582 26.06.2025
Tibbiy xizmatda maishiy korrupsiya holatlari hamon uchrab turibdi. “Qo‘lhaqi” berish, bepul dori-darmonlar bilan taʼminlamaslik, ayrim shifokorlarning taʼmagirliklaridan odamlar hamon norozi.
Shu kunlarda Surxondaryoning Uzun tumanida o‘rganishlar olib borayotgan deputat Go‘zal Samiyevaning eʼtibori ham aynan ushbu masalalarga qaratildi. Jumladan, deputat mahalliy xalq vakillari hamrohligida tumandagi tibbiyot muassasalarida bo‘lib, korrupsiyaning oldini olish, maishiy korrupsiyaga barham berish va unga nisbatan murosasiz kurashish, bu borada qonunchilikda belgilangan choralar masalalarida shifokorlar, bemorlar va ularning yaqinlari bilan gaplashdi. Shuningdek, tibbiy xizmat sifatini oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rgandi.