985 26.06.2025
Mo‘g‘ulistonning qalbi, uning madaniy va siyosiy markazi bo‘lgan Ulan-Batorga ilk bor qadam qo‘ygan zahotingiz, bu yerda zamonaviy hayot va tarix uyg‘unligini his etasiz. Tog‘lar bag‘rida joylashgan bu shahar, go‘yo o‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi ko‘prikdir. Shaharni aylanar ekansiz, bir tomonda osmono‘par binolar, ikkinchi tomonda esa tarixiy maskanlar va milliy kiyimdagi odamlarning tabassumli chehrasi sizni o‘ziga jalb etmasdan qolmaydi. Uning har bir go‘shasida bir tarix, yurt kishilarining nigohida o‘zimizning odamlardagi samimiylikni his etasiz. Xullas, bu yerlik aholidan aslo begonasiramaysiz!
Ulan-Bator faqat poytaxt emas - u Mo‘g‘ulistonning yuragi, zamonaviy siyosiy jarayonlar markazi, ilm va madaniyat maskani, shu bilan birga milliy qadriyatlar ramzi.
Xizmat safarimiz doirasida Ulan-Batorda tashkil etilgan har bir uchrashuvda Yangi O‘zbekiston islohotlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan hamkorlarni ko‘rish va ular bilan muloqotga kirishish delegatsiyamiz a’zolarida katta taassurot qoldirgandi. O‘shanda o‘ylagandim: nega Mo‘g‘uliston elchixonasi O‘zbekistonda yo‘q? 2024-yilda bu savolga javob topildi. Mo‘g‘uliston Toshkentda o‘z elchixonasini ochdi. Toshkent Ulan-Batorga va aksincha, Ulan-Bator bizga yaqinlashdi! Ushbu qaror zamirida strategik maqsadlar ham mujassam, albatta. Ya’ni, bu harakat o‘z navbatida Markaziy Osiyo bilan aloqalar Ulan Bator uchun O‘zbekiston orqali rivojlanishini anglatadi!
Iqtisodiy mantiq va geosiyosiy ehtiyoj O‘zbekistonning Mo‘g‘uliston bilan yaqinlashuvi faqat siyosiy emas, balki oqilona iqtisodiy mantiq bilan ham izohlanadi. Mamlakatlar o‘rtasida umumiy chegara yoki katta hajmdagi tovar ayirboshlash mavjud bo‘lmasligiga qaramasdan, rasmiy Toshkent uchun Mo‘g‘uliston — siyosiy neytrallik, xomashyo resurslari va logistik salohiyatning o‘ziga xos uyg‘unlashuvidir. Jahon miqyosidagi harbiy to‘qnashuvlar, sanksiyalar va an’anaviy transport yo‘laklaridagi muammolar keskinlashib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini hamda xalqaro bozorlarga chiqish yo‘llarini diversifikatsiya qilishga muhtoj. Bugungi murakkab kechayotgan geosiyosiy vaziyatlarda - global savdo yo‘nalishlarida keskin o‘zgarishlar kuzatilayotgan sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy pragmatizm, siyosiy neytrallikka tayangan barqaror hamkorlar tarmog‘ini shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yangi yondashuvda Mo‘g‘uliston O‘zbekiston uchun ishonchli, hech qanday bloklarga qo‘shilmagan, uzoq istiqbolda strategik ahamiyat kasb etadigan hamkor sifatida ajralib turibdi. Bugun bu aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
DAVLAT TASHRIFI VA HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
2024-yili Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekistonga davlat tashrifi va 14 ta hukumatlararo bitimning imzolanishi yuqoridagi fikrlarning isbotidir. XXI asrda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston munosabatlari nafaqat ikki tomonlama darajada, balki Yevroosiyo mintaqasidagi keng barqarorlik, hamkorlik va geosiyosiy muvozanat nuqtayi nazaridan ham muhimdir. Zero, O‘zbekiston diplomatik “radari”dan uzoqda bo‘lgan, biroq muhim ahamiyat kasb etayotgan Mo‘g‘uliston bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun Sharqiy Osiyoga yo‘l ochishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu hamkorlik Toshkentga Xitoy orqali an’anaviy, lekin siyosiy jihatdan murakkab va to‘siqlarga duch kelayotgan yo‘llardan chetlab o‘tib, yangi, barqaror, kamroq xatarli bo‘lgan transport yo‘nalishini ishga tushirish imkonini beradi. Xususan, “O‘zbekiston - Qirg‘iziston - Xitoy - Mo‘g‘uliston” yo‘nalishidagi tranzit tashuvlar amaliy jihatdan samarali va strategik jihatdan maqbul yo‘l hamdir. Bu yo‘nalish faqat logistika bilan cheklanib qolmay, Toshkent va Ulan-Bator o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo va avtoqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni keng qamrovli shaklga olib chiqish imkonini yaratmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tarshrifi doirasidagi muzokaralarda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar sifatida ekspertlarni keng jalb etgan holda samarali transport yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirishga kelishib olingani hamda joriy yilning kuzidan poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi nafaqat savdo aylanmasini oshirish, balki turizm, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida ham yaqinlashuvga xizmat qiladi.
O‘RXUNDAN TOSHKENTGACHA - MADANIYAT KO'PRIGI
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston geografik jihatdan bir-biridan ancha uzoqda joylashgan bo‘lsa-da, tarixan, madaniy va tamaddun rishtalari jihatidan juda yaqin xalqlardir. Ming yillar davomida ikki xalq Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasi, tarixiy shaxslar merosi orqali o‘zaro bog‘lanib ketgan.
Bu yerdan ko‘hna tilimiz tarixining bir qismi ham saqlanmoqda. Shu bois, bugun O‘zbek - Mo‘g‘ul tillari lug‘atini yaratish, tariximizga oid noyob manbalarni hamkorlikda, xolis va haqqoniy o‘rganish, Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar tarixining eng muhim va qadrli manbalaridan bo‘lgan O‘rxun Enasoy tosh bitiklari topilgan manzillarni turistik maskanga aylantirish istiqbollari haqidagi rejalarimiz amalga oshishidan umidimiz katta.
Xulosa qilib aytganda, yangi geoiqtisodiy paradigmada Mo‘g‘uliston - O‘zbekiston muloqoti ikki davlatning o‘zaro manfaatli hamkorlikka intilishi, strategik maqsadlar va iqtisodiy pragmatizmga asoslangan yondashuvi bu munosabatlarni barqaror va istiqbolli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Kelgusida bu munosabatlar nafaqat ikki davlat, balki butun Yevroosiyo makonidagi mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot uchun muhim o‘rin tutishi aniq. Eng muhimi esa bunday yondashuvlar ikki mamlakat maqsadlarini yaqinlashtiribgina qolmay, balki ularni global kuchlar ta’siridan mustaqil bo‘lishga intiluvchi hamkor davlatlarga aylantiradi.
Feruza MUHAMMEDJANOVA,
partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 25-iyun sonidan olindi