘jaxon hofizning «Yodnomai Ahmadbobo-bulbuli az Andijon» xotira daftarining 8-betidan, she’r esa 16-betidan o‘zgartirish kiritilmay Xudoyberdi shoirning opasi Qurbon opa tomonidan ko‘chirilgan she’rlar majmuasiga kiritilgan».
1916-yil Penza viloyatida yozilgan «Salom ayting» she’rining to‘liq, o‘zgartirilmagan matni quyidagichadir.
SALOM AYTING
Og‘am, sog‘ borsangiz avval,
Otamlarga salom ayting.
Xatlabon ostona chiqqan,
Onamlarga salom ayting.
Salomim nomma-nom ayting:
Aka-opalarimga siz Sorabibi,
Bibisora, Boltavoy-yu Yo‘ldoshdir,
Anor otin, Kibriyolar,
Bir-biriga qo‘ldoshdir.
Mastura ham, To‘xta oxun,
Jononbuvini shod eting.
Ham opamu, ham ustozim,
Qurbonani ham yod eting.
Hammasi o‘n opa-og‘am,
Xushnavo Ahmad tog‘am,
Ro‘zi Muhammadga ham,
Shirin-shirin kalom ayting.
Komila, Mo‘mina, Saodatga,
Karim, Olim, Sharofatga,
Qo‘ni-qo‘shni, kichik-katta,
Jamiysiga salom ayting.
O‘ping peshonasin men-chun,
Jiyanlarga salom ayting.
Salomat deng, ota-onam,
Ko‘ngillarini qaqshatmang.
Judolikda kezar debon,
Onam ko‘zini yoshlatmang.
Onam bechoraga ayting,
G‘am bistarini tark etsin.
Otam dilini xush eting,
Shodlik bog‘ini ark etsin.
Eshitgan bo‘lsalar xo‘rlik,
Tamom bitgayki, deng, zo‘rlik,
Yaqin qoldi, ochilgay ko‘z,
Tamom bitgay chashm-ko‘rlik.
So‘rab qo‘ying, yo‘qlaganni,
Bitigimni tinglaganni.
Ahdingda tur, deya ayting,
Aybdor, so‘z o‘nglaganni.
Sihatligim so‘rashganda,
Qiziqishib o‘rashganda,
Sizni nogoh ko‘rishganda
Yuribdi, deng, omon-sog‘lar.
Kelib qolgay, deng, albatta,
To‘xtamayin bir bekatda,
Gurung qilarmiz ko‘katda,
Ochilganda gulu bog‘lar.
O‘zgarmadi, dengiz meni,
Uzib olgay tutsa neni.
Sog‘ qo‘ymagay kelsa, seni, (mahalliy boylardan Ergashboy nazarda tutilgan)
Qutilmaydi undan zog‘lar!
Tobim qochganligim aytmang,
Shirin so‘zni darig‘ tutmang,
Hovlimizni bosib o‘tmang,
Salomim nomma-nom ayting.
Og‘am, yetsang Andijonga,
Xudoyberdidan salom aytgil.
Xudoyberdi Qoraboyev Sizrandagi hayoti «hasbu hol»ini shunday tasvirlaydi:
Bizni to‘qqiz oy ishlatdi,
Sizran degan o‘rmonda.
Ketolmaymiz Andijon,
Bir chaqa yo‘q karmonda.
Rossiyadagi fuqarolik urushi,
Oktyabr inqilobi tufayli barcha mardikorlar o‘z vatanlariga qaytarilganida Xudoyberdi shoir ham Andijonga qaytadi. Sovet hukumatiga yon bosgani uchun Xudoyberdi Qoraboyev xalq orasida «bosmachilik harakati» deb atalgan harakat vakillari tomonidan 1919-yilda terak daraxtidan yasalgan xochga osilib, terisi shilib olinadi. Rafiqasi Asalxon va ikki yoshli o‘g‘li Mirolim zaharlab o‘ldiriladi, besh yoshli o‘g‘li Ibrohimjonni safdoshlari farzand sifatida voyaga yetkazishadi.
Xudoyberdi Qoraboyevning jasadi Andijon shahridagi o‘rtoqlik mozoriga ko‘miladi. 1967-yilda Andijon shahridagi ko‘chalarning biriga uning nomi berilgan edi.
«Salom ayting» qo‘shig‘i ilk marta Isroiljon Usmonov, Alijon Hasanov, Dadaxon Hasanov tomonidan tor bilan kuylangan. Qo‘shiq ayni paytda Abdulla Shomag‘rupov tomonidan sato orqali yangi uslub va yo‘nalishda o‘ziga xos yakka sozda ijro etilmoqda.
Maqsadimiz, qaysidir jihatdan xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan she’r muallifining hayoti va ijodi to‘g‘risida aniqlangan ma’lumotlarni xalqqa yetkazish edi. Ularni dalillar asosida izohlab ma’lumot berishga harakat qildik.
Nigora UMAROVA
“Milliy tiklanish”gazetasining 2025-yil 18-iyun sonidan olindi