Prezident tashrifi va hududiy islohotlar samarasi


963     20.06.2025

Mamlakatimizda har bir hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmush darajasini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini joylarda baholash, ularning hayotdagi aksini ko‘rish va odamlar fikrini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan hududlarga amaliy tashriflar tizimli ravishda uyushtirilmoqda.

Qashqadaryo viloyatiga bo‘lgan tashrif ham aynan shu maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning  doirasida Prezidentimiz viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat, amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar va ularning natijalari bilan bevosita tanishdi. Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, muammolar va takliflar eshitildi, aniq vazifalar belgilab olindi.

Bugun “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan g‘oya mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy mezoniga aylangan. Bu tamoyil asosida Qashqadaryoda ham aholining turmush sharoiti, daromadi va farovonligini yaxshilash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hudud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan dasturlar natijasida yurtdoshlarimiz uchun ish joylari yaratilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar daromadli kasblarga o‘qitilmoqda, tadbirkorlikka keng sharoit yaratilayapti. Buning isbotini viloyatda Birgina turizm yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘ramiz.

Maʼlumki, turizm – bu faqat sayyohlik emas, balki iqtisodiyot, bandlik, infratuzilma va xalq farovonligini qamrab oluvchi strategik sohaga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga, xususan Shahrisabz tumanidagi Miraki mahallasiga tashrifi bu sohada olib borilayotgan islohotlarning jonli ifodasidir.

Ilgari tashlandiq holda bo‘lgan, infratuzilmadan mahrum tabiiy go‘zal joylar bugun yaxlit va tizimli yondashuv natijasida xalqaro darajadagi turizm markaziga aylantirilmoqda. Bu, avvalo, davlat siyosatining amaliy natijasi, ikkinchidan, mahalliy aholi uchun bevosita ish o‘rni, barqaror daromad va zamonaviy turmush tarzi demakdir.

117 ta loyiha, 400 million dollarlik investitsiya, 1 700 ta yangi ish o‘rni – bu so‘z emas, real harakat va natijadir. Bu faqat Miraki emas, balki O‘zbekistondagi turizm rivojining yangi bosqichini anglatadi. “eko yo‘lak”, mehmonxonalar, xostellar, ko‘ngilochar hududlar va tabiat bilan uyg‘unlikda yaratilgan dam olish maskanlari nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi uchun ham sifatli vaqt o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.

Ayniqsa, Hisorak suv omboriga tutash hududdagi dor yo‘li va 2 700 metr balandlikdagi restoran – sayyohlik salohiyatidan oqilona foydalanish namunasidir. Bu nafaqat ehtiyoj, balki taassurot yaratadigan turizm, yaʼni tajribaga asoslangan sayyohlik turidir.

Ikki yarim million sayyoh va shundan yarim millionga yaqini Shahrisabzga kelgani – hududdagi salohiyat va imkoniyatning tasdig‘idir. Endi bu raqamlarni bir necha barobarga oshirish uchun muhit bor, infratuzilma bor, eng muhimi, siyosiy iroda va strategik qarash mavjud.

Shuning uchun bugungi jarayonlar bu tarixiy burilish. Turizm orqali iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, aholi hayotiga sifat kiritish va yurtimizni jahon xaritasida turistik brend sifatida namoyon etishga xizmat qilmoqda. Bu esa har birimiz uchun faxrli, masʼuliyatli va dolzarb vazifadir.

 

Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati