Taraqqiyot yo‘lidagi qatʼiyat


826     20.06.2025

Yurtimizda xalqimiz manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar har bir hududda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi nafaqat voha hayotidagi o‘zgarishlar, balki butun mamlakat taraqqiyot yo‘lida qanday qatʼiyat bilan harakat qilayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari safar doirasida Qarshi shahridagi zamonaviy "Alp Texno Servis" zavodi faoliyati bilan tanishdi. Zavodda televizor va elektron platalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahsulotning 70 foizi eksport qilinadi. Eng muhimi, 200 nafardan ortiq yoshlar ish bilan taʼminlangan. Yakkabog‘ tumanida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bu nafaqat uy-joylar, balki zamonaviy shaharsozlikning namunasi hisoblanadi. 18 gektar maydonda 54 ta besh qavatli uy, 1400 xonadon, bolalar maydonchalari, dam olish joylari, “Eko-bozor” va boshqa ijtimoiy obektlar mavjud. Bunday massivlar nafaqat yashash joyi, balki jamiyatda o‘zgarishlar maydoni bo‘lib ham xizmat qilmoqda.

So‘nggi ikki yilda viloyatda 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik taʼmirlandi. Bu ishlar bugungi kunning eng katta muammolaridan biri – yo‘llar sifati va yondosh infratuzilmani tubdan isloh qilish yo‘lida qo‘yilgan dadil qadamlardir. Viloyatning eng chekka hududlarigacha yo‘l borishi – aholining harakati, iqtisodiy faoliyat, taʼlim va tibbiy xizmatlar uchun muhim imkoniyat demakdir.

Prezidentimiz taʼkidlanganidek, Qashqadaryo viloyatida turizm salohiyatini to‘liq ishga solish zarur. Shu sababli tog‘li hududlar – Miraki, Uloch, Polmon va boshqa go‘zal maskanlarda 240 gektar maydonda 117 ta loyiha amalga oshirildi. Ular orqali 1700 ta ish o‘rni yaratildi, yiliga 300 mingdan ortiq sayyoh qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda.

Taʼkidlash lozim, bugun qashqadaryoliklar o‘z hayotida o‘zgarishlarni sezmoqda. Ular davlat rahbarining tashrifini oddiy ko‘zdan kechirish emas, balki xalq bilan muloqot, hayot sifatini yaxshilashga bo‘lgan qatʼiy niyat deb bilmoqda.

Qashqadaryodagi bugungi o‘zgarishlar bu faqat bitta viloyatdagi ijobiy holat emas. Bu  O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, izchil, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan islohotlarning yorqin ifodasidir. Albatta, bu yo‘l og‘ir, biroq maqsad buyuk. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yuritilayotgan siyosat aynan shu buyuk maqsad – farovon, kuchli, zamonaviy va barqaror O‘zbekiston sari dadil odimlamoqda.

 

Baxtishod Rashidov,
partiya Markaziy kengashi mas'ul xodimi