749 26.06.2025
Bugun joylardagi mahalliy Kengash deputatlarining barchasi ham samarali ishlayapti deb bo‘lmaydi. Buni shu kunlarda hududlarda o‘rganishlar olib borayotgan Qonunchilik palatasi deputatlarining oddiy muammolarga o‘ralashib qolayotganidan ham bilish mumkin. Masalan, Buxoroning Shofirkon tumanida bo‘lgan deputat Maxsud Muhammedovga “Do‘rmon” mahallasi aholisi serqatnov yo‘lga svetafor o‘rnatish masalasida murojaat qilgan.
To‘g‘ri, muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi. Deputat ushbu masalani tegishli idoralar masʼullarini chaqirib, joyida hal qildi ham. Lekin svetafor masalasi quyi palata deputati aralashuvi bilan hal qilinadigan masala emas aslida. Bu ishlar avvalo mahalliy Kengash deputatlari zimmasidagi masala. Yaʼni, mahalliy deputatlar aholi bilan tez-tez uchrashib, murojaatlariga quloq tutganida edi, odamlar “kattaroq” ishlarga qodir bo‘lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini intiq kutmagan bo‘lardi.